Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

MTV «insofsiz mudirlar»ga qarshi kurash e’lon qildi

MTV «insofsiz mudirlar»ga qarshi kurash e’lon qildi

Foto: «Xabar.uz»

Farzandlarimiz xavfsizligi bevosita maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining professionalligi va halolligiga bog‘liq. Maktabgacha ta’lim muassasalarida muntazam ravishda o‘tkazib boriladigan auditorlik tekshiruvlari nafaqat qoidabuzarliklarni aniqlash va oldini olishga, balki maktabgacha ta’lim tizimini insofsiz xodimlardan xalos etishga qaratilgan, deyiladi MTV matbuot xizmati xabarida.

2018-yilning oktyabr oyida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasida rejali auditorlik tekshiruvi o‘tkazildi. Bunda mazkur muassasa mudiri D.Yu. audit tekshiruvi natijalarini kutmagan holda o‘z xohishiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida ariza taqdim etdi.

Tekshiruv davomida Maktabgacha ta’lim vazirligi auditorlari tomonidan 708 mln. so‘m miqdorida o‘g‘irlik va noqonuniy sarf-xarajatlar holatlari, shu jumladan:

  • amalda ishlamaydigan 19 nafar xodimga 592 mln. so‘mdan ortiq miqdorda ish haqi to‘lash;
  • 17,4 mln. so‘m miqdorida naqd pul mablag‘larini noqonuniy hisobdan chiqarish;
  • 4 mln. so‘mdan ortiq summaga oziq-ovqat mahsulotlari kamomadi;
  • 93,9 mln. so‘mlik go‘sht va sut mahsulotlarini asossiz hisobdan chiqarish holatlari aniqlandi.

Shuningdek, 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari 2018 yilning yanvar oyidan boshlab sentyabr oyiga qadar sut, tvorog, qatiq bilan ta’minlanmagan, go‘sht esa belgilangan normadan past miqdorda ajratilgan.

2018-yilning 15-noyabr kuni auditorlik tekshiruvi materiallari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga topshirildi. 2018-yilning 26-dekabrdida Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan Maktabgacha ta’lim vazirligi audit materiallari asosida jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Shu bilan birga 2018-yilning 22-oktyabrida Jizzax viloyati Kasaba uyushmasi kengashi D. Yu. ni 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi mudiri lavozimiga qayta tiklash yuzasidan sudga da’vo bilan murojaat etdi. 2018 yilning 18 dekabrida Jizzax fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudi taqdim etilgan da’voni qanoatlantirib, muassasa mudiriga majburiy progul uchun 3,3 mln. so‘m va moddiy zarar uchun 600 ming so‘m to‘lab berilishi haqida qaror qabul qildi.

«Afsuski, lavozimni sud orqali qayta tiklash keng tarqalgan amaliyot hisoblanadi. O‘z xohishiga ko‘ra yoki tegishli modda bo‘yicha ishdan bo‘shatilgan mudirlar sudda bosim ostida ishdan bo‘shaganini ta’kidlab, avvalgi mansabini qaytarishga harakat qiladilar. Birinchidan, bunday arizalar — Maktabgacha ta’lim vazirligiga nisbatan tuhmatdir. Ikkinchidan, biz o‘g‘irlik, korrupsiyaga oid firibgarliklar va boshqa qoidabuzarliklar bilan bolalar hayoti va salomatligini xavf ostiga qo‘yayotgan shaxslar maktabgacha ta’lim tizimiga qaytishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan hamkorlikda insofsiz xodimlar bilan mehnat shartnomalarini bekor qilish yuzasidan qonunchilikni to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha ishlarni boshladi va davom etadi», — deydi Maktabgacha ta’lim vazirligi yuridik boshqarmasi boshlig‘i Umida Usmonova.

2019-yilning 14-yanvarida Jizzax viloyati Maktabgacha ta’lim muassasalari boshqarmasi tomonidan Jizzax fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo birinchi instansiya sudi qarorini bekor qilish yuzasidan kassatsiya shikoyati taqdim etildi. O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan sud-huquq islohotlari, O‘zbekiston Respublikasining o‘z vaqtida bildirgan munosabati, sud qarorlarining qonunchilik normalariga muvofiq kelishini tekshirish sharofati bilan 2019-yilning 22-yanvarida 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi mudirini lavozimiga qayta tiklash va unga 3,9 mln. so‘m to‘lash to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi maktabgacha ta’lim tizimida korrupsiya holatlarini aniqlash va bartaraf etishda davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring