Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nega hukumat qarori noto‘g‘ri talqin qilinyapti?

Nega hukumat qarori noto‘g‘ri talqin qilinyapti?

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-oktyabrda chiqqan qarori bor. Bu «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan beriladigan tasdiqlovchi hujjatlar turlarini tubdan qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 789-sonli qaror.

Unda 2018-yil 15-oktyabrdan boshlab davlat xizmatlari ko‘rsatishda, jumladan, shaxsning yashash joyi bo‘yicha (propiska qilinganligi) yashayotganligi, ishsizligi hamda bolani, yolg‘iz shaxslarni, pensionerlarni va nogironlarni parvarish qilganligi haqida tasdiqlovchi hujjatlarini, shuningdek shaxsning tavsifnomasini taqdim qilish bo‘yicha tartib bekor qilinishi hamda fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatilishi jarayonida ushbu turdagi hujjatlarni olish zaruriyati tug‘ilganda, davlat va xo‘jalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari mazkur ma’lumotlarni tegishlicha Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi organlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan idoralararo elektron hamkorlik orqali so‘rab olishi belgilangan.

Ammo shu qarorni hali ko‘p davlat organlarining o‘zlari tushunib yetgani yo‘q. Mahalla fuqarolar yig‘inlari, tuman hokimliklari, Ichki ishlar boshqarmalari va bo‘limlari, Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limlari, tuman Davlat soliq inspeksiyalari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, maktabgacha ta’lim bo‘limlari, xalq ta’limi bo‘limlari, banklar va boshqa davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar qaror talablarini noto‘g‘ri talqin qilib, fuqarolarni sarson qilishyapti. Hamma yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarni olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga yuborilyapti.

Birgina misol. Davlat xizmatlari agentligining Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi «Xabar.uz»ga ma’lumot berishicha, 7-noyabr kuni Toshkent shahridagi tuman Davlat xizmatlari markaziga bir kun davomida manzil-ma’lumot axboroti bo‘yicha murojaat etgan fuqarolarning 10 nafarini tuman pensiya jamg‘armasi, 4 nafarini sud organlari, 7 nafarini banklar, 6 nafarini ichki ishlar organlari, 4 nafarini xalq ta’limi bo‘limlari, 3 nafarini o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, 2 nafarini OTM lar, 2 nafarini tuman hokimliklari, 5 nafarini elchixonalar, 3 nafarini murojaat qiluvchilarning ishxonalari ovora qilib jo‘natgan.

Bu ketishda odamlarda davlat organlariga ishonch uyg‘onadimi?!

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

Yuqoridagi «anglashilmovchiliklar»ga chek qo‘yish maqsadida Toshkent shahridagi tuman Davlat xizmatlari markazlari davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ishtirok etuvchi davlat va xo‘jalik organlari mas’ul xodimlari va odamlar o‘rtasida Vazirlar Mahkamasining 789-sonli qarori mazmun-mohiyatini tushuntirish ishlari olib borishyapti.

Ma’lumot uchun: yuqorida nomi qayd etilgan qaror qabul qilinguniga qadar 1 mingdan ortiq shaxs Davlat xizmatlari markazlariga manzil-ma’lumot axborotlarini olish uchun murojaat qilgan bo‘lsa, 15-oktyabrdan 30-oktyabrgacha bo‘lgan davrda bu masalada 5 mingdan ortiq murojaat qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring