Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ishsizlar uchun kasb-hunarga o‘qitish mintaqaviy markazlari. Bu haqda nima bilasiz?

Ishsizlar uchun kasb-hunarga o‘qitish mintaqaviy markazlari. Bu haqda nima bilasiz?

Foto: «Tayloq.uz»

Ishsizlar kimlar?

O‘zbekiston Respublikasining aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi va mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq o‘n olti yoshdan pensiya bilan ta’minlanish huquqini olishgacha bo‘lgan yoshdagi, haq to‘lanadigan ishga yoki daromad keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan mehnatga layoqatli shaxslar (bundan ta’lim muassasalarida ta’lim olayotganlar mustasno) ishsiz deb hisoblanadi.

Ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ular tomonidan ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan shaxslar ishsiz deb e’tirof etiladi.

Markazlar kimlar uchun?

O‘zbekiston Respublikasining «Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi qonuni 23-moddasiga muvofiq mehnat organlarida ro‘yxatga olingan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish quyidagi holatlarda, agar:

— ishsiz shaxs zarur kasb malakasiga ega bo‘lmaganligi tufayli unga maqbul keladigan ish tanlash mumkin bo‘lmasa;

— ishsiz shaxsning kasb ko‘nikmalariga mos keladigan ish yo‘qligi sababli uning kasbini (mutaxassisligini, mashg‘ulot turini) o‘zgartirish zarur bo‘lsa;

— ishsiz shaxs avvalgi kasbi bo‘yicha ish bajarish qobiliyatini yo‘qotgan bo‘lsa amalga oshirilishi mumkin.

O‘quv markaziga ishga joylashtirish bo‘yicha ish beruvchi, bandlikka ko‘maklashish tuman (shahar) markazlari va ishga joylashish xohishini bildirgan shaxs o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnoma hamda Markaz yo‘llanmalari mavjud bo‘lgan ishga joylashtirishga muhtoj ishsiz va band bo‘lmagan aholi, shu jumladan, kasb-hunar kollejlarini va akademik litseylarni bitirgan doimiy ishga ega bo‘lmagan shaxslar o‘qishga qabul qilinadi.

O‘quv markazida o‘qishga qabul qilishni tashkil etish o‘qish boshlanishidan kamida yetmish kun oldin O‘quv markazi direktori tomonidan tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar yoki Toshkent shahri Bandlik bosh boshqarmasi bilan kelishgan holda tasdiqlanadigan Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish mintaqaviy markaziga qabul qilish rejasi asosida amalga oshiriladi.

Qanday hujjatlar taqdim qilinadi?

Nomzodlar tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

— ariza;

— pasport nusxasi (hujjatlarni topshirish vaqtida pasportning asli ko‘rsatiladi);

— ma’lumotini tasdiqlovchi hujjatning asl nusxasi (diplom yoki attestat);

— sog‘lig‘i to‘g‘risida ma’lumotnoma (086 — shakl);

— ishga joylashtirish bo‘yicha uch tomonlama shartnoma nusxasi;

— Bandlikka ko‘maklashish tuman (shahar) markazi tomonidan berilgan yo‘llanma;

— 3,5 x 4,5 sm. o‘lchamdagi 4 dona rangli fotosurat.

Nomzodlardan mazkur bandda ko‘rsatilmagan boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi. 

Kirish imtihonlari test shaklida o‘tkaziladi

O‘quv markaziga nomzodlarni o‘qishga qabul qilish test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Test sinovlari natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan nomzodlar tegishli kvota doirasida o‘qishga qabul qilinadi.

O‘qish jarayoni, muddati va amaliyot haqida batafsil

O‘qish jarayoni 40 haftadan iborat bo‘lib, 2 ta semestrga bo‘linadi. Bunda har bir semestr 12 haftadan, ishlab chiqarish amaliyoti 15 hafta va yakuniy malaka imtihoni 1 hafta etib belgilanadi.

Barcha o‘quv mashg‘ulotlari uchun ikki akademik o‘quv soati davomiyligi 80 daqiqa etib belgilanadi.

Ishlab chiqarish amaliyoti 90 kun, haftalik yuklamasi 36 soat, bir kunlik 6 — 8 soatdan iborat bo‘lib, jami 540 soatni tashkil etadi.

Nazariy ta’lim berish jarayonida o‘quvchilar tomonidan olingan bilimlarni mustahkamlash va chuqurlashtirish, olinadigan mutaxassislik bo‘yicha zarur layoqatga, ko‘nikmalarga va amaliy ish tajribasiga ega bo‘lish ishlab chiqarish amaliyotining maqsadi hisoblanadi.

Ishlab chiqarish amaliyoti, qoidaga ko‘ra, tashkilotning ixtisoslashuviga bog‘liq holda ushbu maqsad uchun maxsus ajratilgan, o‘quvchilar o‘qishni tugatgandan keyin ishga joylashishi mumkin bo‘lgan o‘quv-ishlab chiqarish joylarida o‘tkaziladi.

Ushbu qoidalar Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-oktabrdagi «Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish mintaqaviy markazlarida o‘qishga qabul qilish, kasb-hunarga o‘qitish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida»gi qarorida keltirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring