Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oqqo‘rg‘onlik qotil nega qo‘shnilarining bolalarini vahshiylarcha o‘ldirgan edi? Mudhish jinoyat tafsilotlari (video)

Oqqo‘rg‘onlik qotil nega qo‘shnilarining bolalarini vahshiylarcha o‘ldirgan edi? Mudhish jinoyat tafsilotlari (video)

Foto: «Qonun nomi bilan» ko‘rsatuvi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi 8 yil davomida 3 nafar qo‘shnisining turli yoshdagi voyaga yetmagan farzandlarini o‘ldirgan Zohid Otaboyev umrbod qamoq jazosiga hukm etgani haqida xabar berilgan edi.

Jinoyatchi Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani, Xonobod mahallasida ro‘y bergan bu qotilliklarini qo‘shnilaridan o‘ch olish uchun maqsadida amalga oshirganini aytgan. Bu haqda Bosh prokuratura tomonidan tayyorlangan «Qonun nomi bilan» ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.

Ko‘rsatuvda hikoya qilinganidek, 2010-yildan boshlab Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani Xonobod mahallasida bolalar yo‘qolishni boshlaydi. Odamlar orasida «manyak» paydo bo‘ldi, degan gaplar tarqaladi. Hatto ayrim oilalar mahalladan ko‘chib ketadi. Yillar davomida yo‘qolgan bolalarni qidirish ishlari hech bir naf keltirmaydi.

Nihoyat, mudhish jinoyatni amalga oshirgan qotil ushlanadi.

Tergov jarayonida 2003, 2005 va 2014-yilda tug‘ilgan uch bola ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Zohid Otaboyev tomonidan o‘ldirilib, o‘z hovlisiga ko‘milgani aniqlanadi. U qotillikka qo‘shnilaridan qasd olish maqsadida qo‘l urgani ma’lum bo‘ladi.

2010-yilda 23 yoshli Zohid o‘zing mahalladoshlari bilan tekstil fabrikasida ishlar edi. Kunlarning birida Zohidning qo‘shnilari Abbos Otamurzayev, Shodiyor Aliboyev, Zufar Azimboyevlar undan nega uylanmayotganligini so‘rab o‘zaro hazil-huzul qilishadi. Bu esa, Zohidga umuman yoqmaydi, bo‘lib o‘tgan suhbatni unga nisbatan kamsitish, erkaklik g‘ururiga tegish deb qabul qiladi. O‘sha voqeadan keyin Zohid Otaboyev tanishlarining barchasidan o‘ch olishni maqsad qiladi va jinoiy reja tuzadi. U qo‘shnilarining farzandlarini o‘ldirib, shu orqali ularni xo‘rlash, yillar davomida ruhan ezish, azobga giriftor qilishni maqsad qilib oladi.

Zohidning birinchi o‘ljasi Abbos Otamurzayevning 7 yoshli farzandi Shahboz Muhammadjonov bo‘ladi. 2010-yilning 12-iyun kuni Shahbozning ko‘chada yolg‘iz o‘ynab yurganligini ko‘rib qolgan qotil razil niyatini amalga oshirishga kirishadi va yosh bolani aldab o‘z hovlisiga olib kiradi. Bolakay nima bo‘layotganligini anglab yetmasidayoq Zohid uning boshiga mushtlab bir-necha bora kuchli zarba beradi. Kichkina jussasi bilan qarshilik ko‘rsata olmagan bolakay bir zumda hushidan ketadi. Bundan ko‘ngli to‘lmagan qotil bolakayni bo‘g‘ib o‘ldirib, uni hovlidagi eski hojatxona ichiga tashlab, cho‘ktirib yuboradi. Keyinchalik esa hojatxonani ko‘mib tashlaydi.

2014 yil 10 avgustda Zohid navbatdagi o‘ljasi qo‘shnisi Shodiyor Aliboyevning 9 yoshli nogiron o‘g‘li Yorqinbek bo‘ldi. Velosiped haydab yurgan Yorqinbekni u aldab o‘z hovlisiga yetaklab keladi. Zohid bu gal ham qotillikda avval qo‘llangan eski usuldan foydalanadi. Bolakayning jasadini esa bu safar yangi qurilgan hojatxonaga tashlab yuboradi va ustidan tuproq bilan ko‘mib tashlaydi. Velosipedni esa mahalladan oqib o‘tadigan ariqning chuqur joyiga tashlaydi. Qidiruvlarda bir necha kun o‘tib, Yorqinbekning velosipedi ariqdan topiladi, ammo bolaning o‘zidan darak bo‘lmaydi.

Qotil Zohid Otaboyev esa hech narsa bo‘lmagandek yashar, hatto bezbetlarcha qo‘shnilariga dalda ham berib qo‘yar edi. U o‘zini oilaparvar insonlardek ko‘rsatish niyatida Nargiza ismli qizga uylanadi. Biroq undagi qo‘shnilaridan qasd olish niyati hanuz so‘nmagan edi.

O‘tgan yilning noyabrida tomorqada ishlayotgan Zohidning hovlisiga qo‘shnisi Zufar Azimboyevning uch yoshli o‘g‘li Oybek kirib kelib qoladi. Fursatdan foydalangan qotil Oybekning boshiga ketmon bilan zarba beradi. Og‘riqdan yerga yiqilgan bolakay titray boshlaydi. Shu vaqt bolasidan xavotirlangan ona farzandini izlay boshlaydi. Ayolning ovozidan cho‘chib ketgan Zohid bolakayni ko‘tarib omborxonaga olib kiradi. Shu damda ham bolakay hali tirik edi. U go‘dakni qo‘l va oyoqlarini bog‘lab, arqon bilan bo‘g‘adi. Hali tanasida hayot alomatlari bo‘lgan bolakayning boshiga qayta va qayta ketmon bilan uradi. Oybek jon taslim qiladi.

Shu payt bolasini izlab yurgan Muhlisa Azimboyeva ko‘chadan turib «Zohid» deb chaqiradi. Bir oz vaqt o‘tib ichidagi hovurini bosib olgan Zohid hech narsa bo‘lmagandek chiqib keladi. Ayol undan «Chaqirsam chiqmadingiz? Oybekni ko‘rmadingizmi?» — deb so‘raydi. Qotil unga: «Uxlab qolibman, chaqirganingizni eshitmabman», deydi. Ayol ketganidan so‘ng Zohid uyga qaytib bolakayning jasadini chiqindilarni tashlash uchun mo‘ljallangan o‘raga ko‘mib yuboradi.

Oradan uch kun o‘tib Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan jinoyatchi qo‘lga olinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring