Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Yolg‘izlik, keksalik, bemorlik yoxud najot farishtalari kimlar?

Yolg‘izlik, keksalik, bemorlik yoxud najot farishtalari kimlar?

Foto: «Xabar.uz»

«Qo‘pol muomalani unutmaydi, o‘ch oladi»

Ana 25 yoshli qiz. Gavdasi 7-8 yoshli bolani eslatadi. Krovatga mixlangan. Anavi ayollarning esa sochlari olingan, havo issiq, ularni tarab, tartibga keltirishning imkoni yo‘q...

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan jurnalistlar uchun Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga press-tur tashkil qilindi. Biz uchun bu katta imkoniyat edi. Chunki tajribadan ma’lumki bunday maskanga necha joydan ruxsat olibgina bora olasiz. Yaratilgan sharoitlar haqida istagancha yozishimiz mumkin. Lekin Sirdaryo «Muruvvat» nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyiga o‘xshash joylarda fidoyi insonlar ishlamas ekan, yaratilgan sharoit hech narsa qilib berolmaydi.

Bu yerda 274 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslardan 78 nafari o‘zgalar parvarishiga muhtojlar. Ularga 167 nafar xodim biriktirilgan.

Oligofreniya, shizofreniya, epilepsiya, bosh miya organik kasalliklari bilan xastalangan bu bemorlarni temirdan irodasi bor shifokorgina «tushunadi».

«Ularga faqat yaxshi gapirish kerak, hatto ko‘zlaringiz bilan ham yomon qarasangiz unutmaydi, baribir bir kun o‘ch oladi», «Ularning «devi» bor, shunaqa paytlar bo‘ladiki, 3-4 ta xodim bas kelolmaymiz», «Ba’zilarining kasalliklari orttirilgan, ba’zilariniki esa tug‘ma...».

Muruvvat uyida yashovchilar bilan til topishish oson emasligini shu yerda ishlaydigan xodimlarning charchoq aks etgan yuzlaridan bilsa bo‘ladi. Lekin shunga qaramay ularning yuz-ko‘zida tabassum. Bu yerdagi bemorlarga xafa ko‘rinish, jerkish, urishish mumkin emas.

«Biz uchun bitta bemorning sochini tarashni yoki taroqni ushlashni o‘rgatishimiz katta yutuq», deydi xodimlardan biri.

Ayollar mashg‘ulot o‘tayotgan xonaga kiramiz. Ehhe, bu yerdagi ayollar hatto kashta tikishni o‘rganishgan, hatto rasm chizishni biladi, hatto to‘qishni biladi... O‘zining kimligini anglay olmagan, hissiyotlarini boshqarolmagan nogironlar hunar biladi... Mingga yaqin kitoblari mavjud bo‘lgan kutubxonaining 12 nafar a’zosiyam bor.

– Muassasada nogironlik aravachalari erkin harakatlanishi uchun yo‘lak sementlandi, sun’iy gazon xarid qilinib yozgi sport maydonchasi barpo etildi. Bemorlar vaqtini yaxshi o‘tkazishi uchun voleybol setkasi, to‘plar, basketbol halqasi, tennis stoli mavjud, ko‘rib turganingizdek, ular uchun deyarli har kuni konsert tashkil qilamiz, — deydi madaniyat tashkilotchi Saodat Naxliyeva.

Muruvvat uyiga kirishingiz bilan chaman ochilgan gullarga ko‘zingiz tushadi. Nariroqda butalar mevali va manzarali daraxtlar.

Bemorlarning qah-qah otib kulayotgan, raqs tushayotgan, qo‘shiq aytayotgan yoki qatorlashib o‘tirgan holatlariga guvoh bo‘lamiz. Bu yerda ishlayotgan xodimlar esa ular kulsa kuladi, yig‘lasa qo‘shilib yig‘laydi. Chunki ularning ayanchli taqdiridan ular xabardor, 20-30 yillab ishlayotganlari bor.

Ashura Alimova, ruhshunos:

 Bu yerda keyinchalik orttirilgan xastaliklar bilan kelgan bemorlar ham bor. Masalan, o‘gay onaning zug‘umi, otaning qizini zo‘rlashi, farzandining o‘limi. Ko‘pchiligini qarindoshlari tashlab ketgach unutadi, ba’zilariniki kelib yo‘qlab turadi. Hissiyotlari alg‘ov-dalg‘ov bo‘lsa-da bular ota-onasini, farzandini sog‘inadi, kutadi, yig‘laydi, baqirib chaqiradi...

Shu o‘rinda oligofreniya va shizofreniya haqida bilish uchun tibbiyot ensiklopediyasiga yuzlanamiz.

Oligofreniya

Tug‘ma yoki 3 yoshgacha bo‘lgan davrda orttirilgan ruhiy rivojlanmay qolish bilan kechadigan kasalliklar guruhiga kiradi. Uning asosiy belgisi ruhiy faoliyatning hamma tomonlama yetishmasligi, shaxsning bilim va ko‘nikmalarining yetuk emasligi, tafakkuri, fikrlash qobiliyatining chegarlanganligi yoki umuman yo‘qligi. Oligofreniyada so‘z boyligi, so‘zlash qobiliyati, hissiyotlar, harakatlar ham sayoz bo‘ladi. Ko‘pincha, bunday bemorlarda turli xil tug‘ma nuqsonlar (anomaliyalar) kuzatiladi. Bularga mushaklarning zaifligi (parez), bosh miya chanog‘ining katta yoki kichikligi hamda qiyshiq bo‘lishi, ko‘z, quloq, burun, og‘iz bo‘shlig‘i, qo‘l-oyoq panjalari kamchiliklari yoki nuqsonlari va boshqa(lar) kiradi. Kattaroq yoshga yetgan aqliy noraso bemorlarda daydilik, ovqatlanish va jinsiy hislarning oshishiga taalluqli xatti-harakatlar, itoat etmaslik, qaysarlik yoki tajovujkorlik belgilari kuzatiladi.

Shizofreniya

Shizofreniya ham ruhiy kasallik, etiologiyasi noma’lum. Ko‘proq 18-35 yoshgacha bo‘lgan davrda kuzatiladi.

Shizofreniya, ko‘pincha, odamovi, kamgap, hissiyotlari sust fe’l-atvorli kishilarda rivojlangani uchun ham ular atrofidagi kishilarda ancha vaqtgacha hech qanday shubha ug‘otmaydi. Bemor, odatda, tez toliqish, quvvat, g‘ayrat va havas pasayganidan shikoyat qiladi, uni faollashtirishga javoban, serzarda va injiqlik qiladi. Bu shizofreniyaning o‘ziga xos asteniya holatidir. Bu holat boshlanishida o‘ziga xos hissiy buzilishlar, kayfiyatning besabab o‘zgarishi, loqaydlik, vahimaga tushish kuzatiladi. Odamovilik (autizm) kuchayadi, bemor jamiyatdan butunlay chetlashib qoladi; injiqlik, o‘chakishish, sababsiz vahimaga tushish kuchayadi. Qo‘rquv va miyadan ketmaydigan «shilqim fikrlar» oqibatida irim sifatlari paydo bo‘ladi. Masalan, ishxonaga sog‘-omon yetib olishi uchun ostonadan chiqqach, chap yelka tomonga qayrilib uch marta tuflab olish va h.k. Bemorning fikrlari borgan sari o‘z-o‘zidan quyulib kelaverdigan bema’ni va befoyda mulohazalar quyunidan (mentizm) iborat bo‘ladi. Masalan, bemor tunu kun nega odamda ikkita oyog‘i, hayvonlarda to‘rtta deb, o‘ylab yuraveradi. Bu davrda, ko‘pincha, kuchli bosh og‘rig‘i, uyqu buzilishi kuzatiladi.

Oddiy turi – bunda, asosan, hissiyot, iroda, fikrlash va xulq-atvorning buzilishlari ustun bo‘lib, vasvasa va gallyusinatsiyalar kamdan-kam uchraydi, gebefrenik turi – bu o‘spirinlarda kuzatilib, unda shilqimlik, masxarabozlik qilish, uzuk-yuluq gallyusinatsiyalar, vasvasa g‘oyalari ustun turadi,  katatonik turi – bunda, asosan, katatonik qo‘zg‘alish yoki katatonik tormozlanish alomatlari ustun turadi, paranoid turi – vasvasa g‘oyalari (ta’qib etish, zaharlanish, rashk, sehr-jodu, ixtirochilik va h. k.) va chin hamda soxta gallyusinatsiyalar (har xil hid va tovushlar kelishi) mavjudligi bilan ifodalanadi.

Shifokor Olimjonning aytishicha, bu muassasada 90 nafar shizofreniya, 159 nafar oligofreniya kasalligi bilan xastalangan bemor bor. Endi tasavvur qiling, bu yerda ishlayotgan xodimlarning bunday bemorlar bilan til topishishini, mehrini qozonishini.

– Mana bu qizaloq eng iqtidorlisi va aqllisi, – deydi shifoxona direktori Dilshod Payzillayev. – Shaxmatda bu gal sen yutdingmi, barakallo, surat ham chizdingmi, deb erinmay barcha bemorlarning qo‘lini siqib jilmayadi...

Biz turli taqdirli tug‘ma yoki orttirilgan kasalliklar bilan yashashga mahkum bemorlar bilan qanday muloqot qilishni bilmaymiz. Ammo bu yerdagi xodimlar ularning har biri bilan o‘rtoq, har birini tushunadi, qayta-qayta eshitgan o‘tmishini birinchi bor eshitganday eshitadi....

Bu yerdagi ayollarni ko‘rib mahzunlashasiz, ishchi-xodimlarning ularga mehr taftini his qilib xotirjam bo‘lasiz.

«Biz yolg‘iz emasmiz»

Ha, o‘ylaganingizdek keyingi manzilimiz yolg‘iz keksalar xonadoni. Respublikamizda 18 mingdan ortiq yakka yolg‘izlarga 20200 dan ortiq ijtimoiy xodim xizmat ko‘rsatadi. Biz Jizzax shahridagi ijtimoiy xodimlar faoliyati bilan tanishdik. Xo‘sh, bu qanday faoliyat?

Jizzax shahri Hamid Olimjon mahallasidagi Bo‘stonoy Odilova xonadonidamiz. 66 yosh onaxon ayni damda yolg‘iz. Yolg‘izlik deganda biz mung‘ayib yo‘l qarab o‘tirgan odamni tushunamiz. Yo‘q, unday emas ekan. Bo‘stonoy xola uyida ijtimoiy xodim – xolaning ham qizi, ham singlisi, ham o‘rtog‘iga aylangan Dilfuza O‘rolova bilan non yopayotgan ekan.

Bizga biriktirilgan qariyalar, otamiz, onamiz hisoblanadi, – deydi Dilfuza. –Ular ko‘proq mehrga tashna, gaplashib o‘tirgisi keladi. Ana shunda barcha ishimizni tashlab oldiga kelamiz suhbatlashib o‘tiramiz, ularni eshitamiz.

Men o‘zimni yolg‘iz his qilmayman, – deydi Bo‘stonoy xola. – Shirinroq ovqat qilgan kunlarim shu qizlarimga ilinib o‘tiraman. Bizga oziq-ovqat yetkazib berishadi, tibbiy dori-darmonlar berishadi. Ammo menga bulardan ham ko‘ra ko‘proq qizlarimning yo‘qlab turishi muhimroq.

Bo‘stonoy xola Dilfuza bilan birgalikda yopgan issiq non bizga qishlog‘imizni eslatib yubordi.

Navbatdagi manzilimiz Polina Divishkovaning xonadoni. 80 yoshli, ikki diplomli Polina xolani sakson yosh demaysiz, qarindoshlarining barchasi xorijda ekan. Xolaga ikki xodim biriktirilgan ekan, biri qo‘yib biri holidan xabar olib turarkan.

Polina opa naq ensiklopediya, – deydi xodimalardan biri. – Bormagan yurti, tanimagan rahbarlari yo‘q, doimo izzat hurmatda bo‘lgan, olima ayol bo‘lsa-da juda kamtarin, suhbatlarini sog‘inib tez-tez kelib turamiz...

Ochig‘i, men bu yerga kelgunimcha shunday faoliyat turi borligini bilmas ekanman. Bunday ijtimoiy xodimlar qishloq joylarida bir xodim 6-8 nafar, shahar joylarida 8-10 nafar yolg‘iz fuqaroga xizmat ko‘rsatisharkan. Shuningdek, ijtimoiy xodimlar maxsus xo‘jalik sumkalari xalat hamda xonalarni tozalash uchun inventar bilan ta’minlanarkan.

Keksalar uchun bog‘cha...

Jizzax viloyatidagi keksalar va urush faxriylari uchun sog‘lomlashtirish maskani 112 kishiga mo‘ljallangan. Bu yerdagi keksalarning bir-biri bilan gurunglashib vaqtini o‘tkazayotganini ko‘rib yaxshiyam shunday sanatoriyalar bor, degan o‘y o‘tdi. Tadbir doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Bahodir Karimov yurtimizda «Keksalar bog‘chasi» yo‘lga qo‘yilishini aytganida esa ba’zi e’tirozlar ham bo‘ldi. Keksalar bog‘chasi? U qanday bo‘ladi? 

«Biz, masalan, ko‘plab davlatlarda bo‘lib tajribalarini o‘rganganmiz. Keksalar bog‘chasi, degan ibora g‘alati eshitilishi mumkin. Lekin nimaga keksalar uyda zerikib o‘tirishi kerak. Masalan, yuroladiganlari o‘zlari, yurolmaydiganlarini farzandlari hududlarda ochilgan bog‘chalarga olib kelishsa, o‘z tengqurlari bilan suhbatlashadi, biror yengilroq sport turi bilan shug‘ullanadi. Biz dastlab 50 o‘rinli «Keksalar bog‘chasi» tashkil qilmoqchi edik. Ammo Bosh vazir 100 o‘rinli qurish taklifini berdi. Ayni paytda Toshkent shahrida 100 o‘rinli, Namangan viloyatida 120 o‘rinli «Keksalar bog‘chasi» qurilmoqda. Mazkur ikkita loyiha kelgusi yildan ishga tushishi rejalashtirilmoqda», – deydi Bahodir Karimov...

Yolg‘izlik, keksalik, bemorlik – insoniyat mavjud ekan bo‘ladi. Ularni qo‘llab-quvvatlash, ruhan suyanch bo‘lish insoniylik borakan hech qachon tugamaydi.

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring