Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jamshid Kenjayev ishi. Guvohlar so‘roq qilindi

Jamshid Kenjayev ishi. Guvohlar so‘roq qilindi

Foto: «Kun.uz»

Joriy yilning 21-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Jamshid Kenjayev ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlangani va dastlabki kunda sudlanuvchilar so‘roq qilingani haqida xabar bergandik.

23-yanvar kuni sud jarayoni davom ettirildi. «Kun.uz» xabar qilishicha, bugun guvohlar so‘roq qilish maqsadida chaqirilgan. Huquq va majburiyatlari tushuntirilgandan so‘ng, ularga so‘z berilgan.

Sud majlisida Sh. Tursunov, U. Hayitboyev, V. Smirnov, A. Adilov va I. Fazliddinov guvoh tariqasida ko‘rganlarini so‘zlab berishgan.

«O‘sha mudhish hodisa sodir bo‘lgan kuni boshqa restoranda tug‘ilgan kunimni nishonlagandik. U yerda boshqa do‘stlarimiz ham bo‘lgan. Keyin ziyofatni davom ettirish uchun «Aurum-898»ga borgandik. O‘shanda Jamshid mendan sal oldiroqda edi. Yonida pichoq bor edi. O‘zini himoya qilish maqsadida olib yurgan. Chunki, har xil holatlar oldin ham bo‘lgan.

Biz kelganimizdan so‘ng, tezda mojaro boshlanib ketdi. Jamshidni itarib yuborishdi. Biz ajratmoqchi bo‘ldik. «Bo‘ldi, o‘zingni bos» degandim, Shodali pichoq chiqarib qoldi. Jamshid qo‘riqchilar tarafga qarab yugurib ketdi. Ur-to‘polon bo‘lib ketdi. Stullar uchdi. Ajratmoqchi bo‘lganimda, menga ham musht tushdi. Jamshidni olib ketmoqchi bo‘lganimizda olishimizga qo‘yishmadi, o‘rab olishgan edi. Rosa urishayotgan edi. Men hammasini ko‘rdim. Shodali uning ustiga chiqib olib pichoq bilan urayotgan edi. Keyin ham Jamshidni berishmadi. «Bo‘pti, og‘aynimni olib ketay» dedim, lekin berishmadi. Menga ham pichoq urishgan edi. Ikkita joyimdan yaralangandim», degan Jamshid Kenjayevning do‘sti Sh.Tursunov.

O‘sha vaqtda «Aurum-898» tungi klubi administratori bo‘lgan A.Adilov esa voqeani quyidagicha so‘zlab bergan: «O‘sha kuni ko‘chada turgan edim. Rahmatli Jamshid keldi. Adashmasam, qo‘riqchilar uni ichkariga qo‘yishmadi. Sababi yonida pichog‘i bor edi. Unga tushuntirmoqchi bo‘lishdi. Chap cho‘ntagidan pichoqni olib Sherali akaning ko‘krak qafasiga pichoq bilan urdi. Keyin to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi. Shodali unga pichoqning qini bilan urganini ko‘rdim. Uchastka nozirlariga xabar berdik. Tergov jarayonida bizga tergovchi videoni qo‘yib berdi. Ungacha unchalik tushunmay qoldik, ochig‘i».

Sud ishida boshqa guvohlar ham ko‘rsatma bergan. Guvohlarga nisbatan sud raisi, ayblanuvchilarning himoyachilari, davlat ayblovchisi holatni aniqlashtirish maqsadida bir necha savollar berishgan.

Sud guvohlarning ko‘rsatmalarini tinglagandan so‘ng, majlisni davom ettirishni 28-yanvar kuni soat 11:00ga qadar qoldirib, tanaffus e’lon qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring