Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Namangancha marafon» yoxud bemorning yugurgani qayergacha?

«Namangancha marafon» yoxud bemorning yugurgani qayergacha?

Foto: «Xabar.uz»

Bemor nima uchun shifoxonaga boradi, albatta, dardiga davo istab. Norin tumanining Xo‘jaobod mahallasi Obihayot ko‘chasi 16-uyda yashovchi Go‘zalxon Azizova qishloq vrachlik punktiga otlanganida boshida bu yerga bo‘zchining mokisidek qatnash azobi borligini bilmagan edi. Yaxshiyamki Respublika ishchi guruhi shu kunlarda Noringa borib qoldi, aks holda...

Yurak xastaligi va kamqonlikdan aziyat chekayotgan Go‘zalxon Azizova «Xo‘jaobod» MFY hududidagi QVP mudiri Turg‘unoy To‘ychiyevaga yotib davolanish uchun murojaat qiladi. Mudir esa mujmal javob berib, kasallik varaqasini ham topib bera olmaydi. Vaziyat tarang bo‘lganidan keyingina yangi anketa ochib, ayolni to‘ppa-to‘g‘ri tuman tibbiyot birlashmasiga jo‘natib yuboradi. Tumandagilar esa yashash joyingizdagi QVPdan kasallik tarixi va shifokor xulosasi yozilgan bir parcha qog‘ozni olib kelmasangiz bo‘lmaydi deb G.Azizovani ortiga qaytarib yuborishadi.

QVP mudirining navbatdagi qilig‘i hammasidan oshib tushdi: u bemorga «oshqozonini davolatish kerak» degan tashxisni osmondan olib ma’lumot yozib beradi... Buni qanday tushunish kerak: o‘z kasbiga xiyonatmi yo inson qadri shunchalik past bo‘ldimi? 

Eng achinarlisi, G.Azizova QVP mudirining fol ochgan kabi yozib bergan yo‘llanmasini tuman markazidagi ko‘p tarmoqli shifoxona shifokorlari bilan uchrashganda ko‘rsatayotib, asl kasalligini bot-bot takrorlashiga qaramay, uning qo‘liga Namangan viloyat markaziy shifoxonasining gastroenterologiya bo‘limiga yo‘llanmani tutqazishadi. U yerda esa noto‘g‘ri tashxis bilan borgan bechora ayolni ortiga qaytarib yuborishadi. Qiziq, qishloq vrachining tashxisi yetarli bo‘lsa, tumandagilar nima qilib o‘tirishibdi? Yo‘llanmaning tagiga imzo qo‘yishda Norin tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi vazifasini bajaruvchi K.Tursunovning xayoli qayerda bo‘lgan ekan? Inson, ayol salomatligi, taqdiriga bu darajada e’tiborsizlikni nima deb atash mumkin? Ta’rifga til ojiz.

Ne ajabki, «Namangancha marafon» ishchi guruh borganidan keyin ham davom etdi. Shu kunning o‘zida zudlik bilan tez yordam mashinasini chaqirish va Go‘zalxon Azizovaga kerakli yordam ko‘rsatish topshirilgan QVP mudiri Turg‘unoy To‘ychiyeva ayolning dardiga ham, ishchi guruhiga ham bepisandligini bildirib qo‘ydi: na tez yordam mashinasi, na shifokor keldi. Balki shunisi ma’quldir...

Ha, kam ta’minlangan bo‘lsang, kasal bo‘lma ekan-da degan Go‘zalxon shu yerda haq bo‘lib chiqdi...

Albatta, ishchi guruhi Go‘zalxon Azizovaning davolanishi uchun kerak bo‘lgan yo‘llanma va boshqa muammolarini hal qilib berdi. Umid qilamizki, u tezroq sog‘ayib oilasi bag‘riga qaytadi.

O‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaraganlarga choralar ko‘rildi: tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori lavozimidan olindi, Turg‘unoy To‘ychiyeva esa masala o‘rganilgan kuni ishdan bo‘shatilgandi.

Abduqodir Mo‘minov,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring