Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda barcha sport turlariga mo‘ljallangan yana bir inshoot quriladi

O‘zbekistonda barcha sport turlariga mo‘ljallangan yana bir inshoot quriladi

19-yanvar kuni Frankfurt shahrida O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev va Zamonaviy beshkurash xalqaro ittifoqi prezidenti doktor Klaus Shormanning tarixiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish masalasi muhokama qilingan uchrashuvda Bahromjon Gaziyev O‘zbekiston zamonaviy beshkurashining holati va istiqbollari haqida batafsil so‘zlab berdi.

Muloqotda ta’kidlanganidek, ko‘p yillardan buyon mamlakatimizda ushbu sport turiga yetarlicha e’tibor berilmagan va shuning uchun rivojlana olmagan edi. Biroq, hozirda vaziyat o‘zgardi.

— O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi va Milliy olimpiya qo‘mitasining birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida qisqa vaqt ichida kuchli murabbiylar va bir nechta iqtidorli sportchi topishga muvaffaq bo‘ldik va Tokio-2020 Olimpiadasida ishtirok etish uchun haqiqiy imkoniyatlar paydo bo‘ldi, — dedi Bahromjon Gaziyev.

Klaus Shormann, o‘z navbatida, O‘zbekiston zamonaviy beshkurashini rivojlantirish va ommalashtirishga yordamlashishga va’da berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston sportchilarini zarur jihozlar bilan ta’minlash va sport majmualari mashg‘ulotlari uchun zamonaviy uskunalar bilan jihozlash masalalari ham muhokama qilindi.

Klaus Shormann mamlakatimizda ushbu sport turini rivojlantirish borasida o‘z tavsiya, takliflarini bergan bo‘lib, ular O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasining kelajakdagi harakatlarini rejalashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mamlakatimizda yaqin vaqt ichida O‘zbekiston zamonaviy beshkurash maktabi ochiladi. Qilichbozlik zali, suzish havzalari, yugurish yo‘laklari, stadionlar, konkur maydoni va o‘q otish uchun mo‘ljallangan maydonlarni o‘z ichiga olgan, xalqaro standartlarga mos zamonaviy sport bazasini qurish rejalashtirilgan. Kelgusida ushbu sport bazasida nafaqat zamonaviy beshkurash, balki boshqa sport turlari bo‘yicha ham xalqaro musobaqalar o‘tkaziladi.

O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi raisi ish rejasidagi navbatdagi qadam Osiyo zamonaviy beshkurash konfederatsiyasi prezidenti janob Sangvo Park bilan uchrashuvdir. Hozirgi vaqtda uchrashuvning aniq sanasi, joyi va vaqtini belgilash bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring