Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Noyoblarning «nobop» akalari: biri bezori, boshqasi giyohvand...

Noyoblarning «nobop» akalari: biri bezori, boshqasi giyohvand...

Foto: «Sports.ru»

Lionel Messi sokin hayotni xush ko‘radi. U xalq tilida «Katalon Mayamisi» deb yuritiladigan Barselonaning Kasteldefels rayonida yashaydi. Leonel mahalliy sartaroshxonada soch oldiradi, markazdagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida mashinasiga yoqilg‘i quydiradi, «Fosberi» va «Ushuaia» kabi mahalliy yemakxonalarga kirib, oilasi bilan ovqatlanadi va sohil bo‘ylab sayr qiladi. Uning akasi Matias esa muhojirlar, xarobalar va jinoyatchilar to‘dasiga to‘la Rosarioda istiqomat qiladi. Bu yerda hayot so‘zi jinoyatchilik bilan sinonim hisoblanadi. Rosario Matiasning tabiatiga to‘liq mos keladi.

Rosario shahridan taxminan 8000 kilometr masofada, Portugaliyaning Madeyra orolida Funshal shahri joylashgan. U yerda boshqa bir futbol yulduzi Krishtianu Ronalduning akasi Ugo Aveyro yashaydi. Krishtianu tinmay «Oltin to‘p»larni olayotgan bir vaqtda, Ugo giyohvandlik va alkogolizmga ruju qo‘ygan. Matias va Ugoning taqdiri biroz o‘xshash: murakkab hayot, ukalar bilan iliq aloqalar, tug‘ilib o‘sgan joyiga cheksiz muhabbat. Har ikki aka ham Ispaniyadagi hashamatli hayotni rad etib, uzoq vaqt davomida illatlar bilan kurashdi.

* * *

Krishtianu Ronaldu Dinis Aveyro va Mariya Doloreslar oilasida 1985 yilda dunyoga kelgan. U tug‘ilganida akasi Ugo 10 yoshda edi. U yoshligidan bezori bolalarga qo‘shildi. 16 yoshida maktabdan qochib, ishga kirdi. Avvaliga alyumin zavodida ishlagan Ugo keyinchalik bo‘yoqchilar guruhiga qo‘shildi. Ugo ishdan so‘ng mahalliy qahvaxonada bekorchi do‘stlari bilan kayf-safo qilib vaqtini o‘tkazardi. 24 yoshida narkotik moddaga bog‘lanib qolgach, onasi o‘g‘lini klinikaga olib bordi. Dolores arzimagan maosh evaziga oshpazlik va farroshlik bilan shug‘ullanar, katta farzandini davolataman deb qarzga botib ketardi. Kamxarj oilaga ko‘pincha 14 yoshli Ronalduning 300 dollarlik oyligi asqotardi.

Krishtianu Ronaldu oilasi bilan
Foto: «Sports.ru»

* * *

2001-yili Messilar oilasi Rosariodan Barselonaga ko‘chib keldi. Kichik Lionel katta faoliyat ostonasida edi. Oilada hamma ham zamonaviy megapolisga moslashib ketolmadi. Lionelning singlisi Mariya-Sol maktabda qiyinchilikka duch keldi. Matias va Rodrigo (Lionelning yana bir akasi) Rosariodagi do‘stlarini yo‘qotishdi. Yozgi ta’til vaqtida butun oila Rosarioda to‘plandi va bir nechta muhim qarorlar qabul qildi. Yangi rejaga ko‘ra ona, Mariya-Sol va ikki aka Argentinada qoladigan bo‘ldi. Lionel otasi bilan Barselonaga ketdi.

Aslida Matias ham mashhur futbolchi bo‘lishi mumkin edi. «Nyuells Old Boyz» akademiyasidan haydashganida yigitchaning hafsalasi pir bo‘ldi va futbol bilan boshqa shug‘ullanmadi. Balki shuning uchundir, uning o‘smirlik davri juda og‘ir kechdi. Maktabdan keyin o‘qishga kirish haqida o‘ylamadi, biror kasb tanlashga ham shoshilmadi. Bir muddat uning hayoti izga tushib ketgandek edi: o‘zi sevgan qizga uylandi, o‘g‘li Tomas, ikki yil o‘tib qizi Luana tug‘ildi. Lionel ham akasini unutib qo‘ygani yo‘q. U «Messi imperiyasi»ning bir nechta loyihasining boshqaruvini Matiasga topshirdi. Rosarioda sohil bo‘yidagi yirik sport zali va restoran bezori aka ixtiyoriga topshirilgan edi.

* * *

2005-yil Krishtianu Ronalduning oilasi uchun og‘ir keldi. Uning otasi Dinis vafot etdi. Ronaldu «Tayms»ga bergan intervyusida aytishicha, otasining o‘limiga alkogolizm bilan bog‘liq jigar kasalligi sabab bo‘lgan. Dinis og‘ir tabiatli odam bo‘lib, sevimli klubi «Andorinya» g‘alaba qozongandagina quvnoq odamga aylanar va raqsga tushar edi. Antoni Vonkning «Ronaldu» deb nomlangan hujjatli filmida u xotiniga yomon munosabatda bo‘ladigan erkak qiyofasida gavdalangan.

Shunisi ma’lumki, Dinis Krishtianuni juda yaxshi ko‘rgan. Ronaldu haqidagi filmda aytilishicha, u hech qachon o‘g‘liga qo‘l ko‘tarmagan. Ronaldu har doim otasi bilan birga bo‘lishni xohlardi. Dinis esa o‘g‘li bilan faxrlanardi. Ronaldu «Nasional»ga o‘tganida otasi doim klub avtobusida, haydovchining yonida ketar edi. U Ronaldu haqida yozilgan gazetalarni yig‘ar va maza qilib o‘qirdi. Dinis deyarli hamma vaqtini Ronaldu bilan o‘tkazar, garchi qo‘llab-quvvatlashga ko‘proq muhtoj bo‘lsa-da, Ugoning hayotiga umuman qiziqmasdi. Dinis Ugoning nazdida spirtli ichimlikka mukkasidan ketgan odam qiyofasida namoyon bo‘lsa-da, bu borada o‘zi ham avlo emasdi.

* * *

2008-yilda politsiya Matiasni noqonuniy qurol saqlashda aybladi. U ko‘chada o‘qlangan revolver bilan qo‘lga olingandi. Ertasiga barcha gazetalar bu haqda birinchi sahifada e’lon qilishdi.

2011-yil 10-aprel kuni Lionel «Almeriya»ga qarshi o‘yinda dubl qayd etdi va jamoasi g‘alaba qozondi. Xuddi shu kuni sayyoramizning boshqa tomonida qizil velosipedda kelgan ikki noma’lum shaxs Matiasning uyiga ikkita, garajiga ikkita o‘q uzdi. Baxtli tasodif tufayli hech kimga shikast yetmadi. Bu ham bir necha kun ommaviy axborot vositalariga mavzu bo‘ldi. Voqea joyida jurnalistlar yig‘ildi, qo‘shnilar Matiasga po‘pisa qildi va uni ayblashdi.

Foto: «Sports.ru»

Matias bo‘lgan voqea yuzasidan politsiyaga xabar bermadi. Shuning uchun hodisaning sabablarini faqat taxmin qilish mumkin edi. Bu ishda «Real»ni ayblaganlar ham bo‘ldi. Chunki voqeadan bir hafta keyin «el-klassiko» bo‘lishi kerak edi.

2015-yil oktyabrda Matias Rosarioni «Audi»sida kezib yurganida politsiya tomonidan to‘xtatildi. Mashinadan ro‘yxatdan o‘tmagan revolver topildi. Noqonuniy qurol saqlashda ayblangan yigitni sud ma’muriy jazoga tortdi. Hukmga ko‘ra u bir yil davomida «Rosario» futbol klubi tizimida yoshlarga futboldan saboq berishi, spirtli ichimliklar va narkotik moddalarni iste’mol qilmasligi, yashash joyini o‘zgartirmasligi va 8000 peso (530 dollar) jarima to‘lashi lozim edi.

* * *

2013-yilda Ugo narkotik moddalarga bog‘lanib qoldi, sharobxo‘rlikni ham kanda qilmadi. Ronaldu akasiga agar ichishni tashlasa, Chempionlar ligasidagi g‘alabani unga bag‘ishlashini aytadi. 2014-yilda Portugaliyada bo‘lib o‘tgan final bahsida «Real» qo‘shimcha vaqtda «Atletiko»ni mag‘lub etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Hakam hushtagi chalingach, Krishtianu tribuna yoniga borib, oldingi qatorda o‘tirgan akasiga futbolkasini berdi va uni maydonga olib chiqdi. Aka-uka uzoq vaqt quchoqlashib turishdi.

* * *

Matbuot bir necha yil davomida Lionel va Krishtianoning akalari haqida yozmay qo‘ygan edi. Yaqinda Matias bilan bog‘liq yana bir voqea sodir bo‘ldi. U mahalliy jinoiy guruhga aralashib, qotillik va narkotik moddalar savdosida ayblandi.

2017-yilning kuzida unga nisbatan yetti marta – ikki marta ayollarga qilingan hujum, ko‘cha janjallari va yo‘l-transport hodisalari uchun turli darajadagi ayblovlar e’lon qilindi.  30-noyabr kuni Ispaniyaning «AS» nashri Ugoning kemasidan qurol topilgani haqida xabar tarqatdi. O‘shanda Matias Argentinaning Figiyera shahridagi shaxsiy baliq ovlash klubiga borib, u yerda halokatga uchraydi. Kema politsiya tomonidan yaxshilab tekshirilganida, qon dog‘lari va revolver topiladi. Prokuror politsiyaga Messining uyini tintishni buyuradi. Bir necha kundan keyin uy qamog‘iga hukm qilingan yigit uchun ehtiyot chorasi sifatida 100 ming yevro garovga qo‘yiladi. Matias noqonuniy qurol saqlashda ayblanib, 3,5 yildan 8 yilgacha qamalishi mumkin edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring