Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ichki ishlar xodimini o‘ldirgan aka-ukalarga sud hukmi o‘qildi

Ichki ishlar xodimini o‘ldirgan aka-ukalarga sud hukmi o‘qildi

Foto: «uznews.uz»

Haddan tashqari ko‘p spirtli ichimlik iste’mol qilish insonni manqurtga aylantiradi, degan gap bejiz aytilmagan. Zotan, Izboskan tumani Chuvama mahallasida yashovchi fuqaro Abdusamat Jololov ham ichkilik tufayli bir necha daqiqa ichida juda ko‘p narsadan mahrum bo‘ldi, hayoti zahar-zaqqumga aylandi. Yanada ayanchlisi uning ichkilik oqibatida o‘ylamay qilgan xatti-harakati natijasida ukasi San’atbek va jiyani Zuhrobiddin ham hayotining ma’lum davrini qamoqda o‘tkazadigan bo‘ldi.

Endigina 31 yoshini qarshilagan, ikki farzandning otasi A.Jololov sinfdosh do‘stlari bilan bir do‘stining uyida to‘yib aroq ichishadi. Ziyofat tunggi soat birga qadar davom etdi. Ulfatlar yarim tunda baqir-chaqir bilan ko‘chaga chiqishdi. Uylariga tarqalish uchun mahalla guzariga kelishdi.

Shu payt jamoat tartibini saqlash maqsadida xizmat vazifasini bajarib yurgan Izboskan tuman ichki ishlar bo‘limi tezkor vakillari S.Yakubov va I.Haydarov kelib qoladi. Ular shovqin ko‘tarib, gaplashib turgan yigitlar oldiga kelib, kech bo‘lib qolgani, uy-uylariga tarqalishlari kerakligini aytadi. O‘ta mast bo‘lgan A.Jololov ichki ishlar bo‘limi xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, ularni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qiladi.

Guvohlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, orada janjal boshlangan. Ichki ishlar xodimlari telefon orqali hudud profilaktika inspektorini, A. Jololov esa sherigining telefoni orqali ukasini tezda mahalla markaziga yetib kelishini so‘raydi.

Notanish telefon raqamidan akasining chaqirganini eshitib ukasi San’atbek, jiyani Zuhrobiddinni chaqirib, mahalla guzariga yetib keladi. Ular akasining bir kishi bilan janjallashayotganini ko‘rib, yordamga shoshishadi. Urush, janjal oqibatida ichki ishlar xodimi S.Yaqubov tan jarohati oladi, I.Haydarov esa vafot etadi.

O‘tgan yilning kech kuzida bo‘lib o‘tgan bu dahshatli voqea odamlarning qalbini larzaga solgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudi sudyasi Ulug‘bek Karimov raisligida bo‘lib o‘tgan sud majlisida atroflicha o‘rganib chiqilgan yuqoridagi jinoiy ish bo‘yicha hukm chiqarildi.

Sud hukmiga ko‘ra, A.Jololov aybdor deb topilib, unga 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, ushbu jinoyatning sodir etilishida ishtirok etgani uchun ukasi yigirma to‘qqiz yoshli S.Jololovga 15 yilu 9 oy, endigina yigirma besh yoshni qarshilagan jiyani Z.Qobulovga 15 yilu 6 oy qamoq jazosi tayinlandi. Endi ular umrining eng go‘zal damlarini qamoqda o‘tkazishga majbur.

Ota-onasining duosini olib, farzandlarini tarbiyalaydigan bir paytda ichkilik, ojizlik, manmanlik tufayli jinoyatchiga aylangan bu insonlarning qilmishi, umuman, ana shu mudhish voqea barchamizga ibrat bo‘lishi kerak.

F.Ubaydullayev, O‘zA

Manba: uza.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring