Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sherzod Shermatov: «Hamma ish bilan juda band.... Kelajakni o‘ylashga esa vaqt yo‘q...»

Sherzod Shermatov: «Hamma ish bilan juda band.... Kelajakni o‘ylashga esa vaqt yo‘q...»

Foto: «Xabar.uz»

«Bugun Innovatsion rivojlanish strategiyasi loyihasini tayyorlashda ham innovatsion yondashuvni amalga oshirish maqsadida ko‘pchilik uchun yangi bo‘lgan forsayt metodikasidan foydalanib, turli xil ekspertlar, tadbirkorlar va davlat idoralari vakillari bilan muhokama tashkil etdik, — deb yozdi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Sherzod Shermatov «Facebook»dagi sahifasida. — Asosiy maqsad nomigagina hujjat tayyorlash emas, balki haqiqatda amalda foydasi tegadigan hujjatni ishlab chiqish. Shuning uchun ham O‘zbekistonning Global innovatsion indeksdagi o‘rniga bog‘liq asosiy muammolar va ularning kelgusida yechimlari qanday bo‘lishi mumkinligi haqida erkin fikr almashib oldik».

Sherzod Shermatov ushbu tadbirni tashkil etishda amaliy yordam bergan UNDP Uzbekistan vakolatxonasiga hamda Aziza Umarovaga minnatdorchilik bildirib o‘tgan. Uning qayd etishicha, tadbir davomida o‘zi uchun qiziq holatni qayd etgan. Aksariyat davlat idoralari vakillari kundalik ishlar bilan shunchalik bandki, ulardan «boshini ko‘tarib» mamlakatni rivojlantirish ssenariylarini ishlab chiqish va ularga qanday tayyorgarlik ko‘rish mumkin degan muhim masalalarga vaqt ajrata olishmaydi.

Foto: «Facebook» / Sherzod Shermatov

«Muammolar va kundalik vazifalar juda ko‘p. Lekin asosiy maqsad va prioritetlarni aniqlab olmasdan turib qanchalik harakat qilinmasin, qayerga yetib borish kerakligini, hattoki to‘g‘ri harakat qilinayotganini ham bilib bo‘lmaydi. Sobiq SSSRning rejali iqtisodiyoti haqida o‘ta salbiy xotira saqlanib qolgani sababli ko‘pchilikning hayolida rejalashtirish yomon tushuncha sifatida shakllanib qolgan. Biroq, istalgan rivojlangan davlatni yoki hozirgi vaqtda tez sur’atlarda rivojlanayotgan Xitoyni misol qilib olsak, ko‘pchilik olim va mutaxassislar 10-20 yillar va undan keyin mamlakatni kelajakda kutayotgan turli xil ssenariylarni o‘rganishini va ularga tayyorgarlik rejasini tuzayotganini kuzatishimiz mumkin. Shu sababli, u davlatlarda barcha davlat idoralari umumiy maqsadga qarab ishlaydi. Biron-bir katta favqulodda vaziyatlar yuz beradigan bo‘lsa, unday holatga tayyorlangan rejalari asosida uning oqibatlarini tezda bartaraf etishga kirishiladi», — deydi vazir o‘rinbosari.

Sherzod Shermatov yana bir salbiy kuzatishga to‘xtalib o‘tadi. Uning yozishicha, ba’zi davlat idoralari vakillari yillar davomida amalga oshirib kelgan ishini mutlaqo to‘g‘ri deb baholaydi, yangicha fikrlarga ularning birinchi reaksiyasi «chest mundira»ni himoya qilish va u fikrni inkor qilishdan iboratdir. Innovatsiya vaziri o‘rinbosari bunday vaziyatda qanchalik yangi g‘oyalarga boy hujjat tayyorlanmasin, vazirlik va idoralar bilan kelishuv jarayonida hujjat aynan shunday «ekspertlar» qo‘liga tushganda, undagi g‘oyalarning ko‘pchiligi inkor bo‘lib kesilib ketishi mumkinligidan xavotirini bayon qiladi.

Foto: «Facebook» / Sherzod Shermatov

«Prezidentimiz tomonidan kelajakni o‘ylab ish qilish muhimligi haqida bir necha bor ta’kidlanganligi va mamlakat rivojlanishi uchun eng asosiy prioritetlar qatorida iqtisodiyotning o‘sishi, ishchi o‘rinlarning yaratilishi, hamda eksport salohiyatini oshirish belgilangan ekan, mas’ul vazifalardagi davlat xizmatchilarining asosiy e’tiborini «tekuchka» va «kontrolka»larni yopishga emas, balki ushbu asosiy prioritetlar bo‘yicha nima ishlar qilinishi kerakligiga qaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Buning uchun markaziy «Think Tank» – «mozgovoy sentr» bo‘ladigan muassasalarning rolini va maqomini tubdan qayta ko‘rib chiqish yoki butunlay yangisini tuzish hamda iqtisodiyotimizning barcha jabhalariga tegishli bo‘lgan statistik ma’lumotlar yig‘ish va qayta ishlash tizimini ham takomillashtirish zarur bo‘ladi»,  — deya xulosa qiladi vazir o‘rinbosari.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring