Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektorining ishdan ketishi sababi ma’lum bo‘ldi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektorining ishdan ketishi sababi ma’lum bo‘ldi

Foto: «1-avgust.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yil 11-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatning xorijdagi elchixonalari faoliyati tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.

Unda davlat rahbari Tashqi ishlar vazirligining markaziy apparati, shuningdek, xorijdagi muassasalar uchun istiqbolli kadrlar zaxirasini qaytadan ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidlar ekan, diplomat kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish lozimligini qayd etdi.

«Shu paytgacha vazirlikning markaziy apparati va diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va xodimlari faoliyatining samaradorligini baholashning yagona mezonlari ishlab chiqilmagan. Shuning uchun tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda zarur me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish va qabul qilish kerak, — dedi Prezident. — Afsuski, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (A.Jumanov) chinakam istiqbolli, o‘z kasbiga sadoqatli va professional yosh kadrlar tayyorlash bo‘yicha vazifalarni to‘laqonli bajarayotgani yo‘q. Universitet bitiruvchilarining davlat idoralariga ishga joylashishi o‘ta past darajada qolmoqda.

Misol uchun, 2017-yilda universitetni bitirgan 235 yoshlarning atigi 14 nafari Tashqi ishlar vazirligiga ishga qabul qilingan. Ular orasida xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetini bitirgan bironta ham yigit-qiz yo‘q. Tashqi savdo vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga ham ushbu universitetni o‘tgan yil tamomlagan bironta yosh mutaxassis ishga olinmagan.

Shu munosabat bilan Komissiya (O.Murodov) Bosh vazir A.Aripov, Prezidentning Davlat maslahatchilari R.Qosimov, U.Ismoilov bilan birgalikda bir oy muddatda:

— Tashqi ishlar vazirligida kadrlar bilan ishlashni samarali tashkil etish, avvalo, iqtidorli yosh mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha aniq takliflar;

— Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini tayyorlashi lozim», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishdan keyin Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Abdumalik Jumanov o‘z lavozimidan ozod etilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring