Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

OTMga imtihon topshirish uchun to‘lov miqdori qayta ko‘rib chiqilishi mumkin

OTMga imtihon topshirish uchun to‘lov miqdori qayta ko‘rib chiqilishi mumkin

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Adliya vazirligi tomonidan «Qonunchilikdagi yangiliklar» brifingi va matbuot anjumanida o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik saytida xabar berildi.

Unda Hukumat qarori bilan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida atroflicha fikr almashildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kadrlar tayyorlash va bitiruvchilar taqsimotini monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i Inatillo Ne’matov, Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov, Davlat xizmatlari agentligi xodimi Aziz Rajabov bu yil abituriyentlarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda tatbiq etilayotgan yangiliklar, amalga oshirilishi kutilayotgan loyihalar bo‘yicha to‘xtalib o‘tishdi.

– Endilikda oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishda 086-U-shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma talab qilinmaydi, – deydi vazirlikning Kadrlar tayyorlash va bitiruvchilar taqsimotini monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i Inatillo Ne’matov. – Qolaversa, qabul kvotalari sonining ehtiyojdan kelib chiqib belgilanishi rejalashtirilyapti.

Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov ma’lumot berib o‘tdi: «Abituriyentlarni shu paytgacha qiynab kelayotgan masalalardan biri DTM ruxsatnomalarini qay vaqtda olishi edi. Odatda, ushbu ruxsatnomalar imtihon arafasida 31-iyulga qadar (shu kuni ham) tarqatilardi. O‘tgan yil misolida aytadigan bo‘lsak, test sinovlari 15 kun davom etgani sababli abituriyentlarning ushbu ruxsatnoma bilan bog‘liq murojaatlari ko‘p bo‘ldi. Ularning aksari Toshkentga kelib-ketishda ortiqcha ovvoragarchilik va xarajatlarning oldini olish bilan bog‘liq edi, albatta. Biz ham shu maqsadlarni ko‘zlab bu yildan DTM ruxsatnomalarini bevosita Davlat test markazi saytidan foydalanib o‘ziga tegishli ruxsatnomani yuklab olishi mumkin va shu asosda tegishli o‘quv binosiga kirib-chiqishi ta’minlanishini nazarda tutyapmiz».

Shuningdek, matbuot anjumanida Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasida keltirib o‘tilgan yana bir jihat – kirolmay qolgan abituriyentlar ikkinchi yil o‘qishga topshirish uchun eng kam ish haqining 1 barobari (202 ming 730 so‘m) miqdorida to‘lov to‘lashi haqida qizg‘in bahs bordi. Bu borada mutaxassislar tomonidan to‘lov miqdori qayta ko‘rib chiqilishi yuzasidan takliflar ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring