Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Ko‘zi ochiq so‘qirlar

Ko‘zi ochiq so‘qirlar

Foto: «B2blogger.com»

Bir kuni oshga bordik. O‘tirib olgach, davradagilar bilan so‘rashdik. Tanish shoir ham o‘tirgan ekan. Shundoq ro‘paramda-yu, meni ko‘rmaganga olayapti, yon tomonimga qarayapti. «Falonchijon, yaxshimisiz?» deb so‘rashdim. Miq etmaydi! Haykal misoli o‘tiribdi. Dastlab qulog‘imga qarayapti deb o‘yladim. Qaytadan so‘rashdim. Javob yo‘q! Ismini aytib salomimni takrorladim. Tavba, ko‘r va kar bo‘lgan shekilli?

Ozgina qaysarligim bor. Yonidagi kishiga imo qilgandim, uni turtib, men tomonga qaratdi. Shunda shoir nogoh menga «ko‘zi tushib», qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi: «Iye, iye, aka, yaxshimisiz? Sog‘-salomat yuribsizmi?». Sherigi hazil aralash dangalini aytib qo‘ydi: «Bu o‘zi shunaqa bo‘lib qolgan. Birovga salom bergisi kelmaydi».

Ha, shunday toifa bor! Ishi tushsa tavoze bilan yo‘qlab keladi. Ming turlanib, sizni maqtab muddaosiga yetadi. Boshqa paytda... shunchaki ko‘rib ko‘rmaganga oladi!

Tirband yo‘lda keksa kirakash «Matiz» avtomobilini chekkaroqqa to‘xtatdi. Mashinadan ikkita mijoz tusha boshladi. Orqadan kelib qolgan «Neksiya» haydovchisining signal berganini ko‘rsangiz! Vadavang ovoz butun ko‘chani tutib ketdi. Uni qo‘llab-quvvatlab boshqa avtomobillardan ham signallar yog‘ildi. Vaholanki, «Neksiya» haydovchisi «Matiz»dan yo‘lovchilar tushayotganini yaqqol ko‘rib turardi. Unda sabr-toqat, insof-diyonat, olijanoblik yetishmasdi.

Biz aksar hollarda yerga urib tanqid qiladigan Yevropada bunday emas. Haydovchilar signal chalib boshqalarni bezovta qilishni o‘zlariga ep ko‘rishmaydi. Ep ko‘rishmaydi emas, buni madaniyatsizlik ham hisoblashadi. Ular beozor, o‘zaro muomalada nihoyatda samimiy. Bizda ana shu samimiyat yetishmay qolyapti. Oqibatda chorrahadagi so‘kinishlar, mashinadan tushib yoqa bo‘g‘ishishlar, ur-kaltaklar avj olayapti. «Xudoyim bizning qanchadan-qancha gunohlarimizni kechirayapti» deymizu, baribir dimog‘imiz osmonda! Salgina gapga o‘zimizni ko‘rsatgimiz keladi. Oqibatini ko‘rmaymiz, aniqrog‘i, nazar-pisand qilmaymiz.

Aynan ko‘rib ko‘rmaslikka olishimiz tufayli yaqinlarimizga, boshqalarga nisbatan befarqmiz. O‘zimiz bilan bo‘lib qolganmiz. Bizni xudbinlik tobora o‘z domiga tortib olmoqda. Bu faqat kundalik tashvishlar bilan bog‘liq bo‘lganida boshqa gap edi! Shunchaki xohlamaymiz, xolos.

Televizorda tez-tez chiqib turadigan bir mashhur ijodkor bor. Kattagina amal berib qo‘yilgan unga. Hatto siyosiy darajada maqomga erishgan. Necha-necha odam qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib huzuriga keladi. Shogirdlar uni maqtab, maddohlik qiladi.

Bu ijodkor bitta idorada ishlaydigan bir hamkasbi bilan kelisholmaydi. Ko‘rishga ko‘zi, otishga o‘qi yo‘q uning. Shu bois qayerda bo‘lmasin, fursat topib, zaharli nishini botirishga harakat qiladi. Majlislarda so‘z berilsa gapni aylantirib, shu hamkasbiga taqaydi. Juda bo‘lmasa artistlik qiladi: «Siz, haligi, ism-familiyangiz nimaydi?.. A?.. Qattiqroq gapiring!.. Ha, Pismadonovmi?!. Anchadan buyon ishlaysizmi?.. Unda ishingizni ko‘rsating-da! Yaxshi ishlaganingizda bilardik sizni!..». Shunday deb ich-ichidan yayraydi.

G‘o‘ddayib ketdi bu odam. Katta amal aynitdi. Juda o‘zgarib qoldi. Avvallari samimiy edi, gapirganingizda diqqat bilan tinglardi. Hozir esa... ustoz Tohir Malik bilan yuzma-yuz kelib qolsa, uch-to‘rt qadam narida to‘xtab turadi. Go‘yo ko‘rmaydi. Jiringlamagan telefonini qulog‘iga tutib oladi yoki oddiygina... bez bo‘lib turaveradi. O‘zidan o‘ttiz yosh katta Tohir aka borib so‘rashishi kerak u bilan, shunda ham zo‘rg‘a alik oladi. Bir vaqtlar ustoz deb etagini ushlagan insonni mensimaydi.

Bedodlik emasmi bu? Tohir Malikdek ulug‘ insonni ranjitadigan odamlar borligini eshitganimda hayron bo‘laman o‘zi. Nega? Nega bunday bo‘lishi kerak? Xalq sevgan ustozlarni o‘zimiz yo‘qlab borishimiz, duolarini olishimiz shart emasmi aslida?

Ko‘zi ochiq so‘qirlar tufayli yaxshilar ozor topadi. Ammo lom-mim deyishmaydi. To‘g‘ri qilishadi! Bundaylarga bas kelish — so‘qirlar darajasiga tushishdir.

Yaxshilarni, yaxshilikni, mehr-oqibatni ko‘ra bilaylik.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring