Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mardikorning dilini og‘ritdim. Jazoni MIB berdi!

Mardikorning dilini og‘ritdim. Jazoni MIB berdi!

Foto: «Tajmigrant.com»

Bugun bir ajoyib ish bo‘ldi-da, anchagacha unutmay eslab yursam kerak.

Do‘konda ozgina qurilish ishlari qilayotgan edim.

Ertalab mardikor usta olib keldim. Uch kishi. Do‘kondagi buyumlarni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish va 0,5 metrga 12 metr joyga beton quyish kerak edi. Avval xizmat xaqqini kelishib olmoqchi bo‘ldik.

Men «300000 so‘m beraman» dedim. Uchovlari maslahatlashib:

— Qo‘shasiz yana! — dedi.

Men «Qo‘shmayman!» dedim.

— Qo‘shing! — dedi yana.

— Ha, qancha?

— 500000 so‘m.

— Juda qimmat-ku! Mayli 50000 qo‘shib, 350000 qilib beraman, bo‘ladimi? — dedim biroz jahlim chiqqandek.

Qisqasi, ular «450000 bo‘ladi!» deb turib oldilar. Men esa qimmatsiradim.

— 350000 dan bir so‘m ham oshmayman, xohlasangiz qiling, bo‘lmasa boshqalarni ham ishlataveraman! — dedim ozgina zaharxanda bilan.

Rozi bo‘lishmadi, norozi qiyofada mardikor bozoriga qaytib ketishdi.

«Balki yana 50000 qo‘shganimda ishlarmidi, ba’zan qattiqligim tutib ketadi-da», — deyman o‘zimga-o‘zim.

Biroz o‘tib esa «to‘g‘ri-da o‘zi nari borsa ikki kunlik ish bo‘lsa, har biriga kuniga 60000 dan to‘g‘ri keladi, yomon narx emasdi» deb qo‘yaman o‘zimni-o‘zim ovutib.

Ishchilar ketib qolganiga ko‘p bo‘lmadi. Do‘kon tashqarisida temirchi ustalar bolgarka apparatida temir kesayotgan edi.

Bir mahal kutilmaganda MIB xodimlari kelib qolsa deng.

Qarasaki, bolgarka apparatiga kelgan tok uzatgich(perenoska)ning bir uchi do‘kon ichidagi rozetkaga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr tarmog‘iga ulangan. Ichim bir shuv etdi.

Bolgarka apparatining ishlash quvvati 2 kilovattdan yuqori bo‘lganligi, agar ichkaridagi rozetkaga tok ulanadigan bo‘lsa elektr hisoblagich katta kuchlanishni ko‘tara olmay erib ketishi mumkinligini hisobga olib va «o‘zi bir kungina ishlasa hech nima qilmas» degan o‘y bilan ustalarga shunday qilishini o‘zim aytgan edim.

MIB xodimlari bu holatni ko‘rib, bir zumda ma’muriy huquqbuzarlikni rasmiylashtirishga kirishib ketdi.

U dedim, bu dedim, ko‘ndira olmadim.

Huquqbuzarlik haqida ma’muriy bayonnoma tuzdilar.

Jarimasini ham eshiting-da endi.

Huquqbuzarlik uchun eng kam ish haqining 5 barobari miqdorida, tokni uzish va ulash xizmati uchun yana eng kam ish haqining 2 barobari miqdorida, bundan tashqari bitta bolgarka apparati bir soatda qancha kilovatt tok sarf qilsa, shuni 12 soatga ko‘paytirib, chiqqan miqdorni 10 kundan oshiqqa ko‘paytirilar ekan-da, keyin bugungi kundagi narxga chaqarkan.

Taxminiy hisob 1,5 millonga borib qoldi.

Vaholanki, o‘sha bolgarka rostakam ishlagan bo‘lsa 20-30 ming so‘m tok yoqqandir yoki ozgina oshiqroq.

Ana chiqim!

Boyagina «Oilamni, ro‘zg‘orimni tebratish uchun og‘ir bo‘lsa-da ishlayman!» deb, shu mehnatga tayyor insonlarni atigi 50000 so‘m uchun tortishib, qattiqlik qilib, ortiga qaytarib yuborgan edim. Mana bu MIB voqeasi esa menga bo‘lgan javob, ya’ni «mukofot» bo‘ldi.

Ellik ming so‘mdan qochib, bir yarim millionga tutildim.

Mardikorlarning dilini og‘ritganim qoldi.

Ollohning o‘zi buyuk chevar, hammani chok-chokiga moslab to‘g‘rilab qo‘yadi.

O‘zi kechirsin!

Iqboljon Yusupov

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring