Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek dasturchisining Moldova IT-parkidagi taassurotlari

O‘zbek dasturchisining Moldova IT-parkidagi taassurotlari

Foto: «moldovaitpark.md»

O‘zbekistonlik dasturchi Sarvar Nishonboyev Kishinyovda o‘tkazilgan «GameChanger2018» tadbirida ishtirok etib qaytdi va Moldova IT-parkida ham bo‘lib, o‘z taassurotlarini bayon etdi:

«GameChanger2018» tadbiri doirasida Moldova IT-parki xodimi Adrian Servan bilan tanishish va fikr almashish imkoni bo‘ldi. U bizni IT-park faoliyati bilan tanishtirdi va u haqida so‘zlab berdi.

Moldova IT-park bizdagi Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi bilan bir xil vazifani bajaradi. Park Moldova parlamenti tomonidan «IT-parklarni tashkil etish» to‘g‘risidagi 2016-yil 24-aprelda qabul qilingan qonun asosida 2018-yil 1-yanvarda tashkil etilgan. IT-park 2018-yilning 26-martiga qadar 140 rezidentni ro‘yxatdan o‘tkazilgan va bu ko‘rsatkich o‘sib bormoqda. Moldova kichik davlat bo‘lishiga qaramay, IT-park qisqa muddat ichida shuncha rezidentga ega bo‘lgani, albatta katta ko‘rsatkich. Qiyoslash uchun: Moldova aholisi 3,5 mln atrofida va maydoni Buxoro viloyatidan ham kichikroqdir.

IT-parkning asosiy maqsadi

Ushbu park orqali mamlakatda IT va dasturiy mahsulot ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy hamda chet el sarmoyalarini jalb etish maqsad qilingan. Shuningdek, IT-park soliq va biznes boshqaruvi tizimini takomillashtirish orqali oshkora va rag‘batlantiruvchi tizimni joriy qilish yo‘li bilan IT-sanoatini rivojlantirish ko‘zlangan.

IT-park qanday ishlaydi?

Moldova Respublikasi IT-park ma’muriyatini tashkil qildi va unga yuridik shaxs maqomini berdi. Park o‘zini-o‘zi moliyalashtiradi. Park ma’muriyatini hukumat tomonidan 5 yilga tayinlangan Administrator boshqaradi.

Kimlar IT-parkka a’zo bo‘la oladi?

Parkka a’zo bo‘lish uchun yuridik shaxs bo‘lish talab etilmaydi, jismoniy shaxslar ham uning a’zosi bo‘lishi mumkin. Buning uchun Moldova davlatida tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi zarur.

Quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha biznes qilayotgan tadbirkorlar IT-parkka a’zo bo‘lishlari mumkin:

  • Dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish;
  • Kompyuter o‘yinlari yaratish;
  • Axborot texnologiyalarida menejment xizmatlari;
  • Axborotni qayta ishlash, veb-sahifalarni boshqarish xizmatlari;
  • Veb-portal xizmatlari;
  • AKT bo‘yicha maslahat xizmati;
  • ITga oid boshqa xizmatlar.

Parkka a’zo bo‘lganlar quyidagi imkoniyatlarni qo‘lga kiritadi:

Maxsus soliq imtiyozlari. IT-park rezidentlari daromadlarining 7 foizi miqdorida yagona soliq to‘laydi.

Ushbu yagona solik quyidagi to‘lovlarni o‘z ichiga oladi:

  • Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromad solig‘i
  • Ishchilarning maoshidan olinadigan daromad solig‘i
  • Yagona ijtimoiy sug‘urta badallari (ishchilar va ish beruvchilarga)
  • Majburiy tibbiy sug‘urta to‘lovi (ish beruvchi va ishchilar tomonidan)
  • Mahalliy soliqlar
  • Ko‘chmas mulk solig‘i
  • Yo‘llardan foydalanish solig‘i

Bundan tashqari, tadbirkorlar qurilmalar import qilganida bojxona soliqlaridan ozod etiladi.

Soddalashtirilgan hisobot tizimi

Rezidentlar har oyda davlat soliq xizmatiga faqatgina bir marotaba yagona soliq haqida hisobot beradi.

Migratsiya masalasi

IT-parkka a’zo kompaniyalarda ishlamoqchi bo‘lgan IT-mutaxassislar yoki IT-parkka a’zo bo‘lishni istagan chet el kompaniyalari xodimlariga Moldovada ishlash huquqini beruvchi uzoq muddatli viza ham beriladi.

IT-park rezidentlari jismoniy manzilni ko‘rsatishi majburiy emas, va ular mamlakatning istalgan joyida o‘z bizneslarini yuritishlari mumkin.

IT-park rezidentlari majburiy oylik to‘lovlarga ega, bu korxonaning ishchilar soniga bog‘liq. Birinchi yili, to‘lov miqdori qiymati bir ishchi uchun yiliga 22 yevroga to‘g‘ri keladi, 10 yildan so‘ng esa, to‘lov 8 yevroga tushadi.

Moldovada AKT

Hozirda AKT sektori Moldovada eng tez sur’atda rivojlanayotgan sohalardan biridir. Mamlakatning internet tezligi dunyo reytingida eng yuqori o‘rinlarda turadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring