Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ikkinchi imkoniyat: nega Zimbabve AQSh dollarini yana taqiqlayapti?

Ikkinchi imkoniyat: nega Zimbabve AQSh dollarini yana taqiqlayapti?

Giperinflyasiya davrida bozorga borishdan qaytish «osonroq» edi.

Foto: «Polit.ru»

Afrikaning eng qashshoq, eng qoloq mamlakatlaridan biri — Zimbabve so‘nggi 10 yilda birinchi marta milliy valyutaga qaytmoqda va xorijiy valyutalarning ochiq ishlatilishini taqiqlamoqda. Bu haqda «Izvestiya yozmoqda. Hukumatning bu qarori aholining yodiga ilgarigi prezident Robert Mugabening giperinflyasiya davrini tushirdi, hamma karaxt ahvolda. Ammo hukumat tashvishlar noo‘rin ekani, endi moliyaviy kollaps bo‘lmasligi, barcha choralar ko‘rib qo‘yilganini uqtirmoqda. Biroq qora bozordagi hozirgi ahvolning o‘ziyoq yangi valyutaga fuqarolar unchalik ham ishonch bildirmayotganini ko‘rsatmoqda.


Giperinflyasiyalar rekordchisi

XXI-asr giperinflyasiyasi deyilsa, barchaning ko‘z o‘ngiga Zimbabve keladi. Afrika mamlakati narxlarning o‘sish tezligi bo‘yicha Yevropada 1920-yillarda o‘rnatilgan barcha rekordlarni yangilab tashladi, hatto Venesuela ham buni uddalay olmaydi. Hammasi asrlar tutashuvida Buyuk Afrika urushiga o‘ralashib qolgan prezident Robert Mugabe o‘tkazgan ajabtovur iqtisodiy islohotlarning achchiq mevasi — korxonalar yoppasiga davlat ixtiyoriga olinib, mamlakat qishloq xo‘jaligining qon tomiri sanalmish oq tanli fermerlarning yerlari musodara qilib yuborildi. Oqibati shu bo‘ldiki, ishlab chiqarish pasayib, savdo defitsiti oshib ketdi, mamlakat iqtisodiy inqiroz jariga quladi. Ko‘proq pul zarb etib, iqtisodiyotni qutqarishga urinish esa vaziyatni butkul izdan chiqardi: 2006-yilga kelib inflyasiya 1000 foizga sapchib ketdi.

Robert Mugabe. Foto: «Twitter»

Pul oqimining jilovi boy berilganidan keyin narx-navo o‘sishi sur’ati tezlashib ketdi. Kamiga 2008-yil o‘rtalaridagi global iqtisodiy moliyaviy inqiroz o‘lganning ustiga tepgan bo‘ldi. Hatto inflyasiya tezligi yillik 500 000 000 foizgacha (!) chiqdi, ya’ni har ikki kunda narxlar ikki baravargacha o‘sib borardi. Pullar (hatto 10 trillion zimbabve dollari ham) chiqariladigan qog‘ozini ham qoplamay qoldi. Oxiri shunga borib yetdiki, hukumat inflyasiya to‘g‘risidagi yangiliklarni oshkor qilishni taqiqladi, keyin esa milliy valyutaning o‘limini indamay qabul qildi.

Giperinflyasiya oqibati — 100 trillion dollarlik qog‘oz pul. Foto: «Wall Street Journal»

2009-yil yanvarida zimbabve dollari (milliy valyuta) muomaladan chiqarib tashlanib, o‘rniga boshqa mamlakatlarning «qattiq» valyutalari, birinchi navbatda AQSh dollari kirib kelishni boshladi.

Ushbu keskin qaror moliyaviy ahvolni barqarorlashtirib, hatto o‘lib borayotgan iqtisodiyotni qutqarib qoldi. «Narxlar o‘yini» birmuncha susayib, qashshoq aholining ham peshonasida quyosh porlay boshladi. Ammo...

Oldinda boshqa muammolar kutib turardi

Birinchidan, emissiya ustidan nazoratning boy berilishi oqibatida hukumat eng muhim dastak — o‘z iqtisodiyotini boshqarish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi, buni keyinchalik yevrozonadagi aksariyat mamlakatlar tajribasidan ham ko‘rdik. Ishlab chiqarish va boshqa xo‘jalik sohalariga sarmoyalarni to‘g‘ri taqsimlash  uchun ham kurs muvofiqlangan bo‘lishi kerak edi. Holbuki, Zimbabvening o‘z milliy valyutasiga ega qo‘shnilari — JAR, Botsvana, Zambiya iqtisodiy inqiroz yuzaga kelgan taqdirda milliy valyutasini devalvatsiyalab ham o‘z eksportyorlarini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Shu o‘rinda bir g‘aroyib holatga guvoh bo‘lamiz: o‘ta qashshoq va turgan gapki, eng arzon ishchi kuchiga ega Zimbabve (kamiga Afrika mezonlari bilan o‘lchanganda zimbabvelik ishchilar anchayin malakali — chunki sobiq Janubiy Rodeziya mustamlakachi hukumatidan mamlakatga qit’adagi eng yaxshi ta’lim tizimlaridan biri meros qolgan)da tovar ishlab chiqarish ming karra boyroq Janubiy Afrika Respublikasida ishlab chiqargandan ko‘ra foydaliroq edi.

Zimbabveliklar. Foto: «Green Left Weekly»

Ikkinchi muammoning ildizi — birinchi muammoda

Dollarlashtirish iqtisodiyot shashtini so‘ndirishi oqibatida Zimbabveda surunkali savdo tanqisligi yuzaga keldi. Bu esa mamlakatga xorijiy valyuta oqimini ozaytirib, iqtisodiyotni yanada bo‘g‘a boshladi. Mugabe hukumati hech bo‘lmaganda foydali qazilmalarga boy mamlakatda xom ashyo sohasini oyoqqa turg‘izishni ham eplay olmadi. Ana shu pala-partishliklar 2014-yil inqirozidan keyin xom ashyo narxlarining umumiy pasayib ketishiga olib keldi.

Iqtisodiy muammolar to‘planib-to‘planib, 2017-yili davlat to‘ntarishiga sabab bo‘ldi: qariyb 40 yil o‘rnini hech kimga bermay kelgan Robert Mugabe pensiyaga kuzatildi. Yangi yetakchi Emmerson Mnangagva islohotlarni boshlab yubordi, xususan, oq fermerlar mamlakatga qaytishni boshlashdi. O‘tgan yili Zimbabveda iqtisodiy o‘sish 2,7 foizni, aholi soni o‘sishi 2,5 foizni tashkil etdi — aholi jon boshiga ko‘rsatkich deyarli o‘zgargan emas.

Zimbabvye dollari 2.0

Zimbabve 2019-yil boshiga kelib milliy valyutasini tiklashini e’lon qildi, hozircha — «Real Time Gross Settlement» (RTGS) loyihasi ko‘rinishida. Loyihaga ko‘ra, RTGS-dollarlar avvaliga xorijiy valyutalar bilan yonma-yon qo‘llanilishi, ularda Markaziy bankdan qarz olish mumkin edi. Ammo... Shu oxirgi holat yangi muammoni keltirib chiqardi.

Yangi — RTGS-dollar. «Bloomberg»

Zimbabve benzinni deyarli to‘liq chetdan olib kiradi, ammo xalqiga arzonga sotadi. Masalan, Zimbabveda 1 litr benzin 20 AQSh sentiga teng — bu qo‘shni Botsvanadagidan olti karra arzon. Bundan kimga foyda — albatta mahalliy va xorijlik uchar tadbirkorlarga-da! Ular Zimbabening RTGS-dollarlariga olingan kreditga arzon benzinni xarid qilib, keyin qo‘shni davlatlarga olib chiqib pullashadi, ham qimmat, ham AQSh dollarida!

Birgina shu yo‘l bilan mamlakatdan har oyda 100 mln. litr benzin va dizel yonilg‘isi xorijga «oqib» ketyapti.

Xullas, parallel ravishda joriy etilayotgan RTGS-dollarini yonilg‘i inqirozining o‘ziyoq inflyasiyaga uchratishni boshladi — albatta, bu Mugabe davridagidan anchayin past, «bor-yo‘g‘i» 100 foiz, biroq oddiy zimbabvelik uchun bu halokatdan boshqa narsa emas. Yangi valyuta kursi keskin o‘zgarishlarga uchray boshladi: yangi muomalaga kiritilgan 2,5 RTGS ga 1 AQSh dollari bergan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay nisbat 4:1 ga, iyun oyida esa 14:1 ga o‘zgardi.

Zimbabve hukumati aslida RTGS-dollarni keyingi yildan mamlakatdagi yagona rasmiy valyutaga aylantirish niyatida edi, biroq bozordagi tez yomonlashib borayotgan holat nazarda tutilib, jarayonni tezlatib qo‘ya qolishdi. 2019-yilning 26-iyunidan mamlakatda barcha xorijiy valoyutalarning erkin muomalada bo‘lishi to‘liq taqiqlandi, qaror zudlik bilan kuchga kirdi.

Yangi milliy valyuta darhol halokatga uchramasligi uchun shoshilinch choralar ham ko‘rib qo‘yildi. Xususan, qayta moliyalash stavkasi 50 foizgacha chiqarildiki, bundan Markaziy bankning nazarida, neft mahsulotlari bo‘yicha spekulyativ bitimlardan foyda olib bo‘lmay qoladi. Qolaversa, Markaziy bank eksportyorlardan olingan valyutalar kelib tushuvchi (valyuta tushumlarining 50 foizi Markaziy bankka beriladi) banklararo valyuta bozorini tashkil etadi. Hukumat shu tariqa tezlashib borayotgan inflyasiyani tushovlash, AQSh dollari kursini 4 RTGS-dollargacha tushirishga umid qilmoqda.

Yangi chora ish beradimi?

Mamlakat milliy valyutadan foydalanish bo‘yicha dastlabki tajribalari bilan maqtana olmasligiga yuqorida to‘xtaldik. Qolaversa, Markaziy bank yana chop etish stanoklarini ishga tushirib yubormasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Hozirdanoq nafaqat muxolifat, balki sanoat va kasaba uyushmalari vakillari orasidan taralayotgan norozilik sadolari quloqqa chalinmoqda. Axir, xorijiy valyutalar erkin muomalada yurgan davr aksariyat zimbabveliklar uchun hech qursa barqarorlik ramzi edi-da!

Albatta, mamlakatning yangi hukumati iqtisodiyotda, garchi kichik va kamtarona bo‘lsa-da, siljishlarga erisha olganidan ham ko‘z yummaslik kerak. Masalan, qachonlardan beri ilk marotaba budjet taqchilligi sezilarli darajada pasaytirildi.

O‘tgan oyda Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan bitimga kelishildi, unga ko‘ra, jamg‘arma bu mamlakatga islohotlarni o‘tkazish bo‘yicha maslahat yordamini ko‘rsatish davrida Zimbabve hukumati va Markaziy banki pul zarb etmay turishga va’dalashgan. Aftidan, mamlakat moliyaviy siyosatidagi o‘zgarishlar ham bevosita XVJ fatvosi bilan bo‘ladigan ko‘rinadi. Shu choqqacha hech kimga naf bermagan bu usul hech bo‘lmaganda zimbabvelik moliyachilarga ishonch-u dalda bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lganda ham, yaxshimi-yomonmi, har holda barqaror o‘z valyutasiga ega bo‘lish jafokash Zimbabve iqtisodiyotiga oldingi o‘n yilliklardagiga qaraganda ancha jiddiy tanyanch bo‘lishi tayin. Zimbabve bu borada qanchalik olg‘a siljiydi — tez orada bilib olamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring