Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jamshid Kenjayevning turmush o‘rtog‘i: «Sizlar odamni hayvonlarcha o‘ldirdinglar»

Jamshid Kenjayevning turmush o‘rtog‘i: «Sizlar odamni hayvonlarcha o‘ldirdinglar»

Kecha, 21-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida o‘tgan yilning avgustida tungi klubdagi pichoqbozlik vaqtida halok bo‘lgan Jamshid Kenjayev ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlangani haqida xabar bergandik.

«Kun.uz»ning yozishicha, ayblanuvchi Shodali Qilichov ayblovlarga nisbatan qisman (Jinoyat Kodeksining 97-moddasi («Qasddan odam o‘ldirish») 2-qismining «v» va «j» bandlari) iqrorligini bildirdi. U o‘zining qo‘riqchiligi vaqtida spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan Jamshid Kenjayev qo‘lida pichoq bilan «Aurum 898» tungi klubiga kirmoqchi bo‘lganida qo‘riqchilar tomonidan to‘xtatilgani, qo‘riqchilar unga nisbatan xushmuomala munosabatda bo‘lganga qaramay, pichoq bilan tashlangani, shundan so‘ng qo‘riqchilar o‘zlarini himoya qilish maqsadida unga qarshilik ko‘rsatishgani haqida ko‘rsatma bergan.

Qilichovning so‘zlariga ko‘ra, Kenjayev kelganida qo‘riqchilardan biri Sherali Ilyasov uning yo‘lidan chiqqan va unga ichkariga pichoq bilan kirish mumkin emasligini tushuntirgan. Biroq, Kenjayev hech kimning so‘ziga quloq solmagan va qo‘riqchilarga bo‘ysunmasdan, Qilichovning tog‘asi hisoblangan Ilyasovga pichoq bilan zarba bergan. Qilichov ham bu vaqtda yonidagi pichog‘ini ishga solgan.

«Biz tinchlik tarafdori edik. Biz chekindik. Biroq, Jamshid pichoq urgan edi. Keyin tog‘am kurash uslubini qo‘llab, uni yerga qulatdi. Nima qilishni bilmay qolgandik. Maqsadimiz uni zararsizlantirish edi. Pichoqni tashlamadi. Hamma joy qon bo‘lib ketdi. Unga qanday qilib pichoq tiqib olganimni bilmay qoldim. Keyin ichki ishlar xodimlari kelishdi. Jamshidga yordam ko‘rsatdik. Tez yordam 35 daqiqalarda yetib keldi. Bizning hech qanday adovatimiz ham, o‘ldirish niyatimiz ham yo‘q edi», dedi Shodali Qilichov.

Shundan so‘ng, ayblanuvchilardan yana biri Saidazim Kamoldinov ham o‘z ko‘rsatmalarini berib o‘tdi.

«Avvalo hammadan uzr so‘rayman. Marhumning oilasiga ta’ziyamni izhor etaman. Joyi jannatda bo‘lsin. Oldindan bu joyda ishlardim. Jamshid Kenjayev oldin ham kelib turar edi. Tug‘ilgan kunini ham nishonlagan. O‘shanda ham pichog‘ini chiqarib o‘tirardi. Hech kim hech narsa deyishga botinolmasdi. O‘sha kuni ham mashinada keldi. Hamma bilan salomlashdi. Pichog‘i ko‘rinib turardi. Shunda Shodali aka keldida, «Kechirasiz, pichog‘ingizni tashlab keting, qaytib chiqishda qaytarib beramiz dedi. Yonida ikki og‘aynisi bor edi. Keyin boshqa og‘aynilari tushib kelishdi. To‘polon boshlanib ketdi. Men o‘rtaga chiqdimda qo‘limni ko‘tarib «kerakmas» dedim. Meni aylanib o‘tdida, borib pichoq bilan tashlandi. Keyin urush-to‘polon bo‘lib ketdi. Mening yonimda ham pichoq bor edi. O‘zimni himoya qilish uchun olib yurardim. Men ham orqasiga pichoq urdim. Bu o‘ldirish maqsadida emas edi. Boshqa narsalarni ko‘rmadim», deya ko‘rsatma berdi Kamoldinov.

Ayblanuvchi Alijon Xamrayev o‘zining ko‘rsatmasida quyidagi so‘zlarni aytib o‘tdi: «Ishga kirganimga ikki kun bo‘lgan edi. Jamshid kelgan vaqtida unga tushuntirmoqchi bo‘ldim. «O‘zing sportchi bola ekansan. Sen aralashma, eshikning oldidan qochgin», dedi. Sherali aka to‘xtatgan edi, shapaloq urib yubordi. Keyin aylanib kelib pichoq urdi. Ichkariga yugurib kirib stul olib chiqdim. Chiqqanimda yer qon bo‘lib ketgan ekan. Sherali aka qo‘lidan pichoqni olish kerakligini aytdi, yana ichkariga qaytib kirib bita (beysbol tayog‘i) olib chiqdim. Men Jamshidni tanimasdim. Keyin tez yordam chaqirishdi. Keyin ichki ishlar xodimlari keldi va biz ichki ishlar bo‘limiga ketdik. Jamshid Kenjayevning oilasidan kechirim so‘rayman. Qilgan ishimdan pushaymonman».

Sudda qatnashgan Jamshid Kenjayevning turmush o‘rtog‘iga ham so‘z berildi.

«Sizlar odamni hayvonlarcha o‘ldirdinglar. Sizlarning xizmat vazifangiz shundan iboratmi? Bu hammasi oldindan tayyorlangan», deya ta’kidlagan beva ayol.

Sud jarayoni davom etmoqda.

Sudning keyingi majlisi 23-yanvar soat 11.00 ga belgilandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring