Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Maktab va universitetlarda umummilliy darslar o‘tkaziladi

Maktab va universitetlarda umummilliy darslar o‘tkaziladi

O‘zbekiston Prezidenti «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturi tasdiqlanib, dasturni amalga oshirish bo‘yicha Komissiya tashkil etildi. Komissiya  quyidagi vazifalarni bajaradi:

— Dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishga mas’ul ijrochilar faoliyatini muvofiqlashtiradi;

— Dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlar ijrosini tashkil qilishga va ularning o‘z vaqtida ijro etilishi monitoringini amalga oshirishga har taraflama ko‘maklashadi;

— Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlarda O‘zbekiston vakillarining faol ishtirok etishi bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, eng avvalo, BMT muassasalari bilan yaqin hamkorlik qilishini ta’minlaydi;

— Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni, mamlakatimizda maqsadi va shartlari inson, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘lgan demokratik, ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etadi.

Farmonga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda 2018 yilning 10 dekabr kuni mamlakatimizdagi barcha maktab, litsey, kollej, oliy ta’lim muassasalarida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan umummilliy dars o‘tkazadi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng qo‘shilgan dastlabki xalqaro-huquqiy hujjatlardan biri bo‘lgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida nazarda tutilgan asosiy tamoyillar o‘zining ifodasini topgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha 70 ta asosiy hujjatga qo‘shilgan bo‘lib, BMT tomonidan ushbu sohada qabul qilingan 10 ta asosiy xalqaro shartnoma ishtirokchisi hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring