Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

Majburiy mehnat tugadi, o‘qituvchi endi ozodmi?

Majburiy mehnat tugadi, o‘qituvchi endi ozodmi?

Foto: «Xabar.uz»

Diana Yenikeyevaning o‘limi, Prezidentning Sayxunoboddagi nutqi, Bosh vazirning majburiy mehnat masalasiga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi, vazirlarning iqrorlari... So‘nggi bir oy ichida ta’lim tizimi, xususan, o‘qituvchilar muammolari yana dolzarb masala sifatida kun tartibidan o‘rin oldi (zamonaviy atama bilan aytganda, trendga chiqdi).

Buning ham ijobiy, ham salbiy tomonlari bor: ijobiy tomoni – muammolar aytilyapti, hal qilinyapti. Salbiy tomoni esa hammasi aytilmayapti, demak, oxirigacha hal bo‘lmayapti. O‘qituvchilarning malakasi, obro‘si, dars sifati, ta’lim darajasini oshirish kabi mavzularda so‘z borar ekan, har narsani o‘z nomi bilan atash va boricha sanash kerak, bo‘lmasa, biz illatning o‘zi emas, oqibatlari bilan kurashib, vaqtni besamar o‘tkazaveramiz.

Bugun o‘qituvchining muammosi faqat majburiy mehnat emas. Uni yo‘qqa chiqarib, ta’lim tizimini katta balodan xalos etdik, endi hammasi yaxshi bo‘ladi, deya o‘zimizni ovutib ketaverishimiz yomon, juda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Vaqtida atroflicha tahlil qilib, tashxislarni qo‘yib, kompleks choralar ko‘rish, o‘qituvchini darsdan chalg‘ituvchi, obro‘siga putur yetkazuvchi, alaloqibat, ta’lim tizimiga zarar beruvchi illatlarning bariga qarshi yoppasiga kurashish davri keldi.

Xo‘sh, o‘qituvchini darsdan, bolalardan nima «o‘g‘irlab» olib qo‘yyapti? Nimalar uni malakasizlantiryapti, obro‘sizlantiryapti, kasbidan ko‘nglini sovityapti?

  • Majburiy mehnat. Bu borada ko‘p narsa oydinlashdi. Demak, ta’lim xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish bor ekan, bu tan olindi va unga qarshi kurash boshlandi. Samaralarini kutamiz. Biroq bir yozu bir qishni ko‘rmaguncha, bu masala hal bo‘ldi deyishga erta.
  • Qog‘ozbozlik. Sanang: sinf jurnali, sinf rahbari papkasi, sinf rahbari jurnali, sinf rahbarining tarbiyaviy ish (soat) hujjatlari, o‘quvchilarning kundalik daftari nazorati, ota-ona bilan ishlash daftari, dars konspekti, yillik reja, pedagogik soat, dars tahlili, fanga oid ko‘rgazmalar, past o‘zlashtiruvchilar, bo‘shliq bilan ishlash rejasi va daftari... u yog‘iga sabrim chidamadi.

Hayron qolaman, biz XXI asrda yashayapmizmi yo o‘rta asrlarda? Har tomondan innovatsiyalar inqilobi kuzatilayotgan bir davrda shuncha qog‘ozni kim to‘ldiradi? O‘qituvchi-da, albatta, deysiz. Ishonamiz. Ammo kim shuncha qog‘ozni o‘qib chiqadi? Hech kim. Shunchaki qog‘ozbozlik. Elektron ma’lumotlar bankini yaratish, audio va videotizimlar o‘rnatish kabi innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali shu qog‘ozlarni 90 foizgacha qisqartirish mumkin-ku. Juda bo‘lmasa, yordamchi o‘qituvchi ish o‘rnini yaratish kerakmikan, agar shuncha qog‘ozni to‘ldirish chindan ham juda zarur bo‘lsa.

Nima bo‘lganda ham, ish qilishdan ko‘ra qilingan/qilinmagan ish haqida yozishga ko‘proq vaqt va kuch ketishi — bema’nilik. Buni hamma aytyapti, yozyapti, ammo isloh etilmayapti, loyiha tayyorlanmayapti, investitsiyalar qidirilmayapti, xullas, muammoni bartaraf etish yo‘lida zarur choralar ko‘rilmayapti.

  • Jamoatchilik ishlari. Uyma-uy yurib ma’lumotlar yig‘ish, turli ommaviy tadbirlarda «fon bo‘lib turish», har xil tanlovlar, seminarlar va boshqa hisobot uchun qilinadigan ishlarda majburan ishtirok etish, turli qonun va qarorlar ijrosini mahallama-mahalla yurib tekshirib, hisobot tayyorlash...

Ekin, paxta mavsumlaridagi tashvishlarni-ku, aytmay qo‘yaqolaylik. Bularni o‘qituvchi qachon qiladi? Darsdan va qog‘ozbozlikdan bo‘shagan vaqtidami? Tadbirlar qachon o‘qituvchining vaqtiyu imkoniyatiga qarab tashkil etilgan? Albatta, bari o‘qituvchining o‘z ustida ishlashi va darsga tayyorlanishi uchun zarur vaqt hisobidan bo‘ladi.

  • Ortiqcha mas’uliyat. Ijtimoiy tarmoqdan: «10 yilcha oldin ayam maktabda ishlardi. Bir bola oilaviy mojaro sababli o‘zini osib qo‘ygan (darsdan tashqari vaqtda, o‘z uyida). Komissiya maktabni ag‘dar-to‘ntar qilib rahbariyatga nima degan, bilasizlarmi? «Har bir o‘quvchi qachon o‘zini o‘ldirishi mumkinligini bugun ko‘ziga qarab turib aniqlay olmasalaring, maktabda ishlashga haqqingiz yo‘q» degan».

O‘tgan yili uchinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘lim maktabidan kompyuterda yozilgan tilxat olib keldi, qo‘l qo‘yib berishim kerak ekan. Mazmuni: bolamni yozgi ta’til vaqtida ochiq suv havzalariga yubormayman, masjidga chiqarmayman, nazoratsiz qoldirmayman, bolamga o‘zim javobgarman... Bu qanday mantiqsizlik, deb o‘ylaysiz avval. Farzandimga doim o‘zim javobgarman-ku, nega bu qog‘ozga qo‘l qo‘yishim kerak? Bu tilxat na men, na bolam va na ta’lim uchun muhim. Ammo shu bir parchagina qog‘oz — o‘qituvchi uchun katta qalqon. Agar satrlar ostidan o‘qiy olsangiz, o‘qituvchining katta dardini ko‘rasiz.

Suriyaga ketib qolgan oila, jangarilarga qo‘shilib ketgan yoki voyaga yetmay tug‘ib qo‘ygan kollej o‘quvchilari, oilaviy kelishmovchiliklar uchun o‘zini osgan o‘smir... bari uchun o‘qituvchi javobgar. Tasavvur qiling, ish vaqti tugab, qog‘ozbozlik va jamoatchilik ishlaridan ham qutulib, o‘z farzandlariga ham kuchi qolmay, endigina oyog‘ini holsiz uzatib o‘tirgan o‘qituvchiga zudlik bilan ichki ishlar bo‘limiga yetib kel, deyiladi: o‘quvchisi o‘g‘rilik qilibdi.

Vaholanki, o‘quvchi maktabdan chiqqach, qachon, qayerga ketganini o‘qituvchi bila olmaydi, buning imkoni yo‘q. 30 o‘quvchining tunu kun qayerda ekanini qanday bilishi mumkin? Keyin maktab, avvalo, ta’lim maskanimi yo tarbiya? Albatta, ta’limni tarbiyadan ayirish mumkin emas. Lekin o‘qituvchi buning uchun har darsining kamida 15 daqiqasini tarbiya soatiga aylantirishi, xulqida muammosi bor o‘quvchi uchun uchastka noziri huzurida va IIBda sarg‘ayishi, tunlari yurak hovuchlab chiqishi kerakmi? Maktabda hamma narsa, jumladan, tarbiya ham ta’lim orqali berilishi lozim emasmi?

O‘qituvchi adabiyot darsida asarni yaxshi tahlil qilib bersa, matematika mashg‘ulotida bolani predmetga qiziqtira olsa, kimyo o‘qitishda olamning tarkibi, fizika darsida dunyoning tuzilishi haqida fikrlashga undashni eplasa, bolani tarbiyalagani shu emasmi? Maktabda oqni qoradan farqlash o‘rgatiladi, lekin oqnimi yo qorani tanlashni o‘rgatish oilada bo‘ladi, bu, avvalo, ota-onaning mas’uliyati-ku. Hozir bolaning tarbiyasini buzding, unga yaxshi baho qo‘ymay bosim o‘tkazding, deb ota-ona bemalol o‘qituvchining yoqasidan olishi mumkin.

Bunisi hech bir quyushqonga sig‘maydi. Bir paytlar muallimlar o‘zlarining obro‘-e’tibori, el orasidagi hurmati tufayli ibrat namunasi o‘laroq tarbiyaga xizmat qilgan bo‘lsa, endi tarbiyaga bevosita mas’ul odamlarga aylanib qoldilar. Maktab sifatli ta’lim berishi kerak, vassalom! O‘qituvchidan bolaning umumiy ruhiyati, xulqi uchun mas’ullikni olib tashlash lozim (mas’uliyat bir-biriga irg‘itiladigan to‘p emas, haqiqiy egasining zimmasida turadigan yukdir!). Mayli, o‘qituvchi tavsiya beruvchi, ishora qiluvchi bo‘lsin, ammo javobgar emas.

  • Moliyaviy ahvol. O‘qituvchining moliyaviy sharoiti ancha ko‘tarildi, chin dildan ishlasa, ustamalar va mukofotlar bilan yaxshigina pul oladi. Lekin maktablarning moddiy-texnik ahvoli yaxshilanmas ekan, o‘qituvchi faoliyatiga bu hol bevosita ta’sir qilaveradi. O‘quvchilaridan hali obunaga, hali maktabu sinf jamg‘armalariga, sinflarni ta’mirlashdan tortib oddiy oq qog‘ozgacha pul so‘rayveradigan o‘qituvchining obro‘si qolmaydi. Buni yaxshi anglagan muallimlar ko‘pincha sinf uchun xarajatlarni o‘z yonlaridan qiladilar.
  • Malaka yetishmasligi. Afsuski, o‘qituvchilarning malakasi ham tizimning muammolaridan biri. Ularni bilimsiz, deb bo‘lmaydi. Lekin qog‘ozbozlik, ortiqcha yumushlar va keragidan ortiq mas’uliyat ularga o‘z ustida ishlash, malakasini oshirish uchun imkon qoldirmayotgani sir emas. Ziyoli shaxs kuniga kamida 50 bet kitob o‘qishi kerak, bu uning ruhiy-ma’naviy ehtiyojidir. 50 bet kitob o‘qish uchun 2 soat bo‘sh vaqti bormi o‘qituvchining? Kitob o‘qimasa, malakasini qayerdan oshiradi? «Malaka oshirish kurslari» muammoning yechimi emas, o‘qituvchi har kuni malakasini oshirib borishi lozim.
  • Ijtimoiy sustkashlik va befarqlik. Ustozlar kuni munosabati bilan televideniyeda ko‘rsatuv suratga olindi. Asosan, o‘qituvchilar va ta’lim tizimidagi muammolar ko‘tarildi. Men ham bloger sifatida taklif etildim. Ko‘p gaplar aytildi va aytilmadi. Aytilmaganlarini keyin ijtimoiy tarmoqda yozdik. Lekin o‘sha ko‘rsatuvdan g‘alati, noxush taassurot bilan qaytdim. Ochig‘i, o‘qituvchilardan norozi bo‘ldim. Hammasidan emas, tok-shouga kelganlaridan.

Jurnalist-blogerlar «o‘qituvchining ahvoli va mavqei achinarli», deb ularning muammolarini ko‘tarib chiqishsa, ustozlar «yo‘q, hammasi joyida… biz unday-bunday ishlarni qildik, darsdan so‘ng bolalarning uyiga borish, kerak bo‘lsa, uxlayotgan joyidan uyg‘otib kelish bizning burchimiz… fidoyilikdan rohatlanamiz» mazmunidagi gaplar qilishdi. Eh, birortasi biron muammosini aytmadi… hech bo‘lmasa, ota-onadan nolisa-chi?

O‘qituvchilar, mayli, siz shunday ishlashga rozi ekansiz, ishlayvering. Lekin o‘ylab ko‘ring, nega bolalar repetitorsiz o‘qishga kirolmaydi? Nega o‘qituvchilarni hokimlar kaltaklayapti? Nega norasidalarga do‘q urayotgan asabiy hamkasblaringiz videolari ijtimoiy tarmoqda tobora ko‘payib ketyapti? Asablaringiz... insoniy g‘ururingiz… bolalarimizning ruhiy xotirjamligi… bilimi… umrining eng o‘rganadigan davrini fido qilish evaziga ko‘rsatayotgan fidoyiligingiz kimga kerak? Fidoyilik professionalizmdan ustun qo‘yilsa, yomon ekan. O‘qituvchilar hatto minbar berilganda ham o‘z muammolarini ayta olishmadi. Qo‘rqishdi. Biz ularni tushundik.

Ammo o‘sha kuni studiyada: «Biz vatanparvarligimiz va fidoyiligimiz sabab o‘z xohishimiz bilan ixtiyoriy tarzda jamoatchilik yumushlarini bajaramiz», degan o‘qituvchilar bugun yoshgina hamkasblarining o‘limidan vijdonlari qiynalmayaptimi? Bola yig‘lamasa, ona sut bermaydi. Muallimlarning muammolarini ulardan yaxshiroq hech kim bilmaydi. Bugun o‘qituvchilarning o‘zlari o‘zlariga yordam berishlari kerak. Buning uchun, avvalo, noto‘g‘ri ishlar haqida bong urish, kasbiy vazifalariga taalluqli bo‘lmagan turli «og‘zaki buyruqlar» haqida yuqori tashkilotlarga shikoyat qilish, jismoniy tazyiqqa uchraganlarida, hech bo‘lmasa, OAVga, blogerlarga chiqish mumkinligini bilsalar, shu imkoniyatlardan foydalansalar, avvalo, o‘zlari va hamkasblari, qolaversa, butun ta’lim tizimi va vatan ravnaqi yo‘lida katta ish qilgan bo‘lar edilar. Zero, muammolar hal bo‘lishi ular borligini tan olgan va bong urgan nuqtamizdan boshlanadi.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring