Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

O‘zbek alifbosidagi o‘zgarishlar. Men nima uchun «J»ning ikkita bo‘lishiga qarshiman?

O‘zbek alifbosidagi o‘zgarishlar. Men nima uchun «J»ning ikkita bo‘lishiga qarshiman?

22-oktyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish muammolari» mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada lotin yozuviga asoslangan joriy alifbomizdagi bir necha harflar o‘zgartirilishi bo‘yicha takliflar berildi. Kiritilishi kutilayotgan yangi o‘zgarishlarga ko‘ra:

O‘ (O‘ o‘) — Ŏ ŏ

G‘ (G‘ g‘) — Ğ ğ

Sh (Sh sh) — Ş ş

Ch (Ch ch) — Ç ç shaklida yoziladi, Ng — alifbodan olib tashlanadi va uning talaffuzi o‘qitish jarayonida alohida tushuntiriladi.

«Ch, ch» harf birikmasi o‘rniga «Ç, ç» joriy etilishi munosabati bilan alifboga «S» harfini joriy etish ham taklif etilmoqda va bu harfdan «Jon», «jo‘ja» so‘zidagi «J» harfi o‘rnida foydalanish mo‘ljallanmoqda: «con», «cŏca».

Joriy lotincha alifbodagi «J, j» harfi ham qoladi, undan «jurnal», «jirafa» kabi so‘zlardagi sirg‘aluvchi «J» o‘rnida foydalanish mo‘ljallanmoqda: «jurnal», «jirafa».

Bunday qarorga kelinishiga «Ç» harfini alifboga kiritish uchun qilinayotgani ta’kidlanmoqda. Ya’ni, «S»ni kiritmay turib, uning asosida yasaladigan «Ç»ni alifboga kiritish mantiqsiz, deb hisoblanmoqda. Filolog Shahnoza To‘raxo‘jayeva o‘zining telegramdagi kanalida ushbu mavzu doirasida navbatdagi postini e’lon qildi.

Men nima uchun «J»ning ikkita bo‘lishiga qarshiman?

Axir, «j» (ajdar) va «dj» (jo‘ja) (shartli ravishda shunday belgilab turaylik) tovushlari tilimizda «X» va «H»dan ko‘ra aniqroq farqlanadi-ku. Deyarli barcha shevalarda farqlanadi. Faqat rus emas, sharq tillaridan o‘tgan va asrlar davomida tilimizga singib ketgan «j» tovushi nahotki alohida belgiga loyiq emas?

Loyiqdir, balki. Lekin gap boshqa yoqda. Yozuv tarixiga qarang. Yozuvni o‘zgartirish hamisha katta talafotlar keltirgan. Boburning «Xatti Boburiy» bilan bo‘lgan achchiq tajribalarini eslang. Keyin alifbolar (siyosat) o‘zgarishi ortidan yoqib yuborilgan kitoblarni, juvonmarg ketgan aqlli boshlarni eslang. Alifbo doim din va siyosatning izmidagi narsa bo‘lib kelgani uchun o‘zi ham kuchli bir qurolga aylanib qolgan.

Mayli, tarixda nima bo‘lsa bo‘lgandir. 21-asr ― pragmatiklar asri. Ayniqsa, siyosat yetovida bir necha bor alifbo o‘zgartirgan o‘zbek endi esini yig‘di. Endi alifboni kimgadir yoqish, kimdandir uzoqlashish va yana kimgadir yaqinlashish uchun emas, o‘zi uchun, buguni, kelajagi, bolalari uchun qulay qilish maqsadida almashtirmoqchi!

Men masalaning aynan shunday, siyosatdan tashqarida ko‘rilishini istar edim. Ya’ni alifbo siyosat tufayli emas, ichki ehtiyoj sabab isloh qilinayotganini odamlarga tushuntirish kerak deb o‘ylayman.

Buning uchun nima qilish kerak?

Buning uchun, avvalo, chindan ham alifbo islohida siyosiy motivlardan voz kechish lozim. Agar «J»ni ikkita qilish uchun turkiy dunyo bilan yaqinlashishdan boshqa salmoqliroq sabab bo‘lsa va u sabab shuncha ovoragarchiliklarga arzisa, almashtirish kerak. Lekin birlashtirish, uzoqlashtirishni alifboga yuklamaslik lozim.

Sababi, endi bu ishni alifbo qila olmaydi. Qolaversa, siyosatga qarab o‘zgargan alifbo beqaror alifbo ekan degan xulosamiz bor, afsuski.

Endi masalaning bevosita fonetik jihatiga o‘taylik. O‘sha kuni konferensiyada Nizomiddin Mahmudov domlaga hurmatim ortdi. Chunki domla o‘zgarishlarni imkon qadar siyosiy maydondan tashqarida, aynan men aytayotgan tilshunoslik va funksionallik nuqtai nazaridan baholab, izohlab bordilar. Ayniqsa, «O‘» va «I»ni ham bir nechta qilish takliflari aytilganda. Domlaga rahmat!

«J» esa «O‘» va «I» kabi edi deyarli. Ya’ni, o‘rniga qarab «j» va «dj» deb talaffuz etib ketsa bo‘laveradi, ma’no farqlamaydi («O‘» va «I» dan farqli ravishda), shuncha yillar, asrlar davomida bitta harf bilan ifodalansa-da, tilimizdan yo‘qolib ketmagan.

Shunda «J»ni ikkita qilishga ikki sabab qoldi: «S»ni alifboga qanday qilib bo‘lsa-da kiritish va turkiy dunyo bilan yaqinlashish. «S» ni «Ch» qilib kiritish taklifi bilan birinchi sabab bekor bo‘ldi. Ikkinchisi ― yana o‘sha siyosiy sabab qoldi.

(Aslida men «S»ga diakritik belgi ulab «Ch» qilaveraylik, buning uchun «S»ni alifboga kiritib o‘tirmaylik, dedim. Nazarimda, eng oson yo‘li shu. Sal mantiqsizlik bo‘lsa, tushuntirib yuborsa bo‘ladi).

Yana bir narsa, narigi 4 harfda shunchaki harfga harf almashish bo‘lyapti, uning ishi oson. Bu harf o‘rniga bunisini yozasan deyiladi, tamom. «S» harfi «J» bo‘lib kiradigan bo‘lsa, bu yangi harf qo‘shish, buning ishi og‘irroq. Minglab so‘zlar imlosi o‘zgaradi, imlo va izohli lug‘atlarda qayta tasniflanishlar qilish va ularni qayta chop etish kerak bo‘ladi. Keyin odamlarni ularni sotib olishi, ko‘rib, o‘rganib chiqishi va amal qilishi masalasi bor. 

Bu oldimizda yechilishi lozim bo‘lgan shuncha  muammolar turganda, yo‘q joydan yangi muammo chiqarib, o‘zimizni bekor chalg‘itish deganidir.

Arziydimi shuncha ish shu bir harf uchun? Menimcha, yo‘q.

Qolgani jiddiy sabablar emas.

  • savodsiz bo‘lib qolish (4 ta harf savodga ta’sir qilmaydi, agar tagi savod bo‘lsa);
  • Andicon, Camol, cacci (vaqt o‘tishi bilan o‘rganish mumkin);
  • «X» va «H» kabi chalkashliklar yuzaga kelishi («j» va «dj»ni talaffuzda farqlash «X» va «H»dan osonroq) va hokazo.

Hozir harf islohidan ham muhimrog‘i IMLO QOIDALARI! 20 yildan ortiq vaqt o‘tdi, imlo qoidalarimiz chalkash, sentabr ― sentyabr deya bo‘linib yotibmiz.

Undan ham muhimrog‘i ― umuman o‘zbek tili masalasi. Asli oyog‘ida mahkam turgan tilning imlosi ham mahkam bo‘ladi (mayli, bu daftarni ochmayman hozir).

Alifboni siyosatdan ajratish kerak. Tashqarida 21-asr, janoblar!

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring