Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘g‘limni erkakcha tarbiyalayapman!

O‘g‘limni erkakcha tarbiyalayapman!

Bugun boladagi bu kabi odatlarni ko‘rib, kulib qo‘yamiz. Sho‘xlikka yo‘yamiz. Ertaga-chi?

Foto: «Ziyouz.uz»

– Xo‘sh, ota o‘g‘il, bog‘chaga borib keldingizmi? – dedi to‘rt yashar o‘g‘liga otasi.

– Hm, boydim. Anu Apsamat bor-ku, o‘sha tonfetimni yeb qo‘ydi.

– Iya, bu nimasi? U og‘zingdagi oshni ham oldirib o‘tiribsanmi? – deya tutaqib ketdi ota.

– Yo‘q, u oshimni emas, tonfetimni opqo‘ydi. Ota, uning bo‘yi menikidan baland, kuchi ham ko‘p-da!

– Agar endi biror narsangni olib qo‘ysa, biqiniga qarab tep. Qani senga bir narsa qilsin, mendan ko‘radi!

Qadimdan Sharq xalqlarida o‘g‘il bola alohida e’tibor va izzat-ikrom bilan tarbiyalanadi. Ota-ona va oilaning boshqa a’zolari ham o‘g‘il bolaning tarbiyasiga jiddiy qarashadi. Axir u oilaning ertasi, tayanchi, boquvchisi-da. Ba’zan «Qizlarni o‘qitgandan foyda yo‘q. Ertaga oilali bo‘lgach, menga bir burda non olib keladimi, yo‘qmi? O‘g‘ilni o‘qitsak, rohatini ham o‘zimiz ko‘ramiz» degan gaplar quloqqa chalinadi. Shunday gaplarni eshitganda, biroz ko‘nglingiz og‘riydi. Yo‘q, bugun siz bilan bu mavzuda emas, balki o‘g‘il farzandga ortiqcha e’tibor berish natijasida yuzaga keladigan salbiy oqibatlar haqida fikrlashish niyatidamiz.

Sir emaski, o‘g‘il otadan, qiz esa onadan o‘rnak oladi. O‘g‘il uchun otasi dunyodagi ideal inson, u hamma narsaga qodir. Otalar o‘z navbatida izdoshlari bo‘lgan o‘g‘illarining tarbiyasiga alohida e’tibor berib, unga barcha imkoniyatlarni yaratib berishga harakat qilishadi. O‘g‘ilni erkalatadigan, o‘rni kelsa, noto‘g‘ri tarbiyani beradigan ham otadir!

– Qani o‘g‘lim, bitta onangni deb so‘kingin-chi?

– Qara, anavi bola muzqaymoq yeyapti, borib qo‘lidagini tortib ol!

– Ota o‘g‘il, bitta sigaretdan tortmaysizmi?.. Endi «uf-fff» deysiz!

Bu kabi misollarni uzoq davom ettirish mumkin. Afsuski, hayotimizda uchraydigan bu kabi holatlarga ko‘p hollarda e’tibor bermaymiz. Bolakay hali yosh, otasi uni shunchaki erkalatayapti. «So‘kinsa, birovning muzqaymog‘ini tortib olsa yoki sigaret tortib ko‘rsa biror narsa bo‘larmidi?» deymiz. Afsuski, bugun bizga arzimas bo‘lib tuyulgan holatlar ertaga katta ko‘ngilsizliklarning asosi bo‘lishi hech gap emas.

Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, inson besh yoshigacha umri mobaynida olishi mumkin bo‘lgan tarbiya va bilimning deyarli 70 foizini o‘zlashtirib bo‘lar ekan. Nahotki, shunday paytda biz bolaning ongiga zararli narsalarni singdirayotgan bo‘lsak? Bugun boladagi bu kabi odatlarni ko‘rib, kulib qo‘yamiz. Sho‘xlikka yo‘yamiz. Ertaga-chi? Axir bola ulg‘ayadi, demak, uning odatlari ham yoshiga yarasha ko‘payib boraveradi. Afsuski, unda bu odatlarini avvalgidek kulgi bilan qarshi olmaymiz. Negaki, yigirma yoshli bola endi birovning muzqaymog‘ini emas, bir qimmatbaho buyumini tortib olishga urinadi. Balki, otasi «o‘g‘il bola» deb og‘ziga tutgan sigaretga qanoatlanmay boshqa narsa chekishga o‘tar. Xo‘sh, endi ildiz otib ulgurgan bu odatlardan farzandni qanday qutqarmoqchisiz? Unga tushuntirasizmi yoki biror jazo qo‘llaysizmi?

Yo‘q, aslida tarbiyalanuvchini emas, tarbiyachini jazolash kerak!

Aslida, erkak bo‘ralab so‘kmaydi. Har vaziyatda mushtiga zo‘r beradigan yoki yomon odatlaridan ko‘kragini kerib yuradigan odam erkak hisoblanmaydi.

Asl er oilasini, vatanini himoya etadi, avvalo mushtiga emas, aqliga suyanib ish qiladi. G‘urur, qat’iyat, vazminlik, mehnatsevarlik uning doimiy hamrohi bo‘ladi.

Shunday ekan, farzandlar tarbiyasiga bee’tibor bo‘lmaylik. O‘g‘il-qizingiz erta-indin bir oilaning egasi, yurtning ishonchi va sizning g‘amxo‘ringizga aylanadi. Demak, bugungi tarbiya ko‘p o‘tmay o‘z mevasini beradi.

Nargiza Murodova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring