Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Imom Buxoriy haqida ilk badiiy film suratga olinadi. Ssenariy muallifi — Xayrulla Hamidov!

Imom Buxoriy haqida ilk badiiy film suratga olinadi. Ssenariy muallifi — Xayrulla Hamidov!

Muhaddislar sultoni, Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi ishonchli manba sanalmish «Sahihi Buxoriy» nomli hadislar to‘plami muallifi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy haqidagi  badiiy filmni tasvirga olish ishlari boshlandi. Bu haqda «Xabar.uz»ga o‘z manbalari xabar berdi.

Filmning ishchi nomi: «Dunyo imomi». Uni nafaqat O‘zbekiston, balki butun musulmon mamlakatlarda namoyish etish mo‘ljallanmoqda. Shu bois filmni jahon talablari darajasida suratga olish uchun ijodiy guruhga xorijlik rejissyor va operator, tegishli mutaxassislarni jalb qilish, o‘sha davrga mos tarixiy liboslar va boshqa rekvizitlar to‘plamini tayyorlash, film voqealarining katta qismini arab davlatlaridan birida bir necha oy davomida tavirga tushirish, maxsus quriladigan pavilonlarda minglab ommaviy sahna ishtirokchilarini to‘plash rejalashtirilgan.

Film ssenariysi muallifi — taniqli publitsist Xayrulla Hamidov. Ayni paytda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti  olimlari ssenariyni boyitish, ishonchli manbalar topish ustida izlanishlar olib borishmoqda. Shuningdek, bu jarayonga bir necha yozuvchilar, islomshunos va buxoriyshunos olimlar jalb etilgan.

Film «Sunrise Entertainment» kinostudiyasi tomonidan tasvirga olinishi rejalashtirilgan. Ijodiy guruh tarkibida tajribali mutaxassislar — Murod Karimov (kinorejissyor), Nozim Jumayev (kinorejissyor), Alisher Ahmedov (kinooperator), Anvar Namozov (publitsist, yozuvchi), Kamoliddin Mahkamov (maslahatchi), Hoshimjon Omonov (maslahatchi), Qobuljon Ahmedov (koordinator)lar bor.

Manbalarimizning ma’lum qilishicha, badiiy filmni suratga olish uchun katta miqdorda mablag‘ talab etiladi. Hozircha kinokartinaning moliyaviy manbasi aniq emas. Ammo ijodkorlar bu masala tez orada ijobiy yechim topishiga umid qilmoqdalar.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2017-yilning 29-dekabr kuni milliy kino san’ati va kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va bu borada mavjud muammolarni hal etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda o‘zbek kinochiligidagi muammolar haqida to‘xtalib, jumladan, quyidagi fikrlarni bildirgan edi:

«Mening eng katta ichki qiynovlarim, «Bobur» kinosini ko‘rishni o‘zim niyat qilardim. Ulug‘bek, Beruniy, qilsak bo‘ladimi?! Millatimizning orzusi bo‘lsa kerak bu kinolar. Nega al-Buxoriy to‘g‘risida kino yo‘q? At-Termiziy bobomiz?! Termiziylar sulolasi, deganda qanchadan-qancha gaplar bor. Bu ham bir yo‘nalishmi yo‘qmi?! Moturidiy haqida kino ko‘rsatish, u ham bir yo‘nalish. Islom sivilizatsiya, deganda nimani ko‘rsatamiz biz?!

Elimizga to‘g‘ri islomni tarannum etish — juda katta tarbiya. Masjidlarda ham buni qo‘ysa bo‘ladi. Birinchidan ongimiz o‘zgaradi, ikkinchidan o‘zimizning ustimizda ishlash bilan atrofimizga muhit yaratib, boshqa illatdan olib, ijodga bag‘ishlaymiz. Eng asosiy masala – o‘zligimizni anglashni joy-joyiga qo‘ymas ekanmiz, kechagi biz aytgan gaplarni me’yoriga yetkaza olmaymiz».

Shavkat Mirziyoyev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring