Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Navbatdagi farmon: advokatlar uchun yangi imtiyozlar

Navbatdagi farmon: advokatlar uchun yangi imtiyozlar

Illyustrativ surat

Foto: «Telegraf»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 12-may kuni «Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Unga ko‘ra, 2018-yil 1-iyuldan boshlab quyidagilar belgilandi:

— advokat nizolarni sudgacha hal qilish, tomonlarni yarashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish, shuningdek, hakamlik sudyasi sifatida faoliyat yuritish huquqiga ega bo‘ladi, advokat tomonlardan birining vakili bo‘lgan holatlar bundan mustasno;

— advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun advokatlik tuzilmasida majburiy stajirovka o‘tash muddati olti oydan uch oyga qisqartiriladi, bunda davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlari va sudya, tergovchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil faoliyat yuritgan shaxslar majburiy stajirovkadan ozod etiladi;

— litsenziyani tugatish uchun asos bo‘ladigan advokat tomonidan uzrli sabablarsiz o‘z kasb majburiyatlarini bajarmaslik muddati amaldagi uch oydan olti oyga uzaytiriladi;

— sudning advokatni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish to‘g‘risidagi ayblov hukmi kuchga kirgan taqdirda, sudya bir sutka ichida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligini va Advokatlar palatasini belgilangan tartibda yozma xabardor qiladi;

— faoliyat yuritayotgan advokatlar va yangidan advokat maqomini olgan shaxslar Advokatlar palatasi tomonidan Adliya vazirligi bilan birgalikda belgilangan har bir tanlangan mutaxassislik bo‘yicha alohida litsenziya asosida yuridik yordam ko‘rsatadilar. Bunda faoliyat yuritayotgan advokatlarning litsenziyalarini qayta rasmiylashtirish ularni tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha qayta attestatsiyadan va yig‘imlarni to‘lashdan ozod etgan holda amalga oshiriladi;

— advokat tomonidan advokatura to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, Advokatning kasb etikasi qoidalari talablari, advokatlik siri va advokat qasamyodi muntazam ravishda yoki bir marta qo‘pol ravishda buzilganda, advokatning sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan hamda advokaturaning obro‘sini tushiradigan qilmish sodir etilganda, shuningdek, litsenziyasining amal qilishi to‘xtatib turilgan shaxs litsenziyaning amal qilishi to‘xtatib turilishiga olib kelgan holatlarni litsenziyaning amal qilishi to‘xtatib turilgan muddatlarda bartaraf etmaganda, litsenziyaning amal qilishini tugatish Oliy malaka komissiyasi xulosasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining murojaati bo‘yicha faqat sud tomonidan amalga oshiriladi;

— advokat maqomini olish bo‘yicha malaka imtihonini takroran topshirish muddati bir yildan olti oygacha qisqartiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring