Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oroldagi haqiqiy Robinzon

Oroldagi haqiqiy Robinzon

Aleksandr echki terisidan mix yordamida o‘ziga ajoyib libos tikib oladi.

Foto: Mir Priklyucheniy

«Robinzon Kruzoning hayoti va ajoyib sarguzashtlari» kitobini ko‘pchiligimiz o‘qiganmiz, shu asar asosida ishlangan filmni zavq bilan tomosha ham qilganmiz. Bundan uch asr oldin kimsasiz orolda Robinzondanda murakkab vaziyatga tushib qolgan dengizchi haqida ko‘pchiligimiz bilmasak kerak. Daniyel Defoning bu asari syujetiga qahramonlik qilgan jasur dengizchi Aleksandr Selkirkning sarguzashtlari Robinzon Kruzonikidan ham qiziqroq va eng muhimi, har qanday ijodiy mubolag‘alardan yiroq, hayotiydir.

XVIII asr boshlaridagi London bitmas-tuganmas boylik, o‘ta qashshoqlik, har kuni olamshumul zafarlar va fojealar bo‘lib o‘tadigan, yuqumli kasalliklar aholini ayovsiz qirayotgan shahar edi. Dengiz qaroqchilari asri bo‘lgan bu davrda dunyo okeanlarida o‘lja ilinjida kezib yurgan qaroqchilar kemalari har qachongidan ham ko‘p bo‘lib, Ispaniya va Fransiya bilan urush olib borayotgan Angliya hukumatining o‘zi bu kemalarga xayrixohlik qilardi.

Robinzon Kruzoning prototipi bo‘lgan Aleksandr Selkirk 1676-yili Shotlandiyaning Shimoliy dengiz bo‘yidagi Largo shaharchasida, etikdo‘z oilasida tug‘ildi. Otasi uning o‘z kasbini davom ettirishini istar, lekin Aleksandrga uylari yaqinidagi «Qizil sher» qovoqxonasiga tashrif buyuradigan dengizchilar ko‘proq yoqardi. Ularning aksariyati lofdan iborat turli mamlakatlar va yovvoyi odamlar haqidagi hikoyalari bolada shu darajada kuchli taassurot qoldirardiki 15 yoshidayoq Aleksandr albatta dengizchi bo‘lishni maqsad qilgandi. 18 yoshida u uyidan ketadi va baxtini izlab duch kelgan kema bilan dengizga ravona bo‘ladi. Aynan shundan keyin uning hayotida omadsizliklar boshlanadi, lekin har safar o‘ta mushkul vaziyatga tushsa-da, nimadir bo‘lib omon qolaverardi. U suzayotgan kema fransuz qaroqchilarining hujumiga duch keladi va yosh dengizchini asirga olishadi hamda qul qilib sotib yuborishadi. Asirlikdan qochishga muvaffaq bo‘lgan Aleksandr Londonga qaytadi. Birinchi sayohatidagi omadsizlik uni niyatidan qaytara olmaydi. U yana sakkiz yil turli kemalarda dunyo kezadi va qulog‘ida sirg‘a, qo‘lida tillo uzuk, cho‘ntagi to‘la pul bilan uyiga qaytib keladi. Lekin endi tinch hayot uni qiziqtirmas, sarguzashtlarga to‘la dengiz uni o‘z bag‘riga chorlayverardi.

1703-yilda mashhur qaroqchi Uilyam Damper kapitanligidagi uch kema ispan oltinlarini ko‘zlab shimolga yo‘l oladi. Aleksandr yollangan bu kemalardan biri — «Sentpor»ning kapitani yo‘lda vafot etadi va uning o‘rniga yosh ingliz jentlmeni Tomas Stredling kapitan etib tayinlanadi. O‘zi tengi yigitning kemani boshqarishi shu kemaga shturmanlik qilayotgan Aleksandrga hech yoqmas, imkon tug‘ilganda lavozimiga noloyiqligini pisanda qilib kapitan bilan g‘ijillashaverardi. Kemalar Tinch okeaniga chiqqanida «Sentpor» karvondan ajralib, Janubiy Amerika sari yo‘l oladi. Asta-sekin kemada ahvol og‘irlasha boshlaydi. Deyarli bir yil suzsalar-da, tuzukroq o‘ljani qo‘lga kirita olmaydilar. Dengizchilar ofati bo‘lgan singa kasalligi ekipajni bitta-bitta qira boshlaydi. Oziq-ovqat, ichimlik suvi tugayotgan, birdan-bir umid Chili yaqinidagi Xuan Fernandes arxipelagiga yetib olish edi. Bu paytga kelib Aleksandr Selkirk va kapitan o‘rtasidagi tortishuvlar ochiqdan-ochiq yovlashishgacha yetadi. Aleksandr tezlik bilan qirg‘oqqa yetib borib, qurtlar yeb bitirgan kema korpusini ta’mirlamasalar cho‘kib ketishlarini aytib do‘q urar, kapitan uni eshitishni ham istamasdi. Noroziliklar g‘alayonga aylana borayotganidan xavfsiragan kapitan Stredling Selkirkni bog‘lab tryumga tashlashni buyuradi.

1704-yilda «Sentpor» abgor holatda Xuan Fernandes arxipelagiga tarkibidagi Mas-a-Terra oroliga yetib keladi. Bu paytga kelib 90 kishilik ekipajdan faqat 42 nafari omon qolgandi. Aleksandr o‘zini orolda qoldirishlarini talab qiladi, u dengizchilar ichida o‘ziga tarafdorlar chiqishiga umid qilgan, lekin qattiq adashgandi. Kapitan unga miltiq, ozgina porox, asboblar, ikki kunlik ovqat va Injil kitobini berib orolga tushiradi hamda kemani ortga buradi. Kimsasiz orolda yolg‘iz qolishning dahshatini shu ondayoq his qilgan Selkirk uzr so‘rab o‘zini bortga olishlarini aytib shuncha yolvorsa-da, Stredling fikridan qaytmaydi va uni tashlab ketadi.

Endi uzrning foydasi yo‘q edi...

 

Qirg‘oqda faryod urayotgan Aleksandr nomini tarixga kirgizadigan kimsasiz orolda butkul yolg‘iz qolgandi. Oldinroqqa ketib aytish mumkinki, uni tashlab ketgan kema tez orada halokatga uchragani, ekipaj dengizga g‘arq bo‘lganidan xabar topganida Selkirk orolda qolgani uchun shukronalar aytgan bo‘larmidi?

Lekin bundan bexabar Aleksandr yig‘lay-yig‘lay ilojsizligini his qiladi va tirik qolish choralarini ko‘radi. Yeguliklarining tugashi, noma’lum xavf-xatarlar uni harakat qilishga undaydi. Orolni kezib chiqqan Aleksandr uning o‘simliklarga juda boy ekanligini, eng muhimi, chuchuk suv borligini aniqlaydi. Qirg‘oqdagi issiq qumlarda toshbaqalar tuxum qo‘yar, Aleksandr ularni yig‘ib olib pishirib yerdi. Ayniqsa, dengiz ustritsalari juda totli edi. Orolda yovvoyi echkilar gala-gala bo‘lib o‘tlab yurishardi. Dastlabki oylarda qattiq tushkunlikka tushgan Aleksandrning qo‘li hech ishga bormadi. U duch kelgan joyda yotib yurar, topganini yerdi. Keyinchalik hikoya qilishicha, yolg‘izlikka ko‘nikkunicha bir yildan ortiq muddat o‘tib ketadi.

Aleksandrga qoldirilgan o‘q-dori va yarim kilo porox ko‘pga yetmasdi. U o‘qlarni echkilarni ovlashga, poroxni olov yoqishga sarfladi. Porox tugaganidan so‘ng Aleksandr chaqin yordamida olov yoqishni o‘rgandi, echkilarni esa qopqonda tuta boshladi. Selkirk qulay joydan o‘ziga kulba qurib oldi. Yegulik va boshpana muammosi hal bo‘lgach, u oroldagi eng baland cho‘qqiga chiqib olib soatlab ummonga tikilib o‘tirardi. Aleksandr orolga tez kunda qandaydir kema albatta kelishiga umid qilar, oylar o‘tib orzusi sarobga aylanayotganini sezgan sayin dengizni va taqdirni lan’atlardi.

Asta-sekin kiyimlari titilib ado bo‘ldi. Shunda etikdo‘z farzandi ekanligi asqotdi va echki terisidan mix yordamida o‘ziga ajoyib libos tikib oldi. Nayza otishni o‘rgandi, yasagan kamoni parranda ovlashda juda qo‘l keldi. Oroldagi o‘simliklar ichida qora murch va karam topib iste’mol qila boshladi. Yolg‘izlikni yengish, qolaversa, gapirishni unutib qo‘yishning oldini olish maqsadida u Injil kitobini qayta-qayta o‘qir, hayvonlar va hatto buyumlar bilan o‘zicha gaplashardi. Kechalari dengiz tomondan keladigan vahimali ovozlardan qo‘rqib ancha vaqt uxlolmay yurdi. Keyinchalik bunga ham ko‘nikib ketdi, qolaversa, bu tovushlarni chiqarayotgan dengiz arslonlarining anchayin beozor jonivorlar ekanligini aniqlab oldi.

Oylar, yillar o‘tar, ummondan kema shaklidagi najotni kutish sarobga aylana borgani sayin Aleksandr ham kimsasiz orolga moslashib borardi. Dengizchi endi soqoli ko‘ksiga tushgan, echki terisidan bo‘lgan kiyimlari baquvvat maymunni eslatadigan haqiqiy yovvoyiga aylangandi.

Kunlarning birida echkini ta’qib etayotgan Aleksandr ustiga shox-shabba yopilgan chohga qulab tushadi. Miya chayqalishi, jarohatlardan ezilib chohda uch kun och nahor yotadi. Bir amallab xalos bo‘lganidan so‘ng Selkirk bir necha kun ovga chiqolmaydi va qiyin vaziyatlar uchun zaxira tayyorlab qo‘yishi kerakligini anglab yetadi. Shundan so‘ng kulbasidan nariroqda yana bir boshpana quradi va u yerga oziq-ovqat g‘amlay boshlaydi. Lekin orolga kemalardan tushib qolgan, keyinchalik juda ko‘payib ketgan kalamushlar uning zaxirasini tashib bezor qilishadi va Aleksandr qiyinchilik bilan yovvoyi mushuklarni qo‘lga o‘rgatdi hamda kalamushlarga qiron keltiradi.

Yillar o‘taverdi. Aleksandr chiziqlar yordamida belgilab ketayotgan taqvim ham kengayib boraverdi. 1707-yili cho‘qqi ustida okeanga tikilib o‘tirganida nogahon ufqda yelkanlar ko‘rindi. Yuragi hapriqib ketgan Aleksandr bor ovozda baqirganicha ko‘zida yosh bilan qirg‘oqqa qarab chopdi. Lekin to‘rt yil kuttirib ushalayotgan orzu ajal shakliga kirgan armonga aylandi. Bu ispan kemasi edi! Ispanlar qo‘liga tushish orolda butun umrga qolishdanda dahshatliroqligini hali unutmagan Aleksandr orol ichkarisiga qarab qochdi. G‘alati odamni ko‘rishgan, lekin orolni titib uni topolmagan ispanlar suv bilan birga uning barcha zaxiralarini olishdi, kamiga uning kulbalarini buzib ummonda suzib ketishdi. Qayg‘uga botgan Aleksandr boshpanasini qaytadan tikladi va yana taqdirga tan berib yashay boshladi.

Okeanda jon asari ko‘ringuncha yana ikki yil o‘tib ketdi. 1709-yilning 31-yanvarida to‘lqinlar ortida ikki kema ko‘rindi. Ulardagi Angliya bayrog‘ini ko‘rgan Selkirk terisi ichiga sig‘may oldindan tayyorlab qo‘ygan o‘tinlariga cho‘g‘ qalab katta gulxan yoqdi va qirg‘oqqa chiqib bor ovozda baqira boshladi. Langar tashlab, qirg‘oqqa qayiqda suzib kelgan dengizchilar inglizchani yarim-yorti gapiradigan bu yovvoyini ko‘rib hayron bo‘lishar, Aleksandr esa ularni quchib olganicha dod solib yig‘lardi. Kelganlar «Dyuk» va «Kaches» yelkanli kemalarining dengizchilari edilar. 

«Dyuk»ning kapitani Vuds Rojers Aleksandr eslaydigan qaroqchi Uilyam Damperni yaxshi bilardi. Kemaga chiqib olgan bo‘lsa-da, Selkirkka Londonni ko‘rish yana deyarli uch yil nasib qilmadi. Yurtiga yetib borgunicha u o‘ttiz uch oy davomida yetti dengizni suzib o‘tib, deyarli butun dunyoni aylanib chiqdi. 1711 yilning 14-oktyabrida Aleksandr Selkirk o‘ljaga olingan «Inkriz» kemasining kapitani sifatida Angliyaga qaytib keldi. Uning kimsasiz orolda boshidan kechirganlari ommada katta qiziqish uyg‘otdi va Aleksandr juda mashhur bo‘lib ketdi. Selkirkni zodagonlar davralariga taklif qila boshladilar. Lekin oroldagi hayot ta’siri kamlik qilgandek, aslida ham tabiatan qo‘rs va kamgap bo‘lgan Aleksandr ko‘p o‘tmay e’tibordan qoldi. Holbuki, sarguzashtlaridan ustalik bilan foydalanish uchun so‘zamollik va odob uni o‘z davrining yuqori tabaqasiga olib chiqishi mumkin edi. Lekin Selkirk ichkilik va janjallarga o‘ralashib qoldi.

Daniyel Defo bu paytda bir necha kitoblar chiqargan, lekin birorta asari tilga tushmagan kambag‘al yozuvchi edi. Shunday bo‘lsa-da, u o‘z baxt qushini tuta bildi. Selkirk haqida eshitishi hamon Defo dengizchi bilan uchrashishga oshiqdi.

1717-yili Aleksandr yana dengizga ravona bo‘ldi. Daniyel Defo esa o‘zining eng mashhur romanini yozishga kirishdi. «Robinzon Kruzoning hayoti va ajoyib sarguzashtlari» kitobi unga uzoq kutilgan shon-shuhrat va boylikni olib keldi. 1719-yilning aprelida chop etilgan kitob butun dunyo bo‘ylab millionlab nusxalarda chop etildi va oradan uch asr o‘tgan bo‘lsa-da uch yuzdan ortiq tillarda hali-hanuz chop etilmoqda. Bu asarda Defo mubolag‘aga yo‘l qo‘ygan — Robinzon orolda yolg‘iz emas, Jumaboy bilan birga tasvirlangan. Aleksandr Selkirk esa orolda yakka-yolg‘iz umr kechirgan. Asardagi Robinzon Kruzo keksa yoshlarga yetib baxtli odam sifatida qalamga olingan bo‘lsa, Aleksandr hayotda omadsizligicha qoladi. U 1721 yilning 13 dekabrida, 45 yoshida kema bortida kasallikdan nobud bo‘ladi va odatga ko‘ra dengizga dafn etiladi. Ta’kidlash joizki, yozuvchi Daniyel Defo ham o‘z baxtini tutib qololmaydi. Kitob chop etilganidan so‘ng o‘n yilcha vaqt o‘tib u yana qashshoqlikka yuz tutadi va qarz berganlardan qocha-qocha 71-yoshida xo‘rlikda vafot etadi. Zamondoshlari uni Londonda dafn etishadi.

Garchi biz tilga olgan har ikki inson hayotlik chog‘larida ro‘shnolik ko‘rmagan bo‘lsalar-da, tarixga o‘z nomlarini zarhal harflar bilan yozib qo‘yishga muvaffaq bo‘lganlar.

Aleksandrning kulbasi hozirgi kunda qayta tiklangan.

 

Aleksandr Selkirk yashagan Mas-a-Terra oroliga Defoning qahramoniga hurmat sifatida «Robinzon Kruzo» nomi berilgan. Unga eng yaqin bo‘lgan orol dengizchi sharafiga «Aleksandr Selkirk» deb nomlangan. Bu orollar hozirda sayyohlarning sevimli maskani hisoblanadi.

Abror Zohidov

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring