Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nima(ga) kerak ma’naviyat?

Nima(ga) kerak ma’naviyat?

Foto: «Pixabay»

Gadoytopmas bu joyda bir uyum odam ishlaydi. Ha, bir guruh emas, bir uyum. Qonunsizlik, zo‘ravon ojizni ezishi, haqini yeyishi kundalik hol. Ularning orasida dindori bor, kitobga mukkasidan ketgan kitobxoni bor, xushfe’li bor, alkash va xotinbozi bor, ammo muhit yuqorida aytganimday... Direktor bir oyda xabar oladi, qolgan vaqti salqin shaharda vaqtini o‘tkazadi, ishchilaridan qo‘lini yuvgan, loqayd. Bir kuni piyonista juldur ishchi direktorga tik gapirdi: «Sen bizning haqimizni yeyapsan, g‘amimizni emas. Vazifangni bajarmayapsan. Kimsan o‘zing?» va hokazo. Shunda birdaniga soch-soqoli o‘siq, og‘zidan aroq hidi anqiydigan, kiyimi juldur va kir, aft-angori xarob ishchi barchaning nazdida qahramon va avliyoga aylandi. Nimaga? Unda o‘rnak oladigan xislatning o‘zi yo‘q-ku.

* * *

Yuqoridagi «ibratli» hikoyani 7-8 yilcha oldin o‘zimcha yozib qo‘ygandim. To‘g‘ri, no‘noqroq chiqqan, ammo voqea, haqiqatan, yuz bergan. Shu kunlarda ma’naviyat masalasida mustaqil tahlilchi Said Abdulaziz Yusupovning FFF (futbol, fiyesta, fahsh) nazariyasi ifodalangan videolavha tarqaldiyu, eski mavzu qalqib chiqdi: ma’naviyat, axloq, milliyligimiz. Feysbukda darhol Yusupovning ustidan istehzo boshlanib ketdi: nimalar deyapti bu «ekspert», qaysi joyda bunaqa teoriya bor ekan, kim o‘ylab topgan? Rostini aytsam, yo‘q joydan «dushman obrazi» yasagan tahlilchining gapiga, dastlab, mening ham ensam qotdi. Ammo dono gugldan so‘raganimda Portugaliya diktatori Antoniu di Salazar aholini boshqarishda uch Fga, ya’ni, Fado – musiqa, futbol, Fatima – din (ba’zi o‘rinlarda Fiesta – lazzat, huzur) suyanganini aytdi (1-manba , 2-manba). Bu diktatorning ilmiylikka da’vo qilmaydigan obrazli fikri, biroq to‘liq bo‘lmasa-da, Yusupovning xulosasiga ozmi-ko‘pmi dalil bo‘la oladi.

Qizig‘i shundaki, jamiyatimiz ma’naviyatchilar deganda oq ko‘ylak va galstukli safsataboz bir toifani anglashi tobora ravshanlashib borayotganini munosabatlar oshkor etib qo‘ydi. G‘arbsevarlar ham, taqvodorlar ham ma’naviyatchi desa peshonasi tirishadi. Quyida mustaqil tahlilchini muhokama qilmoqchi emasman, ammo ma’naviyat degan so‘z odamlarni naqadar bezdirgani haqida bir oz mulohaza bildirsam.

Aslida ma’naviyat degani yomon, yovuz narsa emasligi kunday ayon. (10 yil oldin ma’naviyat tushunchasining mohiyati haqida zalvarli-zalvarli mulohazalar bo‘lardi). Mustaqillik davrining ilmi bilan istehzo aralash ta’riflasak, yuksalganda yengilmas kuchga aylanuvchi nomoddiy substansiya. Insonning ichki dunyosi, axloqiy kuchini ifodalaydigan tushuncha. Soddaroq qilib axloqning o‘zi deb talqin qilsayam bo‘ladi. Axloq borki, odamzot yashab kelyapti. Xudo-pudoyingni bilmayman, deb karillovchi dahriyga ham axloqsizsan, desangiz, dod soladi.

Ammo bu pok tushuncha bozorga solinib savdoga qo‘yilgani chatoq, siyosiy mafkura qo‘lida qurol bo‘lgani yomon. Oxirgi 10 yilliklarda ma’naviyat so‘zi qo‘y yog‘idek kishining me’dasiga tegdi. Bejizga qo‘y yog‘iga qiyoslamadim, qiziqchi aytganidek har narsaga davo vositasi o‘rnida ishlatila boshlandi. «Qiz-juvonlarimiz xorijda fohishaxonani gullatishyapti» – xulosa: ularning ma’naviyati past; «Falon jabrdiyda chet el radiosida hukumatni tanqid qilibdi» – xitob: vatanfurushlik, qanday ma’naviyatsizlik; «Sportda kelishilgan o‘yinlar avjida» – javob: ma’naviyat ham qolmapti; «Falon estrada yulduzi eri bilan ajrashibdi» – tanqid: ma’naviyati yo‘q otarchilar va hokazo. Mening fikrimcha, biror-bir amalni jamiyat qabul qilishni istamasa, xon hazratlari davrida «bu qilg‘on ishing pusulmonchiliqda bormi?”, qizil bayroq zamonida «Tovarish, eto ne po-kommunisticheski» deyilgan bo‘lsa, hozir «ma’naviyatimizga to‘g‘ri kelmaydi», deyilmoqda. Shakl o‘zgargan, mazmun o‘sha. Axir, ayollar xorijda fohishalik qilayotgan bo‘lsa, ildizini ishsizlikdan qidirish; sportda kelishilgan o‘yinlar urchisa, ochiq tekshirish; jabrdiydaning arziga quloq, og‘ziga mikrofon tutish kerak emasmi? Davlat o‘z vazifasini bajarmasdan aybni mavhum «ma’naviyat»ga yuklab qo‘yishi naqadar oson va xunuk.

Masalaning yana bir tarafi bor. «Qutlug‘ qon» romanini o‘qiganmisiz? Yo‘lchi huquqsiz, kambag‘al va nochor yigit. U o‘z yog‘iga qovurilayotganda Abdushukur ismli bir ziyoli sabr va vatan taraqqiyoti haqida behuda va’z o‘qiydi. Yo‘lchi ijtimoiy tengsizlik, iqtisodiy tang sharoitning mahsuli. Unga non kerak, ish kerak, adolat kerak, biroq ziyoli unga nasihatdan bo‘lagini berolmaydi. O‘tmish va bugun o‘rtasidagi parallelga e’tibor bering. Bugun ham ijtimoiy ta’minot maqtangulik emas; boy va kambag‘al o‘rtasidagi farq juda baland; ishsizlik avj nuqtasiga yetganidan yozda chekka qishloqlarda erkaklar deyarli qolmaydi; korrupsiya va tanish-bilishchilik tomirlarimizda qonimizga qo‘shilib oqyapti; amaldorlarimiz orttirgan millionlab dollariga (qonuniy yo‘l bilan buncha topolmaydi) chetda qasrlar qurayotgani hech kimga sir emas; ta’limda bir uyum muammolar to‘plangan; majburiy mehnat va inson huquqlari bo‘yicha tez-tez tanqidlarga duch kelib turamiz va hokazo. Bu holatda ma’naviyat avom uchun bir aldov ekan, deb o‘ylaysan, kishi. Biz cho‘ntak qappaytiraylik va ofshordagi sandig‘imizni to‘ldiraylik, ammo sizlar ma’naviyatli bo‘ling, bolakaylar, usiz vatan taraqqiyoti yo‘q, sizga aytsam, eh, ma’naviyat qanday yaxshi narsa-ya... Bunday holda ma’naviyat tushunchasi ommaning qulog‘iga kirarmidi? Ma’naviyat targ‘ibotchisining nohaqlikka isyoni bo‘lmasa, gapini yetkaza olarmidi? Men ma’naviyat targ‘ibotchisi sanalgan Ma’naviyat markazi majburiy mehnat yoki qonunsizlikning biror ko‘rinishiga qarshi chiqqanini eshitmadim, Yoshlar ittifoqidan ham bunday tashabbus uchratmadim, vaholanki huquqbuzarlik va tahdidlarning oldini olish ularning belgilangan maqsadlari orasida bor. Aslida, ular qo‘liga qalam olib jangga kirib ketishini taklif qilayotganim yo‘q, ular davlatdan moliyalashtirilishini tushunaman, ammo odamlarning dardini eshitmasangiz ular ham sizni eshitmaydi-da.

Hozir odamlar orasida jurnalistning hurmati oshib qoldi, ayniqsa dolzarb ijtimoiy mavzuda yozuvchi jurnalistlarga oddiy odamlar dilini ochyapti, bosar-tusarini bilmay qolgan rahbarlar jurnalist desa sergak tortyapti. Yaqin o‘tmishimizda davlat nashrlari yoritolmagan ijtimoiy va siyosiy mavzularni chet el nashrlari ko‘tarar, mamlakatimizda ularning huquq himoyachilari deb ataluvchi hamkorlari bo‘lardi, hozir mahalliy jurnalistlar ham faollashib qoldi. Jamiyatni samarali boshqarish va farovon kelajakka eltish uchun faqat chiroyli targ‘ibot emas, xolis axborot va qonun ustunligi zarurligini aytmoqchiman. Aks holda pandu nasihatdan miyasi g‘ovlagan «ma’naviyat»li olomonni yetishtiramiz xolos.

Ayni kunda qonunsizlikka murosasiz, jamiyatni illatlardan tozalayotgan, vazirlar va hokimlarning, kerak bo‘lsa, prezidentning faoliyatini tahlil va tanqid qilayotgan jurnalistlarga havas qilaman. Ma’naviyatchilarga emas.

Shukurjon Islomov


Ushbu blogpost muallifi O‘zbekiston blogerlari chempionatida ishtirok etmoqda. Mukofot jamg‘armasi 60 mln so‘mdan ortiq chempionatga kelib tushgan boshqa ijodiy ishlar bilan tanishish uchun ushbu havolaga o‘ting.

Izohlar 4

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring