Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonlik general Afg‘onistonning sobiq rahbari qarorgohini zabt etishdagi ishtirokini oshkor etdi

O‘zbekistonlik general Afg‘onistonning sobiq rahbari qarorgohini zabt etishdagi ishtirokini oshkor etdi

Hafizullo Amin

Foto: Real-vin.com

O‘zbekistonlik general Aleksandr Kambarov «Darakchi» gazetasiga bergan intervyusida Sovet armiyasida xizmat qilgan paytida Afg‘onistonning sobiq rahbari Hafizullo Amin qarorgohini zabt etishda ishtirok etganini ma’lum qildi.

«Men maxsus tayinlangan qo‘shinda xizmat qilganman, — deya eslaydi A.Kambarov. — 1979-yili «Musulmon bataloni» deb nom olgan harbiy bo‘linmamiz Afg‘onistonning o‘sha paytdagi rahbari Hafizulloh Amin qarorgohiga hujum qildi. Men o‘shanda rahbariyat tomonidan belgilangan vazifani sidqidildan ado etganman. Keyinchalik buning uchun mukofot ham berishgan.

Tayyorgarlik ishlari Chirchiqda bo‘lib o‘tdi. Batalonimiz 545 kishi — faqat o‘zbek, tojik va turkmanlardan iborat edi. Bizni yopiq rejimda tayyorlashdi va qayta kiyintirib Afg‘onistonga yuborishdi. Biz o‘sha paytlarda ofitser bo‘lsak-da, bizni serjant formasida jo‘natishdi.

Biz aslida kimmiz, qayerga yuborilganmizni rahbariyatdan boshqa hech kim bilmasdi. Hatto o‘zimiz ham qayerga uchayotganimizni bilmasdik, faqat muhim harbiy topshiriqni bajarishimiz lozimligini bilardik, xolos.

Faqat chegarani kesib o‘tganimizda, komandir yonimizga keldi va: «Biz Afg‘onistonga kirib keldik, hozir Bagramga borib joylashamiz!» dedi.

Ko‘p o‘tmay bizni u yerdan Qobulga yuborishdi. Yana tayyorgarlikdan o‘tdik. Batalonimizga kelib qo‘shilgan yangi yigitlar bilan tanishdik.

Qasrga hujum 1979-yil 27-dekabrga mo‘ljallangan edi. Biz batalondan 4 kishini yo‘qotdik...»

Generalning eslashicha, ular o‘sha voqeadan bir oy o‘tib, Afg‘onistonni tark etishgan va boshqa qaytishmagan.

Eslatib o‘tamiz, Hafizullo Amin 1978-1979-yillarda Afg‘oniston Xalq Demokratik partiyasining Markaziy kengashi bosh kotibi va inqilobiy kengash raisi lavozimlarida ishlagan. KPSS Markaziy kengashining maxfiy qaroriga ko‘ra, sobiq ittifoq qurolli kuchlari tomonidan 1979-yil 27-dekabr kuni uning Qobuldagi qarorgohi bosib olingan. Uning qay taxlit o‘ldirilgani haqida turli taxminlar mavjud. Ayrim taxminlarga ko‘ra, Hafizullo Amin hujum paytida o‘z joniga qasd qilgan.

«Pravda» gazetasining 1979-yil-30 dekabrdagi sonida bosilgan xabarga ko‘ra, «Hafizullo Amin xalq qo‘zg‘oloni natijasida qo‘lga olingan va odil sud hukmiga ko‘ra qatl qilingan».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring