Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oliy sud raisining sayyor qabulida beshta oila yarashtirildi

Oliy sud raisining sayyor qabulida beshta oila yarashtirildi

Foto: «Xabar.uz»

Mamlakatimizda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish, sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida davlat organlari rahbarlari tomonidan sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilovning bugun Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi akademik litseyda G‘ijduvon, Vobkent, Romitan, Peshko‘ va Shofirkon tumanlari aholisi uchun sayyor qabuli bo‘lib o‘tmoqda.

Sayyor qabullarda kunning birinchi yarimida sud qarorlari va ajrimlaridan norozi bo‘lgan, turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda huquqiy maslahat va ko‘mak so‘rab kelgan jami 44 nafar fuqaroning murojaati tinglandi. Har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, 12 nafar fuqaroning arizalari qabul qilindi, 32 nafariga huquqiy tushuntirishlar berildi.

Ushbu uchrashuv va huquqiy maslahatlar chog‘ida G‘ijduvon tumanidagi 5 ta ajralish arafasida turgan oilalar yarashtirildi.

– Faoliyatim davomida o‘tkazilayotgan ushbu sayyor qabullar natijasida fuqarolarning huquqiy ongi, davlat va jamiyat oldidagi mas’uliyatining oshayotganiga guvoh bo‘lyapman, – dedi G‘ijduvon tuman xotin qizlar qo‘mitasi raisi Istat Kamolova. – Sayyor qabullar mobaynida bir nechta oilalar ajralishdan saqlab qolindi. Birgina mart oyining o‘zida 12 ta oila yarashtirildi. Besh oy mobaynida ajralish arafasida turgan bir oilani hech yarashtirolmayotgan edik. Sayyor qabul davomida o‘sha oila ham yarashtirildi. Shaxsan men Oliy sud sudyalarida nafaqat oilani saqlashning qonuniy asoslari, balki insonparvarlik tamoyillariga tayanish, har bir oilaning o‘z muammosi va fuqaroning ruhiy holatidan kelib chiqib, psixologik yondashish yo‘llarini ko‘rdim. «Mening mahallam – mening sudyam» shiori ostida mas’ul sudyalarning biriktirilishi va ularning aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganib, tegishli huquqiy maslahatlar berib borayotganligi tuman aholisining huquqiy madaniyati oshishiga va mavjud muammolarning sudgacha bormay mahallaning o‘zida hal etilishiga xizmat qilmoqda.



Shuningdek, sayyor qabul davomida IIB taqdimnomalari qanoatlantirilib, 3 nafar mahkumlar jazoning o‘talmagan qismini o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.

Uchrashuv davomida hech bir savol javobsiz qoldirilmadi, har bir murojaat egasiga mutaxassislar tomonidan tegishli huquqiy maslahatlar berilmoqda.

O‘z navbatida, mahalla faollari va fuqarolar tomonidan Oliy sud raisiga sudyalar faoliyatida odil sudlovga erishish maqsadida ishlar adolat va insonparvarlik tamoyillari asosida ko‘rilayotganligi uchun tashakkur izhor etildi.

Nargiza Quvoncheva,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring