Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Haqiqatni sog‘ingan millat. Yoxud diniy idoramiz qachon Prezidentga yordam bera boshlaydi?

Haqiqatni sog‘ingan millat. Yoxud diniy idoramiz qachon Prezidentga yordam bera boshlaydi?

Foto: «Azon.uz»

O‘zining ilk chiqishlaridan birida Prezident Shavkat Mirziyoyev ulamolar, diniy soha xodimlariga murojat etib «menga yordam beringlar, bir o‘zim eplolmayman» degan edi. Uning bu so‘zlari tagida yotgan ma’no ne edi va «yordam» deb nima nazarda tutilgan edi? Mazkur maqola shu haqda.

Tarixiy voqelik

Tarixiy voqelikning shohidi bo‘lib turibmiz.

O‘z davrida millatimiz yuksaklik ta’mini totdi, dunyoga ustozlik qildi, zaminimiz esa dunyoning ilmiy markaziga aylandi. So‘ng inqirozga yuz tutdi va millat osmonini paydar-pay kelgan qora bulutlar egallab oldi. Hozir esa biz bu qora bulutlar tarqalib, boshimiz uzra moviy osmon ko‘rinayotganining guvohi bo‘lib turibmiz.

Voqelikning tarixiyligi ijtimoiy yoxud iqtisodiy o‘zgarishlarda, qurilayotgan uylar yoki yo‘llarda emas, balki haq so‘zning aytilayotganida. Tarixiy bo‘lmay, qanday voqelik bo‘lsin bu?

Bu yangi voqelikning kelishi uchun biz hech ish qilganimiz yo‘q – o‘zi eshigimizni qoqdi va yaxshiliklari bilan kirib keldi. Ko‘pligi va mudhishligi ila bizni o‘z domiga tortib ketishiga bir bahya qolgan illatlar oshkor etilayotgani, miqyosi ulkanligidan esimizni ketkazib, ma’naviy irsiyatimizni-da buzishiga sal qolgan mantiqsizlik barham topa boshlagani, zulmat nur yog‘dusidan zarba yeb, chekina boshlagani Allohning bizga marhamatidir, boshqa narsa emas. 

Uzoq kutilgan rostgo‘ylik

Mamlakat Prezidenti har bir sohadan ongi eskirib qolgan, eskicha ishlaydigan, yolg‘ondan tap tortmaydigan, nuqul tinchini-yu issiq joyini o‘ylaydiganlarni olib tashlab, ularning o‘rniga yangicha – voqelikka mos fikrlaydigan, yurt ravnaqi uchun jonini jabborga beradigan va eng avvalo... rost gapiradiganlarni qo‘yishga bel bog‘ladi. Bu urinishning foydasi o‘laroq minglab emas, millionlab odamlarning hayoti yaxshilik tarafiga o‘zgarayotgani islohot, yangilanish, oshkoralik, rostgo‘ylik naqadar kerak ekanligining belgisidir. Kerak ekan bu narsalar, tamom vassalom!

Rost gapirishning foydasi o‘laroq keng ommaning zehniyatida ham ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rayapmiz – xalq go‘yo haqiqatni sog‘inib qolgandek tutayapti o‘zini. Guvohi bo‘layotganimiz diniy adabiyotlarning xaridorgirligi, Qur’oni karimni sotib olishga bo‘lgan ishtiyoq aynan o‘sha sog‘inchning, yig‘ilib qolgan tashnalikning, omma ongida bo‘layotgan o‘zgarishning nishonasi emasmi? Balki aynan rostgo‘ylik millatning tuzalishi, qaddini tiklashi yo‘lidagi eng muhim omildir? Balki rost so‘z o‘sha «sehrli kalit» bo‘lib, u ila yaxshiliklar omborining eshigi ochilsa? Balki haqgo‘ylik malhamdirki, u ila hatto eskirib qolgan dardlar davo topsa? 

«Moddiy emas, ma’naviy»

Yurtimizda bo‘layotgan islohot avvalo iqtisodiy yoxud ijtimoiy emas, balki ma’naviydir. Buni yaxshi anglamog‘imiz lozim. Zero, haqsizlikdan qurib-qaqrab qolgan qalblarga haq suvini quyishdan ko‘ra ulkan islohot yo‘qdir, bo‘lishi ham mumkin emas. Adolat va rostgo‘ylik jamiyatga qanday ta’sir etishining qiyosini ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, qishdan chiqqan yerni ustiga bahor yomg‘iri yoqqanda kuzating. Islohotni, rivojlanishni ko‘rasiz!

Bir zamonlar haqiqatga yuz tutish asnosida yuksak ma’naviy mevalar ta’mini bir bora totgan va uning ta’mi «og‘zida qolgan» millatga o‘sha bir bora totganini – haqiqat va adolatni, to‘g‘ri yo‘nalishni bering... Keyin natijani kuzating!.. Bu ishni eplasangiz misli ko‘rilmagan uyg‘onish(renessans)ning shohidi bo‘lasiz! Mamlakat Prezidenti anglab turgan mazkur haqiqatni boshqalar ham anglashi va... yordam berishi kerak.

Mamlakat Prezidentining urinishlari hozir hokimiyatlar, turli idora va tashkilotlarning faoliyatida mantiq va adolatni joriy qilishga qaratilgani holda mansabdorlarga qaratib «rost so‘zla!» degan talabi hamda «davlat xalqning xizmatkoridir» degan so‘zlari xalqning ongiga atalgan o‘ta muhim ma’naviy messej (maktub) bo‘ldi. Bu omma ongiga o‘tqazilgan o‘ta ijobiy, tezda unib chiqadigan ma’naviy urug‘dir. 

Mas’uliyati og‘ir soha

Ammo bir soha borki, u aynan o‘sha – jamiyat ichida rostgo‘ylikni qaror toptirishga bevosita mas’ul bo‘lgan sohadir. Ushbu sohaning konstruktiv faolligisiz mamlakatda olib borilayotgan ijobiy jarayonlar qanotsiz qush kabidir. Aynan shu sohaning jonbozligi bilan ko‘zlanayotgan barcha ijobiy o‘zgarishlar uchun eng muhim zamin – ma’naviy zamin yaratiladi. Bu soha – diniy tushunchalarni ommaga targ‘ib qilish sohasidir. O‘sha, bir paytlar ajdodlarimizni peshqadam qilgan ma’naviy platformaga millat o‘laroq qaytishimizga mas’ul bo‘lgan sohadir.

Ushbu soha egnidagi vazifalar o‘ta sharafli va o‘ta mas’uliyatlidir. Ushbu mas’uliyat hajmi yuzaga kelib turgan imkoniyatlar hajmiga teng bo‘lib, vazni esa bunday imkoniyatning balki ming yilda bir kelishidir. Buni tushunishimiz va Alloh taoloning oldidagi javobgarlikni to‘lin oydek ko‘z oldimizga keltirishimiz lozim. Mazkur sohada faoliyat yuritish malakasiga ega bo‘lgan har bir kishi bu mas’uliyat hazilakam emasligini, Alloh taolodan sinov ekanligini tushunmog‘i va barcha turdagi shaxsiy manfaatlarni chekkaga surib qo‘yib, xolis Basir – ko‘rib turuvchi zotning roziligini ko‘zlab harakat qilmog‘i kerak.

Yurtimizda yuz berayotgan ma’naviy jarayon nafaqat shu zamin uchun, balki xalqaro ahamiyat kasb etayotgani, o‘zga yurt va xalqlar uchun ham o‘rnak bo‘layotganini yaxshi anglamoq lozim.

Mas’uliyat og‘irligi tufayli hozir har bir kishi o‘z iste’dodini to‘g‘ri baholab, egallab turgan mavqeiga loyiq yoki loyiq emasligini mulohaza etmog‘i darkor. Umumiy jarayon keltirayotgan foydalar oldida shaxsiy manfaatlarni yuqori qo‘ymaslik imonning ayni taqozosi va savob manbaidir.

Mamlakat Prezidenti boshlagan islohotlar keng ko‘lam – mintaqa uchun ahamiyat kasb etayotganining shohidi bo‘lib turibmiz. Inchunun, islohot va uning ta’siri, shu jumladan, chor-atrofga ta’siri nisbiy ma’naviy emas, balki to‘laqonli – chuqur ma’naviy bazasiga ega bo‘lmog‘ini ta’minlash shu yurt farzandlari – ahli ma’rifatning vazifasidir.

Buning uchun vazifalar yetuk darajada, rostgo‘ylik, samimiyat, fidoyilik ila bajarilmog‘i lozim.

Islohot zarurati

Mamlakat Prezidenti amalga oshirayotgan oshkoralik, illatlarni ochib tashlash asnosida ularga birgalikda – ko‘pchilik bo‘lib yechim topish siyosatiga monand ravishda O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi ham isloh etilmog‘i, faoliyatida inqilobiy o‘zgarishlar qilinmog‘i kerak. Tuzalish gazak olib yotgan kamchiliklarni ochiqlashni taqozo qiladi, yashirishni emas. Mog‘or bosib qolgan, davr talablariga javob bermay qolgan diniy soha mamlakatda yuz berayotgan jarayonlarga hamohang ravishda o‘zgarmog‘i va ko‘zlangan maqsadlarga xizmat qilmog‘i lozim.

Mamlakat aholisining 95 foizi o‘zini musulmon hisoblasa-da, diniy savodxonlik darajasi o‘ta achinarli ahvolda va holatni johiliyat davriga qiyoslasa bo‘ladi.

Dinga aloqasi bo‘lmagan tushunchalar, e’tiqodlar, odatlar, udumlar, mantiqsizliklar xalqni tom ma’noda ma’nan tutqun qilib turibdi va aynan shu omil ko‘zlanayotgan keng qamrovli islohotlar samarasiga raxna solmoqda.

(davomi bor)

Muhammad Shakur

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring