Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zi talaba. Yana talaba-dasturchilarga 4 million so‘mdan oylik beradi

O‘zi talaba. Yana talaba-dasturchilarga 4 million so‘mdan oylik beradi

Farrux Boltayev.

Foto: «Xabar.uz»

Talaba bo‘lish osonmas, ayniqsa, texnika yo‘nalishida. Texnologiyalar yil, oy sayin o‘zgargani-o‘zgargan, fursat boy berilsa, zamondan orqada qolib ketish hech gap emas. Ammo shunday talabalar ham borki, nafaqat o‘qishini eplaydi, balki bir nechtalab dasturlash tillarini o‘rganib, o‘z kompaniyalariga ham asos solishyapti. Masalan, Farrux Boltayev. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining to‘rtinchi bosqichida tahsil olayotgan suhbatdoshimiz talabalik davri, dasturlash tillarini o‘rganishi va o‘rgatishi haqida so‘zlab berdi.

— Dasturlashni o‘rganish sizga nima berdi?

— Dasturlash tillarini o‘rganganim sari universitetdagi darslarim ham osonlasha boshladi. Sababi,  hamma fan bir-biriga uzviy bog‘liq. Dasturlash mening fikrlashimga va o‘rganishimga katta yordam berdi. Yana shuni aytishim kerakki, dasturlashni yaxshi o‘zlashtirishimga sabab yoshligimdan ingliz tilini yaxshi o‘rganganim bo‘ldi. Chunki dasturlash tillarini o‘rgatadigan 70-80 foiz adabiyot ingliz tilida. Ko‘rdimki, axborot texnologiyalari jadallik bilan o‘sib boryapti. Buni his qilganim sari o‘qishga va izlanishga bo‘lgan «ochko‘zligim» tutib ketar edi. Har kuni 3-4 soatlab elektron kutubxonada o‘tirib dars qilardim. Xullas, ilk talabalik yillarim o‘rganish va izlanishlar ummonida suzish bilan o‘tdi.

— Qaysi dasturlash tillarini o‘rgandingiz?

— Asosan veb-texnologiyalar bo‘yicha dasturlash tillarini o‘rgandim: HTML, CSS, PHP shular jumlasidan.

— Ilk ilmiy ishlanmalaringizni qayerlarda taqdim etgansiz?

— Ilk bor 2015-yil 21-22-may kunlari universitetimizda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-texnik konferensiyada qatnashganman. Bu men uchun  katta qadam bo‘ldi. Sababi, ushbu konferensiya ingliz tilida bo‘ldi va ishlarim men kutgandan ko‘ra yaxshi baholandi. Keyin ham ko‘plab konferensiyalar, seminar-treninglarda ishtirok etdim. Masalan, yaqinda universitetimizda «Yoshlar — yoshlarga» shiori ostida birinchi bosqich talabalari bilan biz — axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan, tajribasi bor yoshlar trening o‘tkazdik. Bunda men dasturlash va biznes bo‘yicha o‘z fikrlarimni o‘rtoqlashdim.

— Hali talaba bo‘lishingizga qaramay o‘z o‘quv markazingiz bor. Qaysi fanlardan dars berasizlar?

— To‘g‘risi, o‘quv markazi ochishdan oldin men IT-firma ochmoqchi edim. Biz uni «Marcos Soft» deb nomladik. Yonimga axborot texnologiyalarini, xususan, dasturlash tillarini yaxshi biladigan tengdoshlarimni yig‘dim. Ishni korxona-tashkilotlarning rasmiy saytlarini yaratishdan boshladik. Bilasiz, hozir ko‘plab tashkilotlarning darvozalariga maxsus ID-card bilan kiriladigan turniketlar qo‘yilmoqda.

Biz ham tashkilotlarga turniket qo‘yib berish xizmatimizni ishga tushirdik. Bir qancha kollejlarga turniket o‘rnatdik, o‘quvchilarning keldi-ketdisi haqida SMS orqali ota-onalarni xabardor qilib turadigan xizmatni joriy etdik.

Bundan faoliyatimiz ancha jonlandi. Ish jarayonida ko‘plab tengqurlarim dasturlashni  o‘rgatishimni so‘ray boshlashdi. Keyin dasturlashni o‘rgatadigan kurs ochish fikri tug‘ildi va shu yilning yoz oylarida bu kurslarni ochdim. Dasturlashni yaxshi biladigan, mehnatkash talabalarni ishga — dars berishga taklif qildim.

O‘zim dasturlashni, tadbirkorlikni o‘rganib, IT-firmamga asos soldim. Hozir 12 xodimim, dasturlashni o‘rganayotgan 70 nafardan ziyod o‘quvchim bor. Veb-saytlar, tizimlar bilan shug‘ullanamiz, yaqindan boshlab milliy o‘yinlar ishlab chiqishga kirishdik. Maqtanish emas-ku, ammo talaba-dasturchilar 4 million so‘mgacha oylik olishyapti.

— Qaysi dasturlash tillarini o‘rgatyapsizlar?

— HTML, CSS, PHP, C++, Java, Android yo‘nalishlarida 70 nafardan oshiq yoshlar dasturlashni o‘rganishyapti. Kurslarimizning qiziqarli jihati shundaki, talabalarga dars mobaynida maxsus loyihalar yuklanadi va ular o‘rganish davomida shu loyihalarni bajarib boradi.

— Kelajak rejalaringiz qanday?

— Rejalarim juda ko‘p. Ba’zida bular haqida o‘ylasam o‘zim ham qo‘rqib ketaman. Ammo, birdan qandaydir katta ishonch paydo bo‘ladi. Chunki yosh tadbirkorlarga, ayniqsa,  AKT sohasida izlanayotganlarga katta imkoniyatlar eshigi ochilmoqda.

Maqsadim — nafaqat yurtimizda, balki dunyoda ham o‘z mavqeiga ega bo‘lgan IT-kompaniyani bunyod etish! AKT sohasida chuqur bilimga ega mutaxassis bo‘lish. Buning uchun bor kuch-g‘ayratimni sarflashga tayyorman. Bizda ham Belarus, Hindiston, Janubiy Koreyadagi kabi dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni shakllantirish uchun barcha sharoitlar yetarli, deb o‘ylayman.

— Farrux, boshlovchi dasturchilarga qanday taklif va tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

— Texnologiyalar olamidagi bilimlarni tinimsiz o‘zlashtirishsin. Eng so‘nggi innovatsion texnologiyalarni ishlatib ko‘rishni kanda qilmasliklari kerak. AKTning yo‘nalishlari juda ko‘p. Aniq bir yo‘nalishni tanlab olsalar yaxshi.

Bir qancha muddat hech nimaga tushunmasliklari mumkin. Ammo, eng muhimi, bu vaqtda ortga chekinmaslik. Ko‘proq kitob o‘qishlarini so‘rardim! Kitoblarda har doim yangi g‘oyalar yashirin bo‘ladi. Internetdan unumli foydalanishni o‘rganishni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Internet — cheksiz bilimlar bazasi. Dasturchi o‘zi qilayotgan ishga mehrini berishi kerak. Muvaffaqiyatga erishish, avvalo, o‘zimizni anglashdan boshlanadi. Men doim atrofimdagilarga shunday deyman: bilim va harakat hammasini o‘zgartiradi!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring