Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ortiqxo‘jayevning qarori Oliy sudda bekor bo‘ldi

Ortiqxo‘jayevning qarori Oliy sudda bekor bo‘ldi

Illyustrativ foto

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning ko‘p munozara va tortishuvlarga sabab bo‘lgan qarori baribir bekor qilindi.

Gap shundaki, poytaxt rahbari ikki yarim yil avval «Building and Supplies» MChJga ko‘p qavatli turar-joy qurish uchun Yakkasaroy tumani «Yunus Rajabiy» mahallasidan 0,50 gektar yer maydoni ajratish haqida qaror chiqargandi. Hokim qarori bilan ajratilgan yer maydoni bir emas, to‘rtta ko‘p qavatli uylar oralig‘ida ediki, bu hol shu yerda istiqomat qiluvchi aholining haqli noroziligiga sabab bo‘ldi.

Biroq aholining e’tiroziga birov quloq solgani yo‘q: murojaatlarning natijasi «0» (nol)ga teng bo‘laverdi...

Shundan so‘ng mahallaning faol fuqarolari Chilonzor tuman ma’muriy sudiga bosh urib bordilar: hokimning qarorini haqiqiy emas, deb topishini so‘rab. Biroq sud ularning arizasini rad etdi (11.12.2019-y.): hokimning qarori — qonuniy, bekorlarni aytishibsan, deganday go‘yo...

Toshkent shahar ma’muriy sudi ham tuman sudi qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi (27.01.2020-y): balli, kollegiya!

Ikki bor suddan tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib qaytgan arizachilar bu gal Bosh prokuraturaga murojaat qildi. Ularning murojaati mahkamaning ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash boshqarmasida jiddiy ko‘rib chiqildi.

Qaraldiki, murojaat asossiz emas. 

Nega?

Boshqarma boshlig‘i Dilshod Ahmedovning «Xabar.uz»ga tushuntirishicha, yer maydoni ajratish haqida yuqoridagi qaror chiqqan paytda Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahrida shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq «Toshkent shahrida yer uchastkalari berish amaliyotini o‘rganish bo‘yicha komissiya tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori amalda bo‘lgan. Xususan, unda Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan komissiyaning qarorisiz Toshkent shahar hokimiyatiga yer uchastkalari ajratish taqiqlanadi. Shahar hokimligi ayni shu talabga rioya etmagan, bu — bir. Ikkinchidan, «Building and Supplies» MChJ hokimning qarori chiqishi hamono qurilish ishlarini boshlash uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, tashkilotlarga kelishish uchun yuborgan. Bunga «ToshkentboshplanLITI» DUK rad javobi bergan! Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmatining xulosasi-ku umuman olinmagan?!

Yana bir muhim holat. O‘zbekiston Respublikasi Shaharsozlik norma va qoidalariga ko‘ra ko‘p qavatli uylar oralig‘iga (bolalar o‘yin maydonchalari, kiyim-kechak quritish maydonchalari, avtomobillarning vaqtinchalik to‘xtash joylaridan tashqari) har qanday boshqa maqsadli ob’yektlarni joylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. «Building and Supplies» MChJga  ajratilgan yer maydoni esa bir emas, to‘rtta «dom»ning oralig‘ida joylashgan bo‘lib, yana deng, bu yerga ko‘p qavatli uylar qurishga ruxsat etimoqda.

Bunday holatda shahar hokimining qarorini qonuniy deb bo‘lmaydi. Sud esa qonunsizlik «mana man» deb turgan nuqtalarga umuman e’tibor bermaganiga nima deysiz?!

Shu tariqa sud qarorlariga nisbatan nazorat tartibida protest kiritildi.

...Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova imzolagan protest Oliy sud ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rilib, quyi instansiya sudi qarorlari bekor qilindi. Shu barobarida sudlov hay’ati yangi qaror qabul qildiki, unga ko‘ra, Toshkent shahar hokimining «Building and Supplies» MChJga ko‘p qavatli uy-joy qurish uchun yer ajratish to‘g‘risidagi qarori haqiqiy emas, deb topildi.

Bu — kim-kim, poytaxt hokimining «panjasiga panja urishga» jur’at etgan fuqarolarning huquqlari tiklanganini anglatadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring