Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘sha kun kim mast edi? (feleton)

O‘sha kun kim mast edi? (feleton)

Illyustrativ surat

Xonanda Bahodir Mamajonday mardi kam. Hofiz hech qachon aybidan tonmagan jo‘mardday tuyuladi menga. Mashhur qo‘shiqlaridan biri bunga dalil: «O‘sha kun men ma-ast edim, men ma-ast edim...». Otvolgan odam qachon aybini tan olgan, a? Balli. Hofizimizning birovdan qo‘rqadigan joyi yo‘q. Borini to‘kib solyaptiki, bundan ko‘plar — birinchi navbatda Toshkent shahar IIBB YHXB yo‘l-patrul xizmati inspektori Tursunboy Yunusov va haydovchi Sayfullo Sanayev o‘rnak olishi kerak!

Nega?

Gap shundaki, shu yilning 18-noyabr kuni YPX inspektori  T.Yunusov fuqaro Sayfullo Sanayevni mast holda avtomobil boshqarganlikda ayblab, bayonnoma tuzadi va darhol ulov — «Matiz»ni jarima maydonchasiga tiqib qo‘yadi. O‘sha kuni haydovchi rostdan ham «otvolganmidi» yoki mast odamga o‘xshab ko‘ringanmi, shuningdek u harakatlanib ketayotgan paytda qo‘lga tushgandimi yoxud yo‘l chetida harakatsiz turganidami — bular alohida, jiddiy surishtiruv talab qiladigan jarayon. Biroq fakt shuki, bayonnoma tuzildi, ish sudga oshirildi...

Hamma mashmasha shundan keyin boshlandi deng. Sudga S.Sanayev emas, mutlaqo notanish-begona Bobur Abdurahmonov degan fuqaro chaqirildi! Qanday? Ma’lum bo‘lishicha, inspektor S.Sanayevni ushlagan-u ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishni mutlaqo begona shaxs — Bobur Abdurahmonov nomiga rasmiylashtiribdi?! Eng qizig‘i, ish hujjatlariga Abdurahmonovning haydovchilik guvohnomasi tirkalgan bo‘lib, u (Abdurahmonov) bu «prava»sini yo‘qotib, topilishiga umid qolmagach, allaqachon yangisini olib ulgurgan ekan?

Birovning yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasi inspektorning qo‘liga qanday tushib qolgani va u yuridik kuchini yo‘qotgan hujjat asosida qanday qilib ma’muriy ish yasagan — bu endi katta jumboq!

Inspektor haydovchini o‘ziniki qolib, o‘zganing «pravasi»ni berganlikda ayblayapti? Haydovchi esa buni zo‘r berib inkor etayotir. Har ikkisining gapini mantiq tarozisiga qo‘ysak, haydovchi turgan palla og‘irroq kelishi tabiiy. Xo‘p, Sanayev birovning haydovchilik guvohnomasini  bergan ham deylik. Inspektor hujjatga qaramadimikan? «Prava»da egasining surati yopishtirib qo‘yiladi, axir?!

Odamga odamga o‘xshaydi-ku, deysizmi? Balli, bu gapga ham qo‘shildik. «Matiz» Sanayevning rafiqasi nomida. Baski, Aburahmonov Sanayevga ikki tomchidek o‘xshagan taqdirda ham familiyalar boshqa-boshqa-ku? Nahot, hujjatlarni ko‘zdan kechirish chog‘ida ishonchnoma, sug‘urta qog‘ozi qani, degan savol tug‘ilmadi inspektorda? YPX inspektorining haydovchilar beradigan savoli ma’lum: «Prava qani?», «Ishonchnoma-chi?», «Sug‘urtani ko‘rsating» va... «Ichmaganmisiz?». Bo‘ldi. Muloqot shu savollar tevaragida bo‘ladi, xolos. Shunday ekan, haydovchilik guvohnomasiga tuzukroq razm solmay, ishonchnoma bor-yo‘qligini surishtirmay, sug‘urta qog‘ozi haqida qiziqmay Eshmatni ichganlikda aylab, Toshmatga nisbatan hujjat rasmiylashtirish... tasavvurga sig‘adimi?

Shu o‘rinda Sanayevga ham savol yo‘q emas: bayonnomani imzolaganmidi? Ha! O‘qib chiqib, keyin qo‘l qo‘yilganmi? «Yo‘q»! Albatta, «yo‘q» deyish oson, biroq buni isbotlash qiyin. Negaki, aksariyat inspektorlar bayonnoma tuzish chog‘ida hujjatni chala-chulpa to‘ldirib, haydovchiga imzo qo‘ydirvolish payida bo‘ladi. Imzo naqd ekan, bayonnomani keyinroq, xotirja-am to‘ldirish mumkin-da. O‘sha paytda ilhom xuruj qilsa bormi, haydovchini urdi Xudo: sodir etgan qoidabuzarligidanam ko‘ra og‘irroq «narusheniye»ga mustahiq etilishi hech gapmas. Hujjatda imzosi bor ekan, ming chiranmasin,  foydasi yo‘q!..

Xullas, masalaning atalasi chiqibdi: YPX inspektori haydovchini mastlikda ayblaydi, biroq hujjatlarda «aybdor» boshqa odam bo‘lib chiqdi. O‘z navbatida haydovchi bo‘sh kelishni xohlamaydi: men emas, inspektorning o‘zi mast bo‘lsa kerak, yo‘qsa, yetti yot begonaga nisbatan hujjat rasmiylashtirarmidi, deb?

Kim nima demasin,  bir narsa aniq:  bunday jumboqli holat yuzaga kelishiga sog‘ odam sababchi bo‘lmaydi, to‘g‘rimi?

...Tomonlarni Bahodir hofizdan o‘rnak olishga chaqirish oson, albatta. Xonanda ishq azobidan oh chekib nola qiladi-da qo‘shiqda. Ayni paytda qahramonlarimizning ko‘ngliga ishq-muhabbat sig‘armidi?! O‘rtada ma’muriy va qattiq intizomiy jazo ehtimoli ko‘ndalang turar ekan, tomonlar bunaqa qo‘shiq tinglab, undan o‘rnak olish uyoqda tursin, zo‘r berib kuylayotgan hofizning boshiga tori bilan boplab tushirishi mumkin: «O‘chir-ye, ovozingni!». Yaxshisi inspektor va haydovchini o‘z holiga qo‘yib, xonandaga yuzlanamiz: «Hofiz, «O‘sha kun men ma-ast edim»ning ikkinchi qismini yozsangiz qanday bo‘larkin, uning nomi «O‘sha kun kim ma-ast edi» deya atalsa, nur ustiga a’lo nur! Vaqt serob, mana, bir oydirki, shugina masala Gorbachyovning ma’ruzasidek cho‘zilib yotibdi, oydinlik kirganicha yo‘q. Shuncha paytdan beri Sanayevning xotini nomida bo‘lgan «Matiz» qor-yomg‘ir ostida jarima maydonchasida yotibdi. O‘tayotgan har kun  mashina sohibasining cho‘ntagiga zarba bermoqda. Mutasaddilar mashinani «bandi»likdan ozod etishga shoshilayotgani yo‘q: xuddiki «Matiz» o‘sha kun kim ma-ast ekaniga guvohlik berib qoladiganday go‘yo...

Hotam Tamtam

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring