Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ota-onasi hayot yetimlar. Nega hanuzgacha internat muassasalarida tarbiyalanayotgan bolalar soni ko‘p?

Ota-onasi hayot yetimlar. Nega hanuzgacha internat muassasalarida tarbiyalanayotgan bolalar soni ko‘p?

2018-yil 30-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Xalq ta’limi vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» Markazi, Respublika bolalarning ijtimoiy moslashuvi markazi va O‘zbekiston SOS mahallalari yaqin hamkorlikda O‘zbekistonda bolalarni parvarishlash tizimini yanada isloh qilishga oid kengash o‘tkazdi.

Foto: «Xabar.uz»

Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya zo‘ravonlik, beshafqat muomala va mensimaslikdan xoli bo‘lgan himoyalovchi, mehr beruvchi va maqbul oilaviy sharoit har bir bola uchun eng yaxshi muhit ekanligini nazarda tutadi. Afsuski, butun dunyoda, shu jumladan O‘zbekistonda, ayrim bolalar ota-onalar qaramog‘idan mahrum bo‘lib, davlat muassasalariga tushib qoladilar. Bunday muassasalar ko‘pincha yaxshi niyatlar bilan yaratiladi va bu bolalarni parvarishlashning eng yaxshi usuli ekanligi nazarda tutiladi. Lekin mavjud ma’lumotlar bu kabi muassasalar bolalar eson-omonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan dalolat bermoqda.

Foto: «Xabar.uz»

UNICEFning global tadqiqotlari G‘arbiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida hanuzgacha internat muassasalarida tarbiyalanayotgan bolalarning eng yuqori darajasi kuzatilishini ko‘rsatmoqda (har bir 100 000 bolaning 666 nafari internat muassasalarida yashaydi) – bu ko‘rsatkich dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan besh baravar yuqoridir (dunyoda o‘rtacha 100 000 bolaga 120 nafar to‘g‘ri keladi).

2015 yildagi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda qariyb 20 000 bola har xil turdagi muassasalarda yashayotganligi aniqlangan. Bu har bir 100 000 nafar bolalardan 200 nafari internat muassasalarida yashayotganligidan dalolat beradi. Ularning 75 foizi nogiron bolalardir.

O‘zbekistonda internat turidagi muassasalarda yashaydigan bolalarning aksariyati aslida yetim emas, chunki ularning ota-onalaridan biri yoki ikkalasi ham hayot. Ko‘p holatlarda bolalar internat muassasalariga ijtimoiy, huquqiy yoki moliyaviy muammolar oqibatida hamda oilani qo‘llab-quvvatlash xizmatlaridan, shu jumladan nogiron bolalari mavjud bo‘lgan oilalar uchun mo‘ljallangan xizmatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘lmasligi sababli joylashtiriladi.

«Biz O‘zbekiston Hukumatining bolalar internat muassasalariga joylashtirilishiga barham berish va muhtoj oilalar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash uchun kuchli mexanizmlarni yaratish hamda ularni zarur xizmatlardan bahramand bo‘lishlari uchun yo‘naltirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholaymiz»

UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann.

«Bolalarni parvarishlashning internat usuli, ularning eng yaxshi manfaatlarini hisobga olgan holda, bolalarni parvarish qilishning barcha boshqa shakllari puxta ko‘rib chiqilgan va ma’qul deb topilmagan holatdagina qo‘llanilishi lozim. Bu holda bolaga vasiylik yoki oilaviy turdagi parvarishlash taqdim etilgan holda joylashtirilishi kerak», – deb qo‘shimcha qildi Sasha Graumann.

2017 yilda O‘zbekiston hukumati va UNICEF islohotlar strategiyasini ishlab chiqish yo‘lidagi dastlabki qadam sifatida, bolalarni himoyalash tizimini baholash tadbirini o‘tkazdilar. Shuningdek UNICEF mamlakat hukumatiga bolalarni himoyalash bo‘yicha turli organlar tahlilini o‘tkazishga ko‘maklashdi.

«Bolalar oila va mahalliy hamjamiyat darajasida parvarishlanishini yaratish vazifasi katta ahamiyatga ega. Bu jarayonda hukumat, mahalliy hokimiyat organlari, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasidagi amaliyotchi mutaxassislar va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining roli aynan oilalar va mahalliy hamjamiyatlarga barcha bolalarni zarur oilaviy turdagi parvarish bilan qamrab olishda yordam ko‘rsatishdan iborat,» – deb e’tirof etdi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev. – «Tarixan O‘zbekiston xalqi ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni oila va mahalla darajasida doimo qo‘llab-quvvatlaydi».

Bolalarga vasiylik qilish bo‘yicha xalqaro ekspert Stella Grigorash Evropa va Markaziy Osiyoda bolalarni parvarishlash tizimlarida islohotlarni amalga oshirishdagi ilg‘or tajribalar taqdimotini o‘tkazdi. Davra suhbati qatnashchilari O‘zbekiston internat turidagi muassasalar sonini qisqartirish va oilalarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini kengaytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarida mamlakat sharoitlariga moslashtirilishi mumkin bo‘lgan vazifalarni muhokama qildilar.

UNICEF bu masalada bolalar ijtimoiy-iqtisodiy sabablar bo‘yicha bunday muassasalarga joylashtirilishiga barham berish; muassasalarga joylashtirishdan ko‘ra oilaviy turdagi sharoitlarda parvarishlashni afzal ko‘rish; to‘g‘ri bilimlar va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan ijtimoiy xodimlar sonini ko‘paytirish; hamda har bir alohida vaziyatni qo‘llab-quvvatlash uchun «individual holatlarni olib borish» yondashuvini rag‘batlantirish kabi bir qator ahamiyatli tavsiyalarini taqdim etdi.

Muhokamalarda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, O‘zbekiston Milliy universiteti va «Mahalla» jamg‘armasining ekspertlari ishtirok etdilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring