Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev — biznesni tark etgani, hobbisi va boshqalar haqida

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev — biznesni tark etgani, hobbisi va boshqalar haqida

Foto: «Sputnik»

O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida Xalqaro press klubning navbatdagi sessiyasida Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev va Toshkent shahrining 11 ta tumani hokimlari bilan jonli muloqot tashkil etildi. Uning so‘zlari «Sputnik O‘zbekiston»da e’lon qilindi. 

Muloqot davomida XPK raisi Sherzod Qudratxo‘jayev Toshkent shahar hokimiga savollar bilan murojaat qildi.

Eslatib o‘tamiz, Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018-yil 26-aprel Toshkent shahar hokimligining navbatdan tashqari 35-sessiyasida Toshkent shahar hokimi lavozimiga tasdiqlangan edi.

Toshkent shahar hokimining ish vaqti nechadan va nimadan boshlanadi?

«Hozirgi kundagi ish vaqtimiz ertalab soat 7.00 dan boshlanadi. Ishni ishdan chiqib ishxonaga kelgunga qadar yo‘lni kuzatishdan boshlayman. Ish vaqti kechasi 12 yoki birlarda tugaydi, vaziyatga qarab. Ishlayapmiz, lekin shu ish vaqti ham kamlik qilayapti», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

«Toshkent shahrining qaysi ko‘chalari sizga ko‘proq yoqadi?» degan savolga u «Amir Temur shohko‘chasi» deya javob berdi.

Biznesdan ketdimi, yo‘qmi?

Hokim bo‘lib tasdiqlangach, O‘zbekistonda mashhur bo‘lgan «Artel», «Imzo» korxonalari muassisi Jahongir Ortiqxo‘jayevning biznesdan ketgan-ketmaganligi masalasi ham bugun ko‘pchilikni qiziqtiradi. Sherzod Qudratxo‘jayevning shu savoliga javoban Jahongir Ortiqxo‘jayev: «Albatta biznesdan chetlandim. Ammo hokimiyatda biznes yuritish niyatim bor», — dedi va «ya’ni hokimiyatni faqat pul ishlatuvchi emas, balki pul topuvchi organga aylantirish niyati bor»ligini ma’lum qildi.

«Bo‘ladigan daromadlarni xalqimizga ishlatish niyatimiz bor, albatta», — deb qo‘shimcha qildi Toshkent hokimi.

«Artel», «Imzo» tenderlarda imtiyozlarga ega bo‘ladimi?

Sobiq tadbirkor o‘zi muassis bo‘lgan korxonalarga kelajakda Toshkent shahrida bo‘ladigan qurilish ishlarida qandaydir imtiyozlar beradimi degan savolga javoban oldin ham bunaqa ishlar bilan shug‘ullanmaganini va bundan keyin ham shug‘ullanmasligini ma’lum qildi.

«Xalqimizning o‘zining ixtiyorida, mahsulotlarimiz sifatli bo‘lsa, raqobatga dosh bera olsa, olishlari mumkin», — dedi u.

Tadbirkor sifatida ishni nimadan boshlagan?

«Artel», «Imzo» singari nozik texnologiyalar asosida ishlaydigan mashhur korxonalariga rahbar bo‘lgunga qadar yo‘lni sartaroshxona shirkatidan boshlaganini ma’lum qildi.

«O‘sha vaqtda kooperativ firmalar ochilgan davlatimizda, men kichikrok sartaroshxona va poyabzal tuzatish ustaxonalari shirkatini ochganman», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Xobbingiz nima degan savolga javoban «Xalqqa xizmat qilish va bir odamga bo‘lsa ham foydam tegishi. Buning uchun qancha mehnat kerak bo‘lsa, shuncha ishlashga tayyorman», — deya ta’kidladi.

O‘z komandasida kimlar bo‘lishini xohlardi?

Ishni yaqinda boshlagan hokim o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishish uchun atrofida qanday insonlarni ko‘rishni istashi to‘g‘risidagi savol ham ko‘pchilikni qiziqtiradi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev bu savolga javoban shunday dedi: «Hokimlarga maslahat beruvchilar ko‘p bo‘lar ekan, bunga ishga kirgach yana bir karra amin bo‘ldim. Men ham maslahat berib, ham o‘sha g‘oyani o‘zi amalga oshiradigan odamlar komandamda bo‘lishini xohlayman».

Hokim etib tayinlangach, ishni nimadan boshlashni lozim topgan?

Jahongir Ortiqxo‘jayev ishni nimadan boshlashni lozim topganidan tashqari Toshkent shahri oldida turgan qator muammolar xususida ham to‘xtalib o‘tdi.

Hokimning so‘zlariga qaraganda, ishni o‘zi ishlayotgan tuzilma bilan tanishishdan boshlagan. «Bu sistema qanday yo‘lga qo‘yilgani bilan tanishib, biznes bilan hokimiyat tizimining umuman boshqachaligini his qildim. Men uchun bu tizim yangi bir hayot, yangi bir ish bo‘ldi», — dedi u.

Muammolar haqida so‘z ochar ekan, O‘zbekiston poytaxtining bosh plani (genplani) yo‘qligini ta’kidlab o‘tdi. «Uzoq va yaqin strategiyasi yo‘q. Ya’ni 10 yildan keyin nima bo‘ladi, besh yildan keyin-chi? Yigirma yildan keyin Toshkentni qanday ko‘ramiz? Bu savollarga javoban aniq strategik reja qilinmagan edi shu paytgacha. Keyin hokimiyat faqat xizmat ko‘rsatuvchi organga aylanib qolgan. Supurish-sidirish, qurilish va boshqa ishlar… Ya’ni o‘zi alohida bir pul topib, pulni ko‘paytirib, u yerda biznesni, ya’ni xususiy korxonalar bilan birgalikda, sherikchilikda ishlashni rivojlantirmagan ekan. Kommunal, yo‘l-transport sohalari eskirib ketganligi diqqatimni tortdi. Bularning barchasini yangidan ko‘tarish kerak», — dedi hokim.

Shuningdek, Jahongir Ortiqxo‘jayev tumanlarning o‘zining markazi yo‘q bo‘lib ketganini aniqlaganini qo‘shimcha qildi. «Hamma e’tibor markazga, tumanlarda esa markaz yo‘q bo‘lib ketgan».

Toshkent hokimi ulgurji bozorlarning shahar ichidan chetga olib chiqilishi haqida ham so‘z ochdi

«Dunyoning hech bir joyida ulgurji bozor bilan savdo rastalari bir joyda emas», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev va bunday nomutanosiblikka barham berishini ma’lum qildi. Hokimning so‘zlariga ko‘ra ulgurji bozorlar kelajakda shahardan 80 km chetroqqa ko‘chirilishi mumkin.

Toshkent rahbari aholining yashash joyiga qarab sport majmualari, bog‘cha, do‘konlar va boshqa ijtimoiy ob’yektlar to‘g‘ri taqsimlanmaganiga e’tibor qaratdi.

«Misol uchun bitta tumanda 200 ming aholiga sport majmualari 10 ta bo‘lsa, boshqa tumanda 300 ming aholiga bunday majmualar soni 3 ta. Ya’ni bu shahardan yoki tumandan bir-biriga qatnashlar orqali tirbandlikni yuzaga keltirishi, kamiga odamlarning sarson bo‘lishi — bunga o‘xshash ko‘plab muammolar bor va bularning barchasini deylik 3 yoki 5 yilda to‘g‘rilasa bo‘ladi, rejalashtirish orqali hal etish mumkin. Bugungi kunda biz hatto 5 oyda to‘g‘rilasa bo‘ladigan muammolarni ko‘rib, o‘rganib chiqayapmiz», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Oxirgi o‘qigan kitobi: Rashid Maktumning «My Vision» («Mening qarashlarim») kitobi.

 Internet hayotining bir bo‘lagi

Ish kabinetida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning portretlari bor.

Jahongir Obidovich Ortiqxo‘jayev 1975-yil 2-yanvarda Toshkentda tug‘ilgan. 1991 — 1996-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tahsil olgan. Mutaxassisligi iqtisodchi. 2015-yili «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan. Toshkent shahar hokimi bo‘lguncha «Artel injiniring» MChJ direktori lavozimida ishlab kelgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring