Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mardikor odam emasmi?

Mardikor odam emasmi?

Foto: «Xabar.uz»

Istilohda «mardikor» so‘zida qandaydir kamsituvchi ma’no borday tuyuladi. Aslida birovning koriga yaragan mard inson «mardikor» deyilishi aytiladi. Bu so‘zning «kulturniyroq» sinonimi borday: yollanib ishlovchilar! Hozir gap shu va shu kabi so‘zlarning ma’nosi haqida emas. Gap  o‘sha yollanib ishovchilar yoki qisqacha aytganda mardikorlarning mehnatga oid huquqlari haqida.

Ma’lumki, ish va xizmatlar ko‘rsatish fuqarolik va mehnat huquqi me’yorlari bilan tartibga solinadi. Lekin yollanib ishlovchilarning xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyati-chi? Ular ham huquqiy jihatdan tartibga solinganmi? Yo‘q-da! Bilasiz, mehnat shartnomasi xodim va ish beruvchi o‘rtasida (mehnat) munosabatlarini yuzaga keltiradi. Tartib-taomil mehnat qonunchiligi asosida belgilanadi. Biroq yollanma ishchilar, ya’niki, mardikorlarda bunday imkoniyat yo‘q darajada.

2018 yilning birinchi yarim yilligi holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholiga nisbatan 9,3 foizni tashkil etdi. Shundan 30 yoshgacha yoshlar ishsizlik darajasi 15,9 foizni, ayollar o‘rtasida — 13,4 foizni tashkil etgan. Eng ko‘p ishsizlik darajasi esa Farg‘ona (10,0 foiz), Andijon (9,9 foiz), Surxondaryo (9,9 foiz) viloyatlarida, eng kami Toshkent (7,8 foiz) shahrida qayd etildi. Yangi ish o‘rinlarining yaratilishi natijasida 2018 yilning yakuniga ko‘ra bu ko‘rsatkich 0.3 foizga yaxshilangan.

Aholining ish bilan band bo‘lmagan qatlamining katta qismi yollanma ishchi kuchiga aylanishi tabiiy hol. Biroq bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida yollanib ishlovchilarning xavfsizligi, mehnati muhofazasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar mavjud emas.

Bu esa yollanib ishlovchilarning huquqlari yetarli darajada himoya qilinmayotganligini bildiradi. Misol uchun, agar biror bir mardikor ish jarayonida jarohat olsa yoki, xudo ko‘rsatmasin, vafot etsa, uning xavfsizligi ta’minlanmaganligi uchun kim javobgar bo‘lishi belgilanmagan. Bundan tashqari, yollanib ishlovchi shaxslarga bajargan ishi uchun kelishilgan haq to‘liq to‘lab berilmasa yoki umuman to‘lanmasa, mazkur shaxslar kimga murojaat qilishlari ham birorta normativ-huquqiy hujjatda ko‘rsatib o‘tilmagan.  

To‘g‘ri, ular umumiy tartibda sudga murojaat qilishi mumkin. Lekin bu uzoq davom etadigan jarayon bo‘lib, bunga mardikorda vaqt, ishtiyoq va imkoniyat qayda, deysiz?! Ularning mehnatini ekspluatatsiya qilgan shaxslarga nisbatan samarali ta’sir choralari belgilanmagani esa muammo ustiga muammo tug‘diradi.

Bu borada xorij tajribasi qanday?

Germaniya, Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlarda yollanma ishchilarning huquqlarini kafolatovchi huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan. Lekin mazkur davlatlarda asosan xorijiy mehnat migrantlari va noqonuniy kirib kelib, mehnat qilayotganlar o‘rtasidagi huquqiy tafovutlarni belgilash maqsadida normativlar ishlab chiqilgan.

Bizda esa... Demak, bizda ham ichki migratsiya, kunlik yoki muayyan ishning natijasini topshirgunga qadar bo‘lgan og‘zaki shartnoma asosida mehnat qiluvchilarning huquqlari kafolatlangan huquqiy hujjatga ehtiyoj katta. Bu esa «Yollanma ishchilarning huquq va erkinliklari to‘g‘risida»gi  qonunni qabul qilish zaruratini keltirib chiqarmoqda.

Qonun mardikorlarning mehnatiga to‘lovlar to‘liq yoki umuman amalga oshirilmaganda, mehnat sharoitlari va sanitar gigiyenik talablarga javob bermaydigan joylarda ishlaganligi uchun sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan hollarda, shuningdek, ishlar (xizmatlar)ni bajarish vaqtida sog‘lig‘iga zarar yetgan, jarohat olgan yoki vafot etgan hollarda qanday yo‘l tutilishi kabi masalalar aniq tartibga solinishi lozim. Zero, huquqning toifasi bo‘lishi mumkin, illo mazhabi bo‘lmaydi.

Shamsinur Axtamov,
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti katta maslahatchisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring