Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Messining so‘zlari rost chiqdi. Braziliya – Amerika Kubogi sohibi!

Messining so‘zlari rost chiqdi. Braziliya – Amerika Kubogi sohibi!

Amerika Kubogi musobaqasining finalidan o‘rin olgan Braziliya va Peru termalari o‘rtasidagi uchrashuv o‘z nihoyasiga yetdi. «Marakana» stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda maydon egalarining qo‘li baland keldi.

Uchrashuvni har ikki jamoa vakillari faol tarzda boshlashdi. 15-daqiqada Dani Alvesdan pas qabul qilib olgan Gabriel Jezus himoyachilarni chiroyli tarzda ortda qoldirgan holda jarima maydoniga uzatmani amalga oshirdi, u yerda Everton yaqin masofadan osonlik bilan darvozani ishg‘ol qildi.

Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida peruliklar penalti ishlab olishdi, uni Paolo Gerrero aniq bajarib muvozanatni tikladi. Biroq bunga braziliyaliklar tezda javob qaytarishdi. Roberto Firmino maydon markazida to‘pni olib qo‘ygach, tezlikda oldinga o‘tdi va markazga qulay uzatmani amalga oshirdi. To‘pni qabul qilib olgan Jezus darvozaning pastki burchagini aniq nishonga oldi.

Ikkinchi bo‘limni mezbonlar qator hujumlar bilan boshlashdi va bir nechta qulay imkoniyatni ko‘kka sovurishdi. Taym o‘rtalariga kelib mehmonlar faollikni oshirishdi va raqib jarima maydonida bosimni yuzaga keltirishdi. Buning ustiga 70-daqiqada Braziliya terma jamoasi bir kishi kam bo‘lib qoldi, Jezus ikkinchi sariq kartochkasini olib maydonni tark etdi.

Shundan keyin tashabbus peruliklarga o‘tdi va braziliyaliklar ma’lum muddat himoyalanishga majbur bo‘lishdi. Biroq o‘yin yakunlanishi arafasida «pentakampionlar» penalti ishlab olishdi. 11 metrlik jarima zarbasini Risharlison aniq bajardi va yakuniy hisobni o‘rnatdi.

Shu tariqa, Braziliya termasi o‘z maydonida o‘tgan musobaqada chempionga aylandi. Eslatib o‘tamiz, Argentina terma jamoasi ushbu musobaqada uchinchi o‘rinni egallagan, ammo hujumchi Lionel Messi bronza medalini olish uchun chiqmagan edi. U hakamlar va korrupsiya sababli Argentina finalga chiqa olmagani va bu musobaqada barchasi Braziliya g‘alaba qozonishi uchun yo‘naltirilganini ta’kidlab o‘tgan edi.

Lionel Messiga bu so‘zlari uchun qanday chora ko‘rilishi hozircha ma’lum qilinmagan.

Amerika Kubogi, final
Braziliya – Peru 3:1 (2:1, 1:0)
Gollar: 1:0 – 15 Everton, 1:1 – 44, penalti Gerrero, 2:1 – 45+3 Gabriel Jezus, 3:1 – 90, penalti Risharlison.
Braziliya – Alisson, Markinos, Aleks Sandro, Dani Alves, Tiago Silva, Kazemiro, Koutino (Eder Militao, 77), Artur, Firmino (Risharlison, 75), Everton (Allan, 90), Gabriel Jezus.
Peru – Galese, Sambrano, Advinkula, Abram, Trauko, Flores, Yotun (Ruidias, 78), Kueva, Karrilo (Polo, 86), Tapiya (Gonsales, 82), Gerrero.
Ogohlantirishlar: Gabriel Jezus (30), Tapiya (49), Tiago Silva (53), Sambrano (68), Advinkula (84), Risharlison (90).
Chetlatish: Gabriel Jezus (70).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring