Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Karimberdi To‘ramurod

Qo‘rqsang – yozma! Yozdingmi – qo‘rqma!

«Muallimalarga boqaman. Horg‘in... Yuzlari qurshovdan chiqqan oxirgi jangchining yuziga o‘xshaydi» (audio)

«Muallimalarga boqaman. Horg‘in... Yuzlari qurshovdan chiqqan oxirgi jangchining yuziga o‘xshaydi» (audio)

«Hamma narsa front uchun, g‘alaba uchun!» degan shior shu bechora o‘qituvchiga kelgandek.

Foto: «Sputnik»

Har safar bayramlarga chaqirilgan soha vakillarini kuzata turib, ularning yal-yal yonib o‘tirishidan ko‘zim yashnaydi.

Vatan himoyachilari kuni. Harbiylarimiz yig‘iladi. Hammasi o‘ktam, shijoatli, chiroyli kiyingan, yuzidan nur tomadi. Yuzidan yog‘ tomadi, boqilgan...

Xotin-qizlar kuni. Hammayoq gul. Birinchi safda inkubatordan chiqqan jo‘jalarday bir xil kiyintirilgan, bir xil pardoz qildirilgan, sochlari bir xil turmaklatilgan «Zulfiyaxonim izdoshlari». Qo‘llari bir xil, ko‘ksida, tabassumlari ham bir xil. Keyingi saflarda davlat va hukumat xotinlari. Chiroyli kiyingan, yuzidan nur tomadi. Yuzidan yog‘ tomadi, boqilgan...

Prokurorlar, sudyalar yig‘ilishlari. Hammasi chiroyli kiyingan. Hammasining yuzidan nur tomadi. Yuzidan yog‘ tomadi, boqilgan...

Mustaqillik va Navro‘z bayramlari. Hamma shod-xurram. Hamma chiroyli kiyingan. Hammaning yuzidan nur tomadi. Yuzidan yog‘ tomadi, boqilgan...

Deputatlar ko‘rsatiladi. Hammasi yaxshi kiyingan, hammasining yuzidan nur tomadi. Yuzidan yog‘ tomadi, boqilgan...

O‘qituvchilar kuni. Koshona to‘la o‘qituvchi. Ularning yuzlariga boqaman. Muallimalarning yuzlariga boqaman. Yuzlari qurshovdan chiqqan oxirgi jangchining yuziga o‘xshaydi. Shu bayramga oxirgi kuchi bilan yetib olganga o‘xshaydi. Horg‘in. Charchab ketgani yuz-ko‘zidan bilinib turadi. Koshonaning ulug‘vorligidan yanada kichrayib ketgan. Bunday ozoda maskanlar ham borligini ko‘rib, o‘zidan xijolat, bir egniga, bir oyog‘iga tikilaveradi, qimtinaveradi. Yuzlari g‘ijim, peshonasida ajin, yuzida ajin, ko‘zlarining atrofida ajin, bo‘ynida ajin, hadeb yashirayotgan qo‘llarida ajin. Yuziga tuproq sochilganday, tanasi savdogar dugonasidan olib kiyib kelgan ko‘ylagining ichida hilviraydi, boqilmagan...

Nega shunday?

Kelajagi buyuk davlat bo‘ladigan bo‘lsa, kelajak yoshlarning qo‘lida bo‘lsa, kelajakni quradigan yoshlarni ana shu zahmatkash muallimalar tarbiyalab berishi rost bo‘lsa, eng avval shu joni halak muallimalarni boqish kerak emasmidi?

Ana shu muallimalarni yaxshi kiyintirish kerak emasmidi?

Ana shu muallimalarning o‘quvchilari bo‘lgan «Zulfiya izdoshlari»ni emas, ularning ustozlari bo‘lgan muallimalarni bir xil kiyintirib, bir xil pardoz qildirib, sochlarini bir xil turmaklatib, birinchi qatorga o‘tqizib qo‘yish kerak emasmidi?

Men muallimalar deyapman. Chunki maktabda muallim qolmagan. Joni bori o‘zini savdoga, bozorga urgan. Eplay olmagani Rossiyaga ketgan. Har maktabda ikki-uchtadan muallim bor: bittasi Rossiyaga ketolmaydi, chiptaga puli yetmaydi. Ikkinchisi savdoni bilmaydi. Uchinchi xili ham bor, ana shularga ta’zim: ular maktabsiz, bolalarsiz yashay olmaydi.

Hali maktabda ishlab yurganimda «Darvoza hangomasi» degan bir hajviya yozgan edim. Ammo yuz foiz bo‘lgan voqeani yozgandim. XTB mudiri direktorimizga buyruq beribdi: «Hamma o‘qituvchilarning darvozalari ko‘kka bo‘yab chiqilsin!». Bir kattaning bo‘yoq zavodida ko‘k bo‘yoq yig‘ilib qolgan, elning katta shoiri televizorga chiqib, «Qizil rangning umri bitdi, dunyoda ko‘k degan rang ham bor» degan yillar edi. Direktor xizmatchilar bilan uch qishloqda yashaydigan yuzga yaqin o‘qituvchining uylarini aylanib chiqqan, ammo bitta ham o‘qituvchining uyida darvoza topolmagan edi. O‘zining ham darvozasi yo‘q edi. Do‘konchinikida bor, olibsotarnikida bor, traktorchinikida bor, dehqonnikida bor, qorovulnikida bor, ammo o‘qituvchinikida darvoza yo‘q edi. Qizig‘i, pensiyaga chiqib ketgan o‘qituvchilar, hatto o‘lib ketgan o‘qituvchinikida ham darvoza yo‘q edi (qiziq, menda haliyam yo‘q ekan...).

Maktablardagi yuz o‘qituvchining to‘qson yettitasi ayol. Bu yil ham o‘tgan yilgi ko‘ylagida kelib, dars o‘tadigan, talabaligida olgan yoki turmushga chiqqanida kuyov olib bergan paltoda nafaqaga chiqib ketadigan, qulog‘i onasi yo qaynonasi taqqan baldoqdan boshqasini ko‘rmaydigan, qo‘li nikoh o‘qilayotganda kuyov mahring deb taqqan uzukdan boshqasini ko‘rmaydigan ayol.

Nega shunday?

Chunki bugun eng kam maosh to‘lanadigan soha — maktab!
Eng kam e’tibor qilinadigan soha — maktab!
Kam maoshga ham chidab, boshini ko‘tarib, norozi bo‘lib qarab qo‘ymay ishlayveradigan odam — o‘qituvchi!

Maoshi kamligi ham mayli. Shugina maoshchasiga ko‘z tikkanlarning ko‘pligini aytmaysizmi? Komissiya kelayapti, yig‘! Maktab ta’miriga yig‘! Davlat gazetalari obunasiga yig‘! Maktab fondiga yig‘! Obodonchilik ishlariga yig‘! Paxta terimiga yig‘! Makulaturaga yig‘! Metallomga yig‘! Tug‘ilganlarga yig‘! O‘lganlarga yig‘! Yig‘-yig‘-yig‘!

Oylikkinasi beriladigan kuni svetchi, gazchi, suvchi, soliqchi kabilarning ertalabdan kelib joylashib olishiga nima deysiz? Aslida shularning kelishidan bilib qoladi o‘qituvchi bugun oylik olishini.

Bechora o‘qituvchi bunisiga ham chidab beradi, xuddi urush vaqtidagi «Hamma narsa front uchun, g‘alaba uchun!» degan shior shu bechora o‘qituvchiga kelgandek. Ammo «Darsingni qo‘y, o‘qib go‘r bo‘larmidi bolalaring, katta kelayapti, ko‘chamizdan o‘tib ketarmish» deb hokim buvalar o‘qituvchilarni ko‘cha supurishga olib chiqishi, o‘zi umrida qilmaydigan ishni qildirib, asfaltni yuvdirishi endi ortiqcha-da.

Bechora o‘qituvchi bunisiga ham chidab beradi. Bir senator opa aytgan gapga amal qiladi: «O‘z ko‘chamizni, o‘z vatanimizni o‘zimiz yuvmasak, supurmasak, chetdan kelib birov yuvib beradimi?».
Ammo yana darslarni to‘xtatib qo‘yib, ish bilan ro‘zg‘orga zo‘rg‘a ulgurayotgan bu muallimani endi oylab paxta terishga olib ketish, poyezdlarga qamab, ota-bobosi ko‘rmagan joylarga olib borib, paxta terdirish ortiqcha-da.

E, bechora o‘qituvchi bunisiga ham chidab beradi, «Ko‘pga kelgan to‘y» deydi, «Ishdan otam o‘luvdimi, ishdan enam o‘luvdimi, men ham o‘lmasman» deydi.

Ammo shuncha azob tortgan muallimalarni, mazluma ayollarning mushtipar rahbarlarini hokim buvalar qator qilib tizib qo‘yib, «hayvon»dan olib «haromi»ga solishi, ilhomi qo‘zib ketganida «E, bor-ye!» deb tortib-tortib yuborishi ortiqcha-da!

Eridan eshitmagan so‘kishni xalq ta’limi bo‘limi mudiridan eshitishi, hokim buvadan eshitishi ortiqcha-da! O‘sha hokimni, o‘sha mudirni o‘qitgan, qo‘lidan ushlab turib, «ona» deb yozishni o‘rgatgan muallimaning «Onangni...»dan olib so‘kish eshitishi ortiqcha-da!

Eri umrida bir chertmagan muallimani, direktor opani hokim buva turtkilashi, siltalashi ortiqcha-da!

Endi ayting, shuncha azoblardan, shuncha xo‘rlanishlardan, kamsitilishlardan, turtkilashlardan, haqoratlardan o‘lmay, o‘zini o‘ldirib qo‘ymay, O‘qituvchilar kuniga yetib kelgan muallimalarning yuzidan nur yog‘ilib turadimi? Yuzidan yog‘ tomib turadimi?

Tinglang, muallimalarni, o‘qituvchilarni, ustozlarni ulug‘lab, qo‘shiq yangramoqda:
«Mehr nuri yog‘ar doim yuzingizdan, ustozlar...».

Tahririyatdan:
Ikkinchi jahon urushidan keyin xarobaga aylangan Yaponiya tez orada dunyoning eng taraqqiy etgan davlatlari safida yetakchilik qildi. Albatta, bunday natijalarga erishishda yapon xalqining vatanparvarligi, mehnatkashligi bilan bir qatorda ta’lim tizimiga yuksak e’tibor ham yotardi. Bu davlatdagi ta’lim muvaffaqiyatining sababi haqida so‘ralganida «Biz o‘qituvchiga imperatorning hurmatini, deputatlarning daxlsizligini, vazirlarning oyligini berdik», deb javob berishgan. Balki bu gapda mubolag‘a bordir, lekin yaponlar ta’limga eng muhim yo‘nalish deb qaraganlari haqiqat. Keyinchalik Janubiy Koreya, Xitoy kabi davlatlar ham qo‘shnilaridan andoza oldilar va o‘qituvchilar faoliyati uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratib berdilar.

Hozir yuqori texnologiyalar va ishlab chiqarish bo‘yicha aynan shu davlatlar yetakchilik qilayotgani bejiz emas.

Kuni kecha xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov bilan bo‘lgan anjumanda ko‘pchilikni qiynayotgan masalalar ko‘tarildi. Xususan vazir o‘qituvchilarning qo‘shimcha ishlarga jalb qilinishlari ixtiyoriy ekanligi, shuningdek o‘qituvchilarning sha’nini e’zozlash va ularni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlanayotganligini, ularning maoshi ham ko‘tarilishi mumkinligini bildirgandi.

Qabul qilinajak qarorda «Hududiy va mahalliy davlat hokimiyati organlari, Xalq ta’limi vazirligining viloyat va tuman(shahar)lardagi boshqarma hamda bo‘limlari va boshqa tashkilotlar rahbar-xodimlarining o‘qituvchilar, Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlarga va boshqa tadbirlarga jalb etish taqiqlansin. Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari mazkur talabni buzganligi uchun egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida qat’iy ogohlantirilsin» degan mazmundagi band bo‘lishi zarur. O‘qituvchining haq-huquqlarini qonun darajasida himoyachi ta’minlansagina, u o‘zining ishi bilan shug‘ullansagina, sohada ijobiy o‘zgarishlar boshlanishiga umid qilsa bo‘ladi.

P.S. Maqolani nashrga tayyorlayotganimizda tahririyatimizga bir qo‘shiq kelib qoldi. Maqolani o‘qib bo‘lgach, shu qo‘shiqni ham tinglab ko‘ring. «Uzukka qo‘yilgan ko‘z bo‘libdi» deb yuborishingizga biz kafil.

Izohlar 15

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring