Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Matbuot – yolg‘onchilik minbarimi?

Matbuot – yolg‘onchilik minbarimi?

Foto: «Xabar.uz»

«Jomboy tongi» gazetasining 2016-yil 19-noyabrdagi sonida «Namunaviy chiqindixona quriladi» sarlavhali maqola e’lon qilingandi. Unda tuman obodonlashtirish boshqarmasi tashabbusi bilan rejali dastur ishlab chiqilgani va mahallalarda zamonaviy chiqindixonalar qurilishi, loyiha bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, shunday chiqindixonalarning dastlabkisi Toshkent mahallasi hududida qurilayotgani boshqarma mutasaddisi B.Haydarov tomonidan alohida ta’kidlangan edi.

«Yigirma to‘rt million so‘mlik mazkur loyiha «Samarqand-Maroqand bunyodkor qurilish» loyiha instituti tomonidan yaratilgan va arxitektura nazorat qurilish inspeksiyasi ma’qullagan. Qurilish 2016-yilning oxiriga qadar yakunlanadi. Kelgusida ana shunday namunaviy chiqindixonalar tumanimizning barcha mahallalarida barpo etiladi», — deyilgandi maqolada.

Oradan shuncha vaqt o‘tdi. Xo‘sh, «Namunaviy chiqindixona»da ishlar namunalidir? Boshqalarga namuna qilib ko‘rsatish uchun Toshkent mahallasiga yo‘l oldik.

Foto: «Xabar.uz»

Afsus, «namunali» joydagi manzara ta’bimizni xira qildi. Matbuot orqali berilgan va’da cho‘pchak ekan. Eng qizig‘i, «Jomboy tongi» gazetasi tahririyatining haqiqiy ahvoldan ajablanib yuborgan xatiga obodonlashtirish boshqarmasidan yumshoqqina javob kelgan: «Tuman obodonlashtirish boshqarmasi murojaatingizga javoban quyidagilarni ma’lum qiladi. «Toshkent» MFY hududida namunaviy chiqindixona qurilishi haqiqatan ham 2016 yil yakuniga rejalashtirilgan edi. Smetada mablag‘ yetmagani sababli 2017 yilga qoldirildi. Loyiha hujjatlari tayyorlangan.

Tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i D.Farmonov».

«Namunaviy» maqola chop etilganiga bir yarim yil, xat orqali izoh berilganiga bir yil bo‘libdi. Buni boshqarma bosh muhandisi Donoqul Quvondiqov shunday izohlaydi:

— Smeta mablag‘lari yetishmasligi oqibatida loyiha vaqtincha to‘xtatilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, «Toza hudud» davlat unitar korxonasi tashkil etildi. Ushbu jarayonda chiqindi tashish bilan bog‘liq barcha faoliyat ularning ixtiyoriga o‘tgan. Ayni paytda chala qolgan namunaviy chiqindixona loyihasi ham mazkur tuzilma ixtiyorida. To‘liqroq ma’lumot olish uchun ular bilan bog‘laning.

Foto: «Xabar.uz»

Navbat «Toza hudud» DUK tuman filialiga keldi.

— O‘zbekiston Prezidentining «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq chiqindilarni tashish, ko‘mish va utilizatsiya qilish korxonamiz vakolatiga o‘tgan, — deydi filial boshlig‘i Farhod Qo‘ziyev. — Shu asosda 2017 yil aprel oyidan chiqindixona ham balansimizga olindi. Ammo namunaviy chiqindixona loyihasi korxonamiz tashkil etilishidan avval tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan yaratilgan. Loyiha instituti va qurilish firmasi bilan shartnomalar ham mazkur boshqarma bilan tuzilgan. Boshqacha aytganda, qurilishi chala qolgan chiqindixona «Toza hudud» DUK balansida, loyiha va mablag‘lar esa obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli. Ayni paytda qurilishni oxiriga yetkazish uchun bizda ortiqcha mablag‘ yo‘q. Ob’yekt qurilishini boshlagan firma bilan korxonamiz o‘rtasida shartnoma ham tuzilmagan. Demak, loyihani davom ettirish bizning vakolatimizda emas.

Ana xolos! Bu yog‘i «Otangga bor, onangga bor» ekan-ku?!

Qiziq, «Namunaviy chiqindixonalar» loyihasi davom etadimi yoki ikki tashkilot o‘rtasida sansolar bo‘lganicha yana ko‘p yillar chala qoladimi?

Matbuot orqali berilgan va’dani kim bajaradi? Yoki matbuot rahbarlar uchun bajarilmaydigan balandparvoz gaplarni aytish uchun minbarmi?

Karimberdi To‘ramurod, «Xabar.uz» maxsus muxbiri,
Orifjon Odilov, «Jomboy tongi» muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring