Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ijtimoiy tarmoqlarda birovni haqorat qilganlar jazolanadimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda birovni haqorat qilganlar jazolanadimi?

Foto: «VKontakte»

«Ijtimoiy tarmoqlarda ayrimlar o‘zini ko‘z-ko‘z qilish maqsadida yoki ataylab birovning obro‘si, sha’niga putur yetkazish maqsadida qo‘pol muomalada bo‘layotgani, haqorat qilayotganining guvohi bo‘lyapmiz. To‘g‘ri, internet chegarasiz. Ammo bu internetda hamma xohlagan ishini qilishi mumkin, haqorat qilganlar jazolanmay qoladi, degani emas-ku? Ularga ham chora ko‘riladimi? Qonunchilikda bunday me’yor ko‘rsatilganmi?»

— Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga ko‘ra haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish — eng kam ish haqining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga binoan rahbar yoki davlat xizmatchisi tomonidan kimnidir haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish — eng kam ish haqining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 140-moddasiga ko‘ra, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa — eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali haqorat qilish — eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Haqorat qilish:

a) jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda;

b) xavfli retsidivist tomonidan yoki tuhmat qilgani uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan qilingan bo‘lsa, —

eng kam oylik ish haqining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring