Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muzaffarning Prezidentga aytmoqchi bo‘lgan gaplari

Muzaffarning Prezidentga aytmoqchi bo‘lgan gaplari

Darvoqe, kim bu kamxarj oilalar deganimiz? Kambag‘allarmi? Yo‘q va yana yo‘q...

Foto: Nozim Ismoilov.

«Assalomu alaykum, aziz yurtboshim! Bugun men vatanli bo‘ldim. Hozir qalbimni bosib kelayotgan fikrlarni to‘la ayta olmasam, ifoda qilolmasam kerak. Allohning marhamati, sizning xalqparvar siyosatingiz tufayli bugun oilam bilan yangi uyga ko‘chib o‘tdik. Albatta, dunyoda uyli-joyli bo‘lganlar, bundan behad mutaassir bo‘lib, ko‘ziga yosh olganlar ko‘p, lekin...».

Birinchi lirik chekinish. Bugun baxtdan masrur bo‘layotgan yurtdoshimiz Muzaffar Haydarovning qalb so‘zlarini keyinroqqa qoldirishga ijozat bergaysiz, orada boshqa gaplarni aytib o‘tmasak bo‘lmas...

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, ayni paytda O‘zbekiston bo‘yicha 600 ming nafar, Toshkent viloyatida esa 44 ming nafardan ziyod jismoniy imkoniyati cheklangan, nogiron fuqarolar bor. O‘tgan yili ana o‘sha fuqarolarni uzoq yillar davomida qiynab kelayotgan muammolarga davlat miqyosida e’tibor qaratila boshlandi. Ayniqsa, davlat boshlig‘ining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bunday yurtdoshlarimizga katta dalda, madad bo‘ldi.

Xo‘sh, o‘tgan vaqt davomida nimalar qilindi? Bu sa’y-harakatlarning tub mohiyatida qanday maqsadlar bor?

Toshkent viloyati misolida aytsak, ayni vaqtda nogiron, uy-joyga muhtoj 127 nafar fuqaroga joriy yil yakuniga qadar uy qurib berish rejalashtirilgan. Faqat bugina emas, mutasaddilar kamxarj oilalarga ham alohida e’tibor qaratishmoqda. Bugun viloyatda istiqomat qilayotgan har bir kamxarj oila o‘z ortida davlat, prezident turganini his qilib yashayapti.

Foto: Nozim Ismoilov

Xitoylarda «Baliqni tekin berib, muammodan vaqtincha qutulish samarasiz, odamlarga baliq tutishni o‘rgatish kerak» degan prinsip bor ekan. Islohotlar manzarasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, kamxarj oilalar, shuningdek, mehnat qilishga layoqatli nogironlarga halol mehnat qilish, daromad topish imkoniyati taqdim etilmoqda. Shu maqsadda bugun viloyatning har bir tuman va shaharida istiqomat qilayotgan kamxarj oilalarga boshlang‘ich biznesni boshlash uchun sarmoya (kredit shaklida), uy sharoitida ishlash uchun sohasidan kelib chiqib zarur asbob-uskuna (lizing shaklida, sharoitidan kelib chiqib aksariyat hollarda tekin) berilayapti. Mablag‘ qayerdan kelayapti, bu shariat ahkomlariga zid emasmi, bu pul halolmi o‘zi deguvchilarga: mablag‘lar mahalliy budjetning orttirilgan qismidan, sodda aytganda, davlatning hisobidan ajratilmoqda.

Darvoqe, kim bu kamxarj oilalar deganimiz? Kambag‘allarmi? Yo‘q va yana yo‘q...

Ikkinchi lirik chekinish. Shuni mulohaza qilib ko‘rarkanman, bir paytlar «Men ishchi-batrak farzandiman, kambag‘alning bolasiman» deya ko‘krak kerishlar olqishlangan zamonlarni eslayman. Bugungi odamlarimiz kambag‘alligi bilan maqtanmasligining o‘zi zamonning maromini, hayot darajasini bir qadar ifodalaydi aslida. Sovet tuzumi boylarni yo‘qotishni shior, dastak qilib olgan bo‘lsa, bugungi O‘zbekistonimizga boqib, kambag‘allikni tugatishga harakat qilinayotganini ko‘rish mumkin. Bunda farq katta. «Odamlar avval aqliy jihatdan tabaqalanadi va u mulkiy tabaqalanishga olib keladi», — deydi donolardan biri. Qashshoqlik – avvalo fikrsizlikdir. Aqlning dangasaligi cho‘ntakning «kasal»ligida zohir bo‘ladi.

Foto: Nozim Ismoilov

Demoqchimanki, keyingi yillarda umumiy ijtimoiy kayfiyat, fikrlash tarzi mutlaqo o‘zgardi. Ilgarilari olis-olis purviqor cho‘qqilarda savlat to‘kib turadigandek tuyuladigan davlat hazratlari ana endi sifatli ko‘rsatuv, tahliliy maqola, keskin tanqidiy fikrlar, ochiq minbarlar, xalq qabulxonasi shaklida odamlarning uyiga, qalbiga kirib bormoqda. Shuning uchun ham bugunning odamlari «Men – kambag‘alman» deya ochiq aytishdan or qilar darajaga yetdi. Millatning fikratida katta o‘zgarish sodir bo‘lgani mana shudir!..

Lirik chekinishlarning oxirgisi. Bo‘ka tumani «Navro‘z» mahalla fuqarolar yig‘ini. Choshgohga borib bu yerga chor-atrofdan tumonat odam to‘plandi. Uy-joyga muhtoj oilalar, shuningdek, nogiron fuqarolarning 18 nafariga hovlilarning kalitlari topshirildi. Bu uylarning boshlang‘ich badali davlat tomonidan to‘lab berilgan. Qolgan mablag‘lar esa... Yana maqola avvaliga qaytib, Muzaffar akaning qalb so‘zining davomini keltiramiz:

«...lekin men o‘zimga bunchalar g‘amxo‘rlik ko‘rsatiladi deb kutmagan, sira o‘ylamagan edim. Oilada uch aka-ukamiz. Men katta farzandman. Tafsilotlarini aytmay qo‘yaqolay, xullas, taqdir taqozosi bilan bugun maxsus aravachada harakatlanaman. 9 va 11 yashar o‘g‘illarim bor. Bugundan boshlab ularning ko‘ziga tik qaray olaman! Chunki vatan ichra vatanli bo‘ldim! Men ham jamiyatimizning to‘laqonli bir a’zosi ekanimni his qildim. Bu ishonch va e’tibor, g‘amxo‘rlik uchun rahmat sizga, aziz yurtboshim... Ayolimga tikuv mashinasi oldik. U qo‘ligul chevar. Yelib-yugurayotgan vakillaringiz – viloyatdagi mas’ullarning harakati bilan uyda o‘tirib, shu kasb bilan shug‘ullanishga sharoit yaratib berishdi. Buyurtmalar asosida ishlayapmiz. Uy olganim, ostonasi tillodan xonadonim bo‘lgani bir quvonch, halol mehnat qilib, daromad topib, shuning orqasidan ertangi kunimizni ko‘rayotganimiz yana bir baxt... Men sizning bir fikrdosh do‘stingiz, sadoqatli farzandingiz bo‘lib, Alloh taolo bergan imkoniyatimni ishga solib, ona vatanimizni chamaniston qilishga kamarbastaman...».

Foto: Nozim Ismoilov

Qolgan gaplarni esa yozib bo‘lmaydi. Shunchaki buning iloji yo‘q. Muzaffar akaning so‘zlarini yozsam, kimdir haddan ziyod bo‘rttirishga yo‘yadi, kimdir esa meni xushomadgo‘ylikda ayblaydi. Ammo rostu yolg‘on qalashib ketgan dunyoda olis bir manzilda bu kabi toza ko‘ngilga, samimiy bir qalbga, yurtim deya jo‘shayotgan asl tuyg‘ularga ro‘baro‘ kelganimni hech qachon unutmayman...

Behzod Qobulov, «Xabar.uz»ning Toshkent viloyati bo‘yicha maxsus muxbiri.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring