Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Legionermisan, «yorib» tashlamaysanmi?

Legionermisan, «yorib» tashlamaysanmi?

«Nomi ulug‘ — suprasi quruq» futbolchilarga falon pul berib, olib o‘tirishdan nima foyda?

Foto: «forumdaily.com»

O‘zbekiston futbol mamlakati emas. Bizning futbol Braziliya, Italiya yoki Angliyadagiga o‘xshab har qanday holatda ham rivojlanib keta olmaydi. Aytmoqchi bo‘lganim, assotsiatsiya chiqaradigan qarorlar, qo‘yiladigan qat’iy talab, taqiq va turli ko‘rinishdagi limitlar futbolimiz uchun juda muhim.

Masalan, bir necha yil oldin xorijdan darvozabon sotib olish taqiqlangan edi. Ko‘p klublar bunga qarshi chiqdi, jurnalistlar bong urdi. Go‘yoki chet eldan katta mahoratga ega darvozabon kelib, futbolimizni rivojlantirib beradigandek. Taqiq olib tashlandi, nima bo‘ldi? Ikkita darvozabon keldimi? U ham eng kuchli klublarimizga emas, o‘rtamiyona «Neftchi» va «Qizilqum»ga. Cheremisin uchun chiqarildimi bu qoida?

Tan olishimiz kerak, klublarimizda o‘ynayotgan aksariyat xorijlik futbolchilar o‘z davlatida «chiqit»ga chiqqan o‘yinchilar. Klublarimiz arzongarov bolqonliklarga o‘rganib qolishdi. Cheran, Lukich, Yelich, Stanoyevich, Payovich, Inyas, Rayevats va hokazo. Ro‘yxatga olingan legionerlarning deyarli yarmi Serbiyadan. Chempionlar ligasida qatnashyotgan jamoalarni tushunsa bo‘ladi. Ammo «Navbahor», «AGMK», «Qizilqum», «Qo‘qon-1912» kabi jamoalarga tarkibni o‘rtamiyona legionerlar bilan to‘ldirish nima beradi? Ular o‘ta saviyali bo‘lsa alam qilmasdi. Lekin mahalliy o‘yinchilarimiz orasida ham yalt etib chiqqani va qoyillatib gol urayotgani yo‘q-ku! Eng qizig‘i, beshtalab legionerni sotib olgan «Qizilqum» va «AGMK» jamoalari 2-turdan keyin autsayderlar qatorida turibdi. To‘g‘ri, ikki turdan so‘ng xulosa chiqarishga biroz ertadir, ammo maqsad o‘zbek futbolini rivojlantirish ekan, hokimiyat qaramog‘idagi klub «majburiy homiy»dan olingan «sadaqa»ni xorijlik chala futbolchilar uchun sarflashi insofdanmi?

Arab davlatlaridagi legionerlarga bir nazar tashlang. Uchta legioner o‘yin taqdirini hal qiladi, bir o‘zi bir nechta futbolchini aldab, natijaga erishadi. Bizdagi legionerlarning o‘zimizning qorako‘zlarimizdan ortiq joyi bormi? Aslida ular bizdan ancha kuchli bo‘lishlari kerak emasmi? Aks holda «nomi ulug‘ — suprasi quruq» futbolchilarga falon pul berib, olib o‘tirishdan nima foyda?

O‘FAdan keskin qarorlardan qochmaslikni iltimos qilaman. Masalan, legionerlarga qo‘yiladigan talabni yanada oshirish kerak. Ular o‘tgan mavsumlarda o‘ynagan ligasi, terma jamoadagi ko‘rsatkichi (agar o‘ynagan bo‘lsa), shaxsiy natijalari, yugurish, sakrash, to‘pni to‘xtatish, zarba berish, qo‘yingki, futbolchi uchun zarur bo‘lgan barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘zimizning futbolchilarimizdan yuqoriroq ko‘rsatkichga ega bo‘lishi lozim. Iloji bo‘lsa O‘FA qoshida maxsus komissiya tashkil etilib, undan test orqali o‘tish majburiy qilib qo‘yilishi lozim.

Har bir legioner haqida to‘xtalmoqchi emasman. Ammo «Lokomotiv»dagi Nivaldo va Suk Jay Cho haqida to‘xtalib o‘tmasam bo‘lmaydi. Chempionat boshlanmasidan jismoniy tayyorgarlikdan test topshirilishini hamma biladi. Bir necha futbolchi undan jismoniy holati yomonligi sababli o‘ta olmaganidan ham xabardormiz. Nivaldoning ana shu testdan o‘ta olganiga kimdir ishonadimi? Bu futbolchi o‘zini o‘zi zo‘rg‘a ko‘tarib yuradi-ku!

To‘g‘ri, u qaysidir jihatlari bilan bizning futbolchilardan ustun bo‘lishi mumkin. Ammo qonun-qoida hamma uchun bir xil bo‘lishi kerak emasmi? Shu futbolchi kelganidan beri jarohatdan qutula olmaydi. Agar shartnoma muddati bir yilga tuzilgan deb taxmin qilsak, u Toshkentda davolanib, qaytib ketishi aniq. Har qanday jamoa ham futbolchi sotib olayotganda uning sog‘lig‘iga qaraydimi? Nahotki mavsum boshidan jarohati bilan kelgan futbolchini «temiryo‘lchilar» tekshirib ko‘rishmagan bo‘lsa?!

Koreyalik futbolchiga kelsak, u maydondan ko‘ra zaxira o‘rindig‘ida ko‘proq ko‘rinish berayapti. O‘ynaganda ham raqib hujumchisiga «golli pas» berishdan nariga o‘tmaydi. Nima, u ham kasalmi? Sog‘ bo‘lsa, nega so‘nggi daqiqalarda maydonga tushayapti? Agar raqobatga dosh bermayotgan bo‘lsa, nima qilamiz unday legionerni?

Abdumajid Ahmedov

Izohlar 3

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring