Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Oltindan qimmat obihayot

Oltindan qimmat obihayot

Hozirning o‘zida 1,3 milliard inson doimiy ravishda suv tanqisligi bilan kurashmoqda.

Foto: «Simfchildlibrary.ru»

Negadir arzon narsaga nisbatan «suvtekin» degan iborani ishlatamiz. Yana jo‘mrakni burasak suv chiqaveradi deb ham o‘ylaymiz. Lekin yaqin kelajakda aynan mana shu biz o‘ylamay-netmay sarflayotgan ichimli suv eng qimmatbaho ne’matlardan biriga aylanishini, uning uchun hatto davlatlar o‘rtasida urushlar ochilishi mumkinligini ko‘pchiligimiz o‘ylamaymiz ham.

Dunyodagi umumiy suv miqdorining faqat 1 foizigina chuchuk suvdir

Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2025-2030-yillarga keliboq barcha chuchuk suv resurslari inson faoliyati uchun egallab bo‘linadi, ya’ni suv ham investitsiya manbaiga aylanib sotila boshlaydi. Dunyo miqyosida so‘nggi 100 yilda suv sarflanishi olti barobar oshgan. Bu ketishda 2050-yilga kelib odamzotga hozirgiga nisbatan ikki karra ko‘proq suv zarur bo‘ladi. Suv esa kamaygandan kamayib boraveradi.

Hozirning o‘zida 1,3 milliard inson doimiy ravishda suv tanqisligi bilan kurashmoqda. 2 milliard odam bu muammoga vaqti-vaqti duch kelib turibdi. Bu sayyoramiz aholisining yarmi chuchuk suvga zoriqmoqda deganidir. Har kuni 6000 nafarga yaqin odam (asosan bolalar) bu muammoning u yoki bu oqibatlari tufayli nobud bo‘lmoqda. 2030-yillarga kelib 500 millionga yaqin odam suv izlab qit’adan qit’aga ko‘chib yuradi.

Ha. Bu muammo butun insoniyatni o‘ylantirib, 22-mart kuni Jahon suv kuni deb e’lon qilingani bejiz emas.

Har kuni 6000 nafarga yaqin odam (asosan bolalar) bu muammoning u yoki bu oqibatlari tufayli nobud bo‘lmoqda. Foto: «Afrika-raj.ru»

Umuman olgandan dunyo miqyosida ichimli suv ta’minoti kelajakda qanday bo‘lishi bo‘yicha mutaxassislar quyidagi ikki taxminni bildirmoqdalar (eng qizig‘i har ikki taxminda Xitoy bilan Hindiston faktori bor. Aynan shu ikki davlat aholisi eng ko‘p bo‘lish bilan birga rivojlanish sur’ati bo‘yicha ham yetakchilik qilishmoqda).

  1. Yirik shaharlardagi qashshoqlik va suv tanqisligi, Afrikadagi qurg‘oqchilik.

Hozirdanoq dunyodagi aholisi 10 mln kishidan ortiq 23 megapolis ichimli suv tanqisligi va oqava tizimlar yetishmasligidan aziyat chekmoqda. Eng murakkab vaziyat Xitoyda. Mamlakatdagi 600 shahardan 550 tasi yuqoridagi muammoga ozmi-ko‘pmi duch kelgan. Hindistonda ham ahvol havas qilgudek emas. Kelajakda suvga talabning oshib borishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ya’ni oziq-ovqat muammosini keltirib chiqaradi. Bu muammo insonlarning yanada kuchli tabaqalanishiga olib keladi. Shundoq ham qashshoqlik hukm surayotgani kamlik qilayotgandek yildan-yilga qurg‘oqchilik avj olayotgan Afrika qita’sidan millionlab muhojirlar Yevropa va Osiyoga qarab yo‘l olishadi. Bu esa o‘z navbatida ijtimoiy muammolar, irqiy ziddiyatlarga olib keladi.

  1. Xitoy suvni qayta ishlash borasida yetakchilikni qo‘lga oladi. Dunyo suv iste’moli bo‘yicha yangi tizimni ishlab chiqadi.

Ichimli suvning tanqisligi butun dunyo olimlarining e’tiborida bo‘ladi. Sho‘r suvni chuchuklashtirishga milliardlab investitsiya ajratiladi. Neft hozir qanchalik ko‘p sohalarni qamrab olgan bo‘lsa, kelajakda suv ta’minoti ham katta industriyaga aylanadi. Suvni chuchuklashtirish tannarxi kamaya boradi. Suvni chuchuklashtirish uchun sarf qilingan 1 dollar 5 dollardan 30 dollargacha foyda keltira boshlaydi. Bu borada ham Xitoy oldinga o‘tib ketadi. Suvni tejab ishlatish bo‘yicha yangi g‘oyalar egalariga olamshumul shuhrat va mablag‘ keltiradi. Suv ta’minotini nazorat qilish davlatlarning asosiy ishlaridan biriga aylanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring