Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ilk taassurot aeroportdan boshlanadi...

Ilk taassurot aeroportdan boshlanadi...

Toshkent xalqaro aeroporti.

Foto: «Gazeta.uz»

Toshkent xalqaro aeroporti va uning xodimlari haqida ko‘p gapirildi, bahslar hali ham davom etmoqda. Men ham bu borada o‘z fikrlarimni, ko‘rganlarimni bayon qilmoqchiman. Xizmat yuzasidan yilda ikki-uch marta xizmat safariga borib turaman. Tabiiyki, o‘z aeroportimiz va boshqa xalqaro aeroportlardagi sharoitlar, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni solishtirib ko‘rganman.

Demak, bizdagi salbiy holatlar:

1. Avvalambor, aeroportga kirishda xavfsizlik choralari haddan tashqari kuchaytirilgan. Ko‘chaning o‘zida maxsus qurilmadan o‘tiladi, yuklar, pasport tekshiriladi. Keyin yana xuddi shu holat takrorlanadi. Tushunish qiyin, o‘zi kichkinagina aeroport bo‘lsa, postdan postgacha yo‘lovchilar nimanidir o‘zgartirib qo‘yishmasa kerak yo‘lovchilar.


Mavzuga doir:
Men jinoyatchi emasman!


2. Dunyoning ko‘p aeroportlarida bemalol aeroport eshigigacha mashinada kelsa bo‘ladi, bizda esa buning aksi. Sharoit bor, lekin hali ruxsat yo‘q shekilli.

3. Bojxona nazorati. Hozir yashil va qizil yo‘lak paydo bo‘ldi, bu yaxshi. Lekin avvallari pasport tekshirilardi, hammasi joyida bo‘lsa, muhr qo‘yilardi. Aslida shuning o‘zi hisob bo‘lishi kerak, lekin yana kamida ikki marta tekshirilardi. Tushunish qiyin, nima sababdan yana tekshiriladi, muhr bor, nazoratdan o‘tildi, yoki hamma bojxonachilar yo‘lovchilarning pasportini ko‘rib chiqishi kerak degan yashirin bo‘yruq yo nizom bormi? To‘g‘ri, xavfsizlik muhim, lekin me’yorida bo‘lgani yaxshi.

4. Hozir qanaqaligini bilmadimu, oxirgi marta 2017 yil oktyabr oyida aeroportimizda boshqa yurtlardan keladigan yo‘lovchilarni kutib olish zali, bojxona postlari ayanchli ahvolda edi. Kutish zalida elektr energiyasini tejashadimi, bilmadim, har xolda yoritish tizimining deyarli yarmi ishlamas edi. Lekin bojxona pasport tekshiruvidan oldingi yillarga nisbatan ancha tez o‘tilgandi. Faqat xorijiy mehmonlar o‘tadigan bojxona nazorat punktlari soni yana ko‘paytirilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

5. Yana bir muhim jihat shuki, xalqaro aeroportga ingliz tilini biladigan bojxona xodimlarini ishga olish kerak, chunki postdagi bojxonachilar xorijiy sayyohlar bilan muloqot qilishda qiynalishiga ko‘p guvoh bo‘lganman.


Mavzuga doir:
Aks-sado. Samolyot yonilg‘isi oltindanmi yoki ro‘zani bilmaydigan aviakompaniya


Boshqa xalqaro aeroportlarda ahvol qanaqa? O‘zim bo‘lgan aeroportlardan gapiradigan bo‘lsam, Venetsiya shahridagi Marko Polo, Istanbuldagi Otaturk, Yaponiyaning Narita, Dehlidagi Indira Gandi, Germaniyaning Frankfurt va Avstriyaning Vena xalqaro aeroportlaridagi bir holatga e’tibor berdim, ularga kirishda hech qanaqa tekshiruv, maxsus moslamadan o‘tmaganman. Aeroport ichkarisida faqat yuk va pasport nazorati bo‘ldi.

Albatta, bizda har bir sohada o‘zgarish bo‘lmoqda, buni inkor etishdan yiroqman. Lekin ayrim kamchiliklarni bartaraf etish uchun xalqaro ekspertlarni taklif qilish shart emas. Jamoatchilik fikriga tayanib ham ko‘p muammolarni hal qilsa bo‘ladi.

Jasurbek Normetov

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring