Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Madayev va Xodjayev(lar) «jangi»: mag‘lubiyatga barobar g‘alaba (ikkinchi qism)

Madayev va Xodjayev(lar) «jangi»: mag‘lubiyatga barobar g‘alaba (ikkinchi qism)

Mavzuga doir:
Madayev va Xodjayev(lar) «jangi»: mag‘lubiyatga barobar g‘alaba (birinchi qism)


6

Yuqorida «Subhonboyev» fermer xo‘jaligidan zo‘ravonlarcha olib qo‘yilgan yerdan uch nafar fuqaroga dehqon xo‘jaligi yuritish uchun 0,12 gektardan «ulush» tekkani, bu azamatlar hokim qaroriga tupurgan holda o‘sha joyga yashash uchun imorat qurishganini aytib o‘tdik. Abdupatto Madayevning yozishicha, bu shunchaki rasmiyatchilik, aslida o‘sha yerlarning norasmiy sohiblari ham Xodjayevlar hisoblanadi, yana bir gapki, prokuror Xodjayev o‘sha «dehqon xo‘jaligi uchun» berilgan yerlarni 100 ming AQSh dollariga sotib yuborgani xususidagi gap-so‘zlar tumanda urchib ketgan...

Bu jiddiy ayblov, albatta. Quruq gap bilan birovning aybini isbotlash mushkul vazifa. Holatga bosibroq qaraymiz. Xo‘sh, go‘yoki dehqon xo‘jaligi uchun 0,12 gektardan yer olib, javobgarlikdan qo‘rqmay uy-joy qurishga jur’at etgan vallomatlar kim? Mana, bittasi: T.Rahimov. U aslida qashqadaryolik bo‘lib, Qo‘qon shahrida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tib yashayotgan fuqaro ekan. Boshqa viloyatdan kelib, vaqtincha yashayotgan odamning Dang‘arada 0,12 gektar yer olishining o‘zi mo‘’jizaga teng! Hokim qarorini pisand etmay noqonuniy imorat tiklashga topgan jur’atidan-ku hayratga tushmay iloj yo‘q. Shuning o‘zi kosa tagidagi «nimkosadan» belgi berib turibdi aslida. T.Rahimov kabi «baxti kulib» yerli bo‘lgan boshqa fuqarolar-chi? Ularning iqtisodiy holati qanday? «O‘zboshimchaligi» quvvati qanday omillarga borib taqaladi? Abdupatto Madayevning shikoyatini o‘rgangan Bosh prokuratura mas’ullari shu va shu kabi savollar ustida andak bosh qotirishganda yer «qog‘oz»da kimga-yu amalda kimga tegishli ekaniga oid qator shubha-gumonlarga oydinlik kiritilib, ortiqcha ishtibohlarga o‘rin qolmasmidi, kim bilsin?!

Mutasaddilar «chuqur ketib» o‘tirishmagan chamasi. Yerdan maqsadli foydalanmaganliklari uchun tuman zaxirasiga olingani, qurilgan noqonuniy imoratlarni buzish haqida sudga da’vo kiritilgani, bu jarayonda hujjat soxtalashtirishga oid jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani kabi holatlar bilan cheklanib, «...viloyat prokuraturasi xodimi A.Xodjayevning yer maydonining bir qismini 100 ming AQSh dollariga sotgani haqidagi vajlar o‘z tasdig‘ini topmadi» degan mazmunda xulosaga kelishadi (keyinchalik «o‘zboshimcha» fuqarolar amnistiya akti sabab javobgarlikdan qutulib qolishadi). Manzara jo‘yalidek: shikoyat o‘rganildimi? Ha! Qonunbuzarliklar aniqlandimi? Ha! Bu jarayonda biror hujjatda Xodjayevlar nomi bormi? Yo‘q! Nomi biror hujjatda zikr etilmagan odamlarni qanday ayblab bo‘ladi? Vassalom.

 Mutasaddilarning shu kabi xulosalari qo‘l kelib, prokuror Xodjayev Abdupatto Madayevni sudga berdi. Sud shikoyatchini «tuhmat» ayblovi bilan ma’muriy javobgarlikka tortdi. Mana buni «1:0» desa bo‘ladi. Madayevning «shikoyat mashinasi» ishlayverar ekan, tekshiruvchilarning qadami uzilmasligi tayin. Tekshirishga ishqibozlar ozmunchami? Endi keladiganlarga sud qarori zo‘r dastak: «Qayoqdagi tuhmatchining yozganlariga ishonib o‘tiribsizlarmi?». Qani, birov g‘ing desin-chi?! Sud qaroridan Madayevga o‘xshagan odam ko‘p-da tashvishga tushmaydi: jarimasi arzimas ekan, shunga shu-uncha vahimami? Ammo qonunni bilgan shaxs sudning bunday qarorini ko‘ziga to‘tiyo qilishi mumkin: chunki shu bir parcha hujjat uncha-muncha odamning salkam «olabo‘ji» ekaniga yetib ortadi.

Alqissa, sud qarori Xojdayevlarga yaxshigina qalqon, Abdupatto Madayevning qamoq sari ochilgan yo‘lidagi ilk yashil chiroqqa aylandi...

Qamoq? Ha-da!

Davom etamiz. 

7

Yuqoridagi manzaralar tomonlar o‘rtasidagi «jang» faqat «qonun doirasida» bo‘libdi-da degan xayolga boshlashi mumkin. Bir qarashda shunday. Biroq bu jarayonda «ko‘cha qoidalari» ham qo‘llanganga o‘xshaydiki, bunday demoqqa quyidagi voqea izn beradiganday.

Abdupatto Madayev to‘xtovsiz shikoyatlar yozib, ko‘plarning «mazasini qochirib» yurgan kunlarning birida O‘tkir Qurbonov va Shavkat Qahhorov degan shaxslar allamahalda uning uyiga kelib, haqoratlab, hatto qo‘l ko‘tarishgacha boradi. «Polvonlar» begona emasdi: O‘tkir Qurbonov — oqsoqol Xodjayevning haydovchisi bo‘lsa, Shavkat Qahhorov fermer Xodjayevning ishchisi... Albatta, birorta hujjatlarda ularning «biz xo‘jayinlarimizning buyrug‘ini bajardik» degan gapi yo‘q. Shunday ekan, ularni «yollangan» deyishga til bormaydi.

Shunga qaramay bezorilarning «qalb amri» ila tomonlarni yarashtirishga bel bog‘lashganiga ham ishonish qiyin. Ikki tomon «sulhi» uchun o‘rtaga tushishi mumkin va bunga ma’nan haqli insonlarga qirg‘in kelmagan hududda Xojdayevlarga tobe ikkita mushtumzo‘rning xizmatiga ehtiyoj sezilishi tasavvurga sig‘maydi baribir...

8

Abdupatto Madayev shikoyatlarini o‘rganish jarayonida mutasaddilarning ko‘pam «chuqur» ketmasligi, qator vajlardagi mavhumlik yoki mantiqan asosli ko‘rinsa-da, dalillar g‘aribligi ularni «o‘z tasdig‘ini topmadi» deya xulosa qilmoqqa izn berveradi. «Tasdig‘ini topmagan vajlar»ning ziddi tuhmat deyilishi ma’lum. Xullas, «tasdig‘ini topmagan vajlar» yig‘ilib-yig‘ilib, umumlashtirilib, boz «tuhmatchi»ligi haqidagi sud qarori tosh bosib, 2017 yilning yanvar oyida Abdupatto Madayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-modda 1-qismi («tuhmat») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan qo‘zg‘atilgani, bu hol prokuror Xodjayev Farg‘ona viloyati prokuraturasidan ko‘tarilib, shu dargohda ishlayotgan paytga to‘g‘ri kelganini ham tasodifga yo‘yamizmi?.. Boshqa iloj yo‘q. Ko‘rdik, ko‘rayapmiz: faqat qog‘ozlar «gapirayapti», quruq nola-yu tavallolarning bir chaqalik ahmiyati qolmayotir.

Albatta, muayan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi uning qip-qizil jinoyatchi ekanini anglatmaydi. Oldinda asabni qaqshatuvchi tergov jarayoni turibdi. Bu jarayonda hamma narsa bo‘lishi mumkin: ochilgan «ish» yopilishi ham (jinoyat alomatlari yo‘q degan asosda), ayblov yana-da to‘ldirilib, sudga oshirilishi ham. Shunga qaramay Abdupatto Madayevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi taqdirini avvaldan bashorat qilish qiyin emasdi: albatta sudga chiqadi! Birinchi sabab — «ish»ni Bosh prokuratura qo‘zg‘atayapti, amaliyotda shundayki, «yuqori»da ochilib, tergov qilish uchun quyi bosqichga yuborilgan «delo»lar doim ham harakatdan tugatilavermaydi, tergov jarayonida pichoqqa ilinadigan dalillar topilmasa ham. Chunki «yuqori» o‘z nomi bilan «yuqori»-da: ularda quyi bosqichdagi «delo»ni chaqirib olib, tergovchining qarorlarini bekor qilishdek huquq bor. Shu bois «yuqori»da qo‘zg‘atilgan ishni bekor qilishga «pastda»gi uncha-muncha tergovchining jur’ati yetmaydi. Abdupatto Madayevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergov harakatlarini o‘tkazish uchun Dang‘ara tumani IIBga yuborilishi-ku bashoratni salkam haqiqatga aylantiradi. Chunki Bosh prokuraturaning mas’ul xodimi jabrlanuvchi bo‘lgan jinoyat ishi tuman IIBda tergov qilinishining o‘zi amaldagi tartibga ko‘pam to‘g‘ri kelavermaydi. Bu o‘rinda «yuqori» va «quyi» faktori xolislik mezoniga ta’sir o‘tkazishi ehtimoli katta. Shuningdek, jabrlanuvchi xonadonning tumandagi nufuzini-ku ko‘rib turibmiz...

Shunday bo‘ldi ham.

Abdupatto Madayevning jinoyat ishi bir emas, ikki emas, naq to‘rt jild bo‘ldi?! Bu, shubhasiz, tergovchi «delo» sudga chiqishi uchun yaxshigina «ter to‘kkanini» anglatadi. Uncha-muncha og‘ir jinoyat ishlari ham bunchalar semirmas?..

Tergov jarayonida Abdupatto Madayevning «qilmishi» 139-moddaning 1-qismidan 3-qismi «g» bandiga qayta malakalangandi. Mazkur moddaning 1-qismi «...bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalarni tarqatish» deya atalib, jazosi ozodlikdan mahrum etishgacha borib yetmaydi. Biroq uning 3-qismi «g» bandi ayni qilmish «g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda» amalga oshirilganini nazarda tutadiki, jazo ham shunga yarasha: bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

...Xullas, «delo» sudda!

Kutilganidek, jinoyat ishi suddan silliqqina o‘tib ketdi.

Sud Abdupatto Madayevni to‘rt holatda «g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda» Xodjayevlarga tuhmat qilganlikda aybdor deb topdi.

1. Avvalo Abdupatto Madayev oqsoqol Xodjayev va prokuror Xodjayevga tuhmat qilib, ularni go‘yoki nufuzi va xizmat mavqeidan foydalanib, Dang‘ara tumanidagi «Ishonch Oqtepa» shirkat xo‘jaligiga qarashli dala shiyponini kimoshdi savdosiga qo‘ydirmasdan fermer Xojdayevga noqonuniy olib bergan deya uydirmalar tarqatganlikda ayblandi.

Ayni holatga kengroq qarashga urinamiz. Darhaqiqat, «Ishonch Oqtepa» shirkat xo‘jaligi balansida bo‘lgan dala shiyponi 2007 yil may oyida kimoshdi savdosiga qo‘yiladi. Unda qatnashish uchun bir necha fuqaro (M.Umarov, Ya.Tojiyev) tegishli to‘lovni amalga oshirib, savdo bo‘ladigan kuni aytilgan joyda hozir bo‘ladilar ham. Biroq o‘sha kunga belgilangan savdo negadir bekor qilinadi. Ko‘p o‘tmay ma’lum bo‘ladiki, ob’yekt fermer Xodjayevga oldi-sotdi shartnomasi orqali sotib yuborilibdi. Tergov jarayonida guvoh tariqasida so‘roq qilingan M.Umarov, Ya.Tojiyev, Yu.Yusupovlar tender o‘tadigan kuni prokuror Xodjayev kelganini, shirkat raisi M.Mirzamahmudovga «...bularni nimaga to‘plab o‘tiribsiz, sizga otamning gapi tushunarli emasmi?» deganini aytishadi. Yana bir guvoh fermer Xodjayev «Akamga aytsam qamatib yuboradi» deya po‘pisa qilganini ham bildiradi. Sobiq shirkat xo‘jaligining raisi M.Mirzamahmudov ham guvoh sifatida so‘roq qilinganda «...tender o‘tadigan kuni odam ko‘payib ketgani, norozilik kelib chiqmasligi uchun tenderni to‘xatib, shiyponni Ahror Xodjayevga tendersiz sotganini» oshkora bildiradi. Xo‘sh, bu yerda qani tuhmat? Guvohlarning gaplari osmondan olib yozilayotgani yo‘q, hamma ko‘rsatmalar jinoyat ishi qabatlarida turibdi. Gap shundaki, yuqorida nomlari qayd etilgan ayrim guvohlar sud majlisiga chaqirilmagan bo‘lsa, ayrimlarining ko‘rsatmalariga shunchaki e’tibor berib o‘tirilmagan. Shu o‘rinda bir holat: fermer Xodjayevga sotilgan ob’yekt bo‘yicha imzolangan oldi-sotdi shartnomasi(12.05.2007)ni oradan sakkiz yil o‘tib, Madayev to‘xtovsiz shikoyatlar yozayotgan paytda fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudi tomonidan haqiqiy deb topish haqida hal qiluv qarori (23.04.2015) chiqariladi. Oradan shuncha yil o‘tib, birov bilib-birov bilmagan oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy deb topish haqida sudda da’vo qo‘zg‘ashga nima majbur qildi? Bu asosi mo‘rt shartnomaning «qonunan mustahkamlab» qo‘yilishimi? Yoki buyam navbatdagi «yuridik fint»mi? Albatta, sud qarori kuchda ekan, ob’yektga bog‘liq har qanday holat huquqiy quvvatini yo‘qotaveradi. Sud qarori bekor qilinishi mumkinmi? Ehtimol. Buning uchun tomonlardan biri norozi bo‘lib, yuqori bosqich sudiga shikoyat berishi kerak. Biroq norozi tomonning o‘zi yo‘q: «Ishonch Oqtepa» shirkati allaqachon tugatilgan bo‘lsa, ob’yekt sohibi esa «mening foydamga chiqarilgan sud qarorini bekor qiling» deya shikoyat beradigan ahmoq emas. Prokuratura-chi? Indamadik. Xulosa — o‘zingizga tan.

2. Abdupatto Madayevga tirkalgan yana bir aybki, u prokuror Xodjayev go‘yoki tuman hokimiga tazyiq o‘tkazib, «Oyatullo To‘laboy yulduzi» fermer xo‘jaligining 46 gektar yerini qarindoshi Ilhom Usmonovga oldirib bergan...

«Oyatullo To‘laboy yulduzi» fermer xo‘jaligining yeri hokim tomonidan olib qo‘yilib, Ilhom Usmonovga berilgani — fakt. Bu borada chiqarilgan hokimning qarorlarida qo‘pol ravishda qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani ham fakt! Buni prokuror tomonidan kiritilgan protest va taqdimnomalar yaqqol tasdiqlab turibdi. Masala shundaki, ayni jarayonda ham birorta hujjatlarda jabrlanuvchining nomi ko‘rinmaydi. Shunga qaramay qiziq holatlar yetarli: bevosita Xodjayevlar yoki ularga yaqin odamlarga yermi yoki birorta ob’yektmi beriladigan bo‘lsa, albatta qonunbuzarlik sodir bo‘ladi. Bu qonunsizliklar qachonki Abdupatto Madayev shikoyat yozsagina aniqlanadi, bo‘lmasa — yo‘q... Shu o‘rinda qaysi maqol yodga keladi? E, o‘lmang: shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi.

Ayni epizodda «tuhmat» alomatlarini sezayapsizmi?

3. Abdupatto Madayevning yana bir aybiki: «...jinoyat ishlari bo‘yicha Dang‘ara tumani sudi tomonidan O‘tkir Qurbonov va Shavkat Qahhorovlar 15 va 12 sutkadan ma’muriy qamoqqa mustahiq etilib, jazoni to‘la o‘tashgan bo‘lsa-da, prokuror Xodjayevning aralashuvi bilan ular muddatidan avval jazodan qutulib ketishdi qabilida uydirma tarqatgan». Madayevning bu boradigi vajlarini ma’muriy qamoq muassasasining tegishli hujjatlarini ko‘zdan kechirib, «polvonlar» bilan bir kamerada saqlangan shaxslarni aniqlab, so‘roq qilib, ularga sarflangan oziq-ovqat va boshqa xarajatlarni aniqlab, keyin «tuhmat» deya talqin qilinganda edi, sudning xolisligiga gap yo‘q deb baralla aytish mumkin bo‘lardi. Shungaki hafsala qilmabdimi, demak...

4. Ayblovning o‘zak tomiri hisoblangan to‘rtinchi epizodga atroflicha to‘xtalish kerakka o‘xshaydi. Chunki Abdupatto Madayev shunchaki tuhmat qilishda emas, balki qilmishni «g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda» sodir etganlikda ayblanmoqda. Xo‘sh, uning «g‘arazgo‘ylik va boshqa past niyatlari» nimalarda ko‘rinadi? Ayblovga ko‘ra uning asl niyati shunda ekanki, Xodjayevlar haqida uydirmalar tarqatib, ularni sharmanda qilib, «Dang‘ara sayyod stil»ga biriktirib berilgan 1 gektar yerni qo‘lga kiritgach, uni (yerni!) katta summaga pullash bo‘lgan ekan?!

Ol-a devorging keladi, avvalo yer xususiy mulk emaski, «yeng ichida» sotib yuborish mumkin bo‘lsa? Boz hokim allaqachon «fatvosi»ni o‘qigan, Xodjayevlarning mehri tushgan yerni-ya? Bunga kim ishonadi?

Jinoyat ishida ayni epizod imkon qadar dalillangan. Dalilki, ish hujjatlari orasida I.Sulaymonov degan shaxsning sirli arizasi mavjud. Bu ariza qachon yozilgani, kim va qaysi sanada qabul qilgani noma’lum: bir varaq qog‘ozga nari-beri bitilgan — vassalom. Unda «...ikki yil avval «Fattoh» degan shaxs kelib, yerimni 150 ming AQSh dollariga sotaman dedi» degan mazmun bor, xolos. Mazkur ariza muallifining so‘roq bayonnomasida bu mazmun biroz kengayib quyidagicha ko‘rinish oladi: «...2016 yil «Abdupatto» va «Dilshod» ismli yigitlar kelib, («Abdupatto») 1,5 gektar yerim bor, sotaman dedi». Sirli arizadagi «Fattoh» so‘roq bayonnomasida «Dilshod»ga aylanib qolayotganining o‘zi qiziq. «Dilshod» shu tumanda istiqomat qiluvchi Dilshod Qahhorov ekan. E’tiborlisi, u ham begona bo‘lib chiqmadi: Abdupatto Madayevga nisbatan bezorilik harakati sodir etgan Shavkat Qahhorovga (fermer Xodjayevning ishchisi) ini hisoblanadi. Demak, Qahhorov va Madayev o‘rtasida adovat borligi e’tiborga olinsa, uning ko‘rsatmalarini xolis va haqqoniy deyishning iloji yo‘q. Bu esa o‘z-o‘zidan uning sudda «...A.Madayev bilan birga I.Sulaymonovning oldiga borib, yerni sotish masalasida gaplashganmiz» degan ma’nodagi gaplariga asosli shubha uyg‘otmaydimi? Ustiga ustak, u bu haqda dastlabki tergovda churq etmay, sudda, ayblovlar chok-chokidan so‘kilib ketay degan paytda «sayraydi», xolos. Shunga qaramay «yer sotilishi» borasidagi cho‘pchaknamo holat, sirli ariza va begona bo‘lmagan shaxsning shubhali ko‘rsatmalari «ishonchga sazovor» deb topildi. Sudlanuvchi Abdupatto Madayev esa «...I.Sulaymonov oldiga bormaganman, yer sotaman deb aytmaganman, bu qip-qizil tuhmat!» deganicha chirqillib qolaverdi...

...Yuqoridagi to‘rtta epizod Abdupatto Madayevga ikki yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishiga kifoya qilib, u sud zalidan qamoqqa olindi. Hukmda «jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash» belgilangandiki, bu mahkumning ilgari bir necha bor sudlanganiga bog‘landi. Ajab, mamlakatimizda o‘tkazilayotgan inqilobiy islohotlar hali Farg‘onaga yetib bormagan chog‘i. Bugun prezidentning xalqparvar siyosati tufayli hatto turli buzg‘unchi oqimlar ta’siriga tushib, qidiruvda bo‘lgan shaxslar qaytib kelsa, ularga qamoq jazosi tahdid solayotgani yo‘q. Tayyor bog‘i vayron etilganidan «dod!» deb, o‘z haq-huquqini talab qilishi oqibatida o‘ta bahsli ayblovlar bilan tuhmatchiga chiqarilgan insonga nisbatan bunday og‘ir jazo tayinlanishini nima bilan oqlab bo‘ladi?

9

...Alalxusus, tuman hokimining bitta fermerdan zo‘rlik bilan tortib olib, boshqaga g‘ayriqonuniy ravishda bervorgan yeri shuncha ko‘rgiliklarga olib keldi.

Bugun Abdupatto Madayev qamoqda. Salkam uch yil kurashib-kurashib yetib kelgan joyi shu bo‘ldi.

Bu orada Alisher Xodjayev Marg‘ilon shahriga prokuror etib tayinlandi.

Hokim Sh.Abdusalomov esa Dang‘aradan Toshloq tumaniga, xuddi shu lavozimga o‘tkazildi.

Bu «jang»ning boshqa ishtirokchilari hayoti ham tinch-osuda davom etayotir...

Bir emas, bir necha oilaning tirikchilik manbaiga aylanayozgan «Subhonboyev» fermer xo‘jaligi bog‘i o‘rni ayni kunlarda tap-taqir. Yaqin kelajakda bu joyda yangi uylar qad ko‘taradi chamasi, u yer-bu yerida beton ishlari boshlanib ketibdi.

Ajab, qamoqdan Abdupatto Madayev qanday ruhiyat va kayfiyat bilan chiqar ekan?

Izohlar 4

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring