Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi yanada takomillashtiriladi

Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi yanada takomillashtiriladi

Foto:«Huquqiy axborot»

Joriy yil 27-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilingandi.

Mazkur farmon bilan 2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi tasdiqlandi.

Shu bilan birga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlarga Davlat dasturining har bir bandi bo‘yicha maqsadlarga erishishda samaradorlik indikatorlarini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Eng muhimi, davlat xizmatchilarini tanlov asosida saralab olish, lavozimga tayinlash va yuqori lavozimlarga ko‘tarishning shaffof tartibiga asoslangan davlat xizmati tizimini shakllantirish belgilandi.

Shuningdek, davlat xizmatchilari uchun cheklovlar, taqiqlashlar, rag‘batlantirish choralari hamda korrupsiyaning oldini olish boshqa mexanizmlarining aniq ro‘yxatini belgilash zarurligi mustahkamlandi.

Qayd etish joizki, endilikda 2019-yil 1-iyuldan boshlab davlat organlari zimmaga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishda yuzaga keladigan korrupsiya xavf-xatarlarini vaqti-vaqti bilan majburiy baholab boriladigan mexanizm ishga tushadigan bo‘ldi.

O‘z navbatida, uning yakunlari bo‘yicha korrupsiya xavf-xatariga eng ko‘p duch keladigan davlat xizmatchilarining faoliyat sohalari va lavozimlari, shuningdek, ularning vakolatlarining ro‘yxati shakllantiriladi, shuningdek, idoraviy korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlari ijrosining har choraklik monitoringini amalga oshirish va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish choralarini ko‘rib boriladi.

Bundan tashqari, mazkur Farmonga asosan davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etiladigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, ularning ish haqi yetarli darajada bo‘lishini ta’minlash, shuningdek, davlat xizmatini o‘tashda manfaatlar to‘qnashuvini hal etishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirilishi nazarda tutildi.

Ushbu Farmonda nazarda tutilgan yangiliklardan yana biri sifatida 2019-yil 1-avgustdan boshlab eksperiment tariqasida, avvalo, kapital qurilish va oliy ta’lim sohalarida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirishni tashkil etish, 2020-yil 1-apreldan boshlab esa loyihani boshqa sohalarga ham bosqichma-bosqich joriy etish belgilandi.

Azimboy Turg‘unov, 
Adliya vazirligi mas’ul xodimi

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring