Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mudrab yotgan ayrim rahbarlar ham uyg‘onishini istardik

Mudrab yotgan ayrim rahbarlar ham uyg‘onishini istardik

Foto: «Xabar.uz»

Yaqinda Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi Botirobod mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Gulbahor Akbarovadan xat oldik. 

«To‘ng‘ich qizim Hayotxon miya falaji xastaligi bilan dunyoga kelgan, — deyiladi maktubda. — Turmush o‘rtog‘im bilan o‘n yildan buyon uning parvarishi bilan bandmiz. Qizim umuman gapirolmaydi, harakatlanmaydi, hatto ovqatini ham bizning ko‘magimiz bilan yeydi. Ammo bir zum bo‘lsin umidimizni so‘ndirmaymiz, mo‘’jiza yuz berishiga, kasaliga shifo topilishiga katta ilinj bilan yashaymiz.

Sizlarga maktub yo‘llashimizdan maqsadimiz esa sizlar orqali biz kabi ko‘makka muhtoj insonlar muammolariga befarq bo‘lmayotgan insonlarga minnatdorlik bildirib qo‘yishdir. Gap shundaki, xasta qizimizni faqat ko‘tarib yurishga to‘g‘ri keladi, kichkinaligida bilinmasdi, ammo ulg‘aygan sari bu ham qo‘shimcha muammolar tug‘dira boshladi. Qizimdan tashqari yana uch nafar farzandim bor, ikkitasi hali bog‘cha yoshida. Qizimdan ortib ularga ko‘ngildagidek qaray ham olmayman. Uy yumushlarini bajarishgayam qiynalaman. Xullas, qizim uchun nogironlik aravachasi judayam zarur edi. Aravacha so‘rab mahalla raisiga qilgan murojaatlarimizdan foyda bo‘lmayotgandi. Keyin boshqa joylarga ham chiqdik...

Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami kunlari uyimizga tumanimiz prokurori Elyor Abdullayev kirib keldi. Qizim uchun nogironlik aravachasi olib kelibdi. Kutilmagan tashrifdan, sovg‘adan quvonchimiz ichimizga sig‘may ketdi. Endi mushkulim ancha osonlashdi, qizimni aravachaga o‘tqazib yumushlarimni bemalol qilishim, ko‘chalarga qiynalmay olib chiqishim mumkin.

Elyor Abdullayev boshqa muammolarimizni ham obdon so‘rab-surishtirib, qo‘lidan kelgan yordamini ayamasligini ta’kidlaganida men ham shu jamiyatning to‘laqonli e’zosi ekanligimni, qizim kabilar uchun qayg‘urayotganlar borligini his qildim. Meni anchadan buyon ish staji qiynayotgandi, chunki nogiron farzandim tarbiyasi bois hech qayerda ishlay olmayman. Qonunchiligimizda esa biz kabilarga alohida imtiyozlar borligini eshitgandim. E.Abdullayev menga albatta ish staji yuritilishini ta’kidlab, mas’ul shaxslarni jalb qilgan holda bu masalaga ham yechim topishga va’da berdi.

Men oilamiz nomidan Elyor Abdullayevga minnatdorlik bildirar ekanman, o‘zim kabi nogiron farzand tarbiyalayotgan onalarga, hech qachon tushkunlikka tushmang, deyman. Chunki biz uchun alohida qayg‘urayotgan prezidentimiz, qolaversa, u kishiga kamarbasta bo‘layotgan rahbarlarimiz bor ekan, hech qachon yolg‘izlanib qolmaymiz».

Maktubni o‘qiganlar orasida, ha endi, kam ta’minlarga, nogironlarga yordam berish davlatimiz siyosatining ustuvor vazifasiga aylangan, bunga barcha rahbarlar mas’ulda, deydiganlar ham topiladi. Albatta, shunday va shunday bo‘lyapti ham. Lekin, bu kabi ezgu ishlarga panja ortidan qarab kelayotgan yoki davlat tomonidan aholi uchun tarqatilishi kerak bo‘lgan, narxi nari borsa 65-70 ming turadigan suyultirilgan gaz ballonlarini tanish-bilishlariga 100-150 mingdan pullayotgan mas’ullar ham bor-da.

Mudrab yotgan ayrim rahbarlar ham uyg‘onishlarini istardik. Qolaversa, biror kishidan yaxshilik ko‘rsangiz, davralarda, odamlar orasida uning yaxshi amalini gapirib maqtanglar, toki bu maqtovlar og‘izma-og‘iz o‘sha kishining qulog‘iga yetib borsin va u bundan xursand bo‘lib ezguliklar qilishga yana-da ko‘proq jiddu jahd qilsin, deyiladi hadislarda. 

Yana bir gap: surishtirib ko‘rsak, maktub yo‘llagan singlimiz ikki farzandini bog‘chaga berishga katta ehtiyoj sezadi. Botirobod mahallasidagi bolalar bog‘chasi esa uzoq yillardan beri ishlamas ekan. Odamlar farzandlarini qo‘shni qishloqlardagi bog‘chalarga olib borishga majbur. Bu muammoni mahalla bog‘chasini kapital ta’mirlash orqali hal etish mumkin. Ham aholi ovoragarchiliklardan qutiladi, ham qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. O‘ylaymizki, Izboskan tumani rahbarlari bu muammoga yechim topa olishadi. Biz esa ularga xalqni rozi qilishdek ezgu amallarda charchamang, deb qolamiz.

Usmonjon Yo‘ldoshev,
«Xabar» muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring