Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Ipotekabank» mijozlari o‘gaymi?

«Ipotekabank» mijozlari o‘gaymi?

Foto: «UzReport.uz»

Bugun respublikamiz tijorat banklaridan kredit olish ancha osonlashdi. Men ham yaqinda «Ipotekabank» filialidan iste’mol krediti oldim. Buning uchun talab qilinadigan hujjatlar soni ham kamaytirilgan. Doimiy yashash joyidan hamda ishxonangizdan yillik daromadingiz to‘g‘risida ma’lumotnoma olib borsangiz kifoya. Bank xodimlari uzog‘i bilan 45 daqiqada nomingizga kredit rasmiylashtirishadi. Asosiysi, ilgarigidek mablag‘ yo‘qligini bahona qilib sizni quruq qo‘l bilan qaytarishmaydi. Kreditga ajratilgan limit tugamagan bo‘lsa sizga ko‘proq mablag‘ olishni taklif qilishadi.

Xullas, bankning kredit bo‘limi xizmati meni qoniqtirdi. Shunga qaramay, «Ipotekabank» tizimidagi ayrim kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Bank va mijoz o‘rtasidagi kredit shartnomasi talablariga muvofiq oylik qarz miqdorini masofadan turib ya’ni internet banking xizmati yordamida to‘lamoqchi bo‘ldim. Ammo «Click.uz», «Payme» singari mobil ilovalar ro‘yxatida «Ipotekabank» yo‘q ekan. Bank xodimlari bilan gaplashganimda hozircha ulardan foydalanishning iloji yo‘qligini aytishdi. Ammo bankning o‘z mobil ilovasi mavjud bo‘lib undan faqat «Ipotekabank»da plastik karta ochtirgan mijozlargina foydalanishi mumkin ekan.

Bu esa bank mijozlariga, ayniqsa korxona va tashkilotlarda ishlovchilarga noqulaylik tug‘dirmoqda. Ular pul to‘lash uchun ovora bo‘lib bank filialiga borishga, vaqt yo‘qotishiga sabab bo‘lyapti. Kassalar oldi har doimgidek tiqilinch, uzundan-uzoq navbat hosil bo‘lgan. Yana bir ta’bni xira qiladigan jihat - kassada o‘tirgan xodimlar to‘lov kvitansiyasini mijozlarning o‘zlari to‘ldirishi zarurligini talab qilmoqda. Bunday malakaga ega bo‘lmagan oddiy odamlar (garchi kvitansiyaning namuna nusxasi bo‘lsa-da) noqulay ahvolga tushib nima qilishini bilmay qolyapti.

Bank rahbariyati ana shu kabi nuqsonlarga e’tibor qaratsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bunda internet banking xizmatlarini yanada takomillashtirish, masofadan turib pul o‘tkazishdagi to‘siqlarni bartaraf etish mijozlar ishonchining yanada ortishiga xizmat qiladi.

Shohjahon Saidnabiyev


Maqola «Jamiyat» gazetasining 6 aprel sonida e’lon qilingan

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring