Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Notariat nodavlat tizimga o‘tadimi?

Notariat nodavlat tizimga o‘tadimi?

Foto: Adliya vazirligi

Notariat nodavlat tizimga o‘tadimi? Mazkur masala Adliya vazirligi tomonidan Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan notariuslar ishtirokida muhokama qilindi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimlari ham ishtirok etishdi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Muhokama avvalida so‘nggi yillarda mamlakatimizda notariat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida notariatning faol modeliga o‘tilganligi, to‘lovlarni undirishda yagona billing tizimi joriy etilganligi, notariuslarni tanlash jarayonlari shaffof va ochiq tizimda amalga oshirib kelinayotganligi, notariat tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilayotganligi haqida so‘z yuritildi.

Shu bilan birga, sohada olib borilayotgan islohotlarga qaramasdan, notarial idorada navbat kutish va sansolarlik kabi to‘siqlar uchrayotganligi, bu esa aholining e’tirozlariga sabab bo‘layotganligi, ayrim notarial harakatlarni tasdiqlashda axborot texnologiyalari to‘liq joriy etilmaganligi borasidagi muammolar haqida so‘z yuritilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha bir qator takliflar bildirildi.

Xususan, yig‘ilish ishtirokchilari nodavlat notariat tizimining joriy etilishi notariuslarning xizmat mas’uliyatini yanada oshiribgina qolmasdan, tezkor va sifatli notarial xizmatlar ko‘rsatilishiga, navbatlarning keskin kamayishiga hamda aholining notarial xizmatlarga bo‘lgan talabi qamrovi kengayishiga olib kelishini ta’kidlashdi.

Shuningdek, notarial harakatlarni amalga oshirishda aholiga yanada yengilliklar yaratish maqsadida bitta notarial harakatni turli notarial idoralarga borgan holda rasmiylashtirish, ayrim notarial harakatlarni notarial idoraga kelmasdan masofadan elektron raqamli imzodan foydalangan holda amalga oshirish tartibini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Majburiy notarial tasdiqlanadigan harakatlar doirasini qisqartirish, uy-joyni boshqa shaxsga o‘tkazishda, mol-mulk ijara va tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlashda ayrim hujjatlarni olish talablarini bekor qilish, axborot-texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanish masalalari ishtirokchilarning diqqat markazida bo‘ldi.

Yig‘ilishda notariatning nodavlat tizimini tashkil etish va notarial idoralarda huquqiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring