Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonga vizasiz kirish bo‘yicha yangi qaror imzolandi

O‘zbekistonga vizasiz kirish bo‘yicha yangi qaror imzolandi

Foto: «Sputnik»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 4-iyul kuni «O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Unga ko‘ra, 2018-yil 15-iyuldan boshlab:

— xorijiy fuqarolarning kirish vizasini rasmiylashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik idoralariga majburiy murojaat etishlarini bekor qilish;

— xorijiy fuqaroning kirish vizasini olish uchun murojaatini ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish;

— respublikaga kirish uchun ruxsat beruvchi hujjatni rasmiylashtirishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish;

— elektron kirish vizalarining yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish orqali elektron kirish vizasini rasmiylashtirishning markazlashtirilgan tizimini yaratishni nazarda tutuvchi elektron kirish vizalarini rasmiylashtirish va berish tizimi (keyingi o‘rinlarda «E-VISA.UZ» tizimi deb ataladi) joriy etiladi.

Shuningdek, xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasiga kirishi uchun elektron viza rasmiylashtirilganligi va berilganligi uchun konsullik yig‘imi miqdori 20 AQSh dollari etib belgilandi. Tushgan mablag‘lar keyinchalik O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik idoralarini moliyalashtirishga yo‘naltirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining valyuta hisobraqamiga o‘tkaziladi.

«E-VISA.UZ» tizimini yanada joriy qilish doirasida olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, dasturiy ta’minot, ehtiyot qismlar va materiallar belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha bojxona to‘lovlaridan 2021-yil 1-yanvargacha (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinadi.

Bundan tashqari, 2018-yil 15-iyuldan boshlab:

— O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari bo‘linmalariga passajirlar to‘g‘risida oldindan o‘z vaqtida ma’lumot beradigan tashuvchining uchinchi mamlakatga aviabileti mavjud bo‘lgan, ayrim davlatlarning O‘zbekiston Respublikasidan tranzit orqali o‘tadigan fuqarolari uchun — 5 sutkadan ortiq bo‘lmagan muddatda mamlakatning xalqaro aeroportlari o‘tkazish punktlari orqali vizasiz kirish, vaqtincha bo‘lish va O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketish;

— xorijiy pasport yoki biometrik harakatlanish (o‘tish) hujjati bilan qonuniy vakili kuzatuvida bo‘lgan, 16 yoshga to‘lmagan xorijiy fuqarolar uchun — kuzatuvchi shaxsning pasportidagi kirish vizasi muddati amal qilishi davrida, biroq O‘zbekiston Respublikasiga kirgan kundan boshlab 90 kundan ortiq bo‘lmagan davrda, o‘tkazish punktlari orqali vizasiz kirish, vaqtincha bo‘lish va O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketish tartibi belgilanadi.

Shu bilan birga, xorijiy fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan vaqtlarida 16 yoshga to‘lganlarida chiqish vizasi ichki ishlar organlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring