Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zInjiniring» Respublika loyiha institutiga yangi imtiyozlar berildi

«O‘zInjiniring» Respublika loyiha institutiga yangi imtiyozlar berildi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 22-fevral kuni «Iqtisodiyot bazaviy tarmoqlaridagi loyiha ishlarini hamda muhandis-loyihalovchilarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA saytida berilgan.

Ushbu qaror bilan loyiha ishlari sifati va ularni mahalliylashtirish darajasini oshirish, ushbu sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek, «O‘zInjiniring» Respublika loyiha instituti faoliyati yanada takomillashtiriladi.

Xususan, iqtisodiyot bazaviy tarmoqlaridagi loyiha ishlarini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

— loyihalash va loyihani boshqarish sohasida muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, chet el ta’lim muassasalaridan va injiniring kompaniyalaridan yetakchi mutaxassislar va muhandis-loyihalovchilarni o‘quv jarayoniga keng jalb etish;

— Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti, Navoiy davlat konchilik instituti (keyingi o‘rinlarda – ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari) talabalari iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarining korxonalari va loyiha institutlarida (keyingi o‘rinlarda – loyiha institutlari) majburiy stajirovkadan o‘tish amaliyotini joriy etish, shuningdek, ularda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish;

— O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlari doirasidagi loyihalarni amalga oshirishda loyiha ishlarini mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda chet el injiniring kompaniyalari xizmatlari o‘rnini bosqichma-bosqich egallash;

— mamlakatimiz muhandis-loyihalovchilarini va boshqa mutaxassislarni loyihalashning zamonaviy standartlariga amaliy o‘rgatish maqsadida iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarining ob’yektlarida kontraktlar bo‘yicha loyihalash ishlarini amalga oshirayotgan chet el injiniring kompaniyalari tomonidan loyiha institutlarida loyiha guruhlari tashkil etilishini amaliyotga joriy qilish;

— loyiha ishlarini sifatli bajarish uchun loyiha institutlarini zarur zamonaviy tashkiliy texnika va asbob-uskunalar, xorijiy ilmiy-texnik adabiyotlar, jahondagi ixtisoslashtirilgan nashrlar mahsulotlari, shuningdek, ilg‘or dasturiy mahsulotlar bilan jihozlash.

«O‘zInjiniring» Respublika loyiha instituti iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarida loyihalash ishlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi, shuningdek, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari, iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarining korxonalari va loyiha institutlari o‘rtasida yuqori malakali muhandis-loyihalovchilarni tayyorlash masalalari bo‘yicha hamkorlik qiluvchi organ hisoblanadi.

Shuningdek, loyiha institutlariga quyidagilar ruxsat etilsin:

— chet ellik yuqori malakali mutaxassislarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida loyiha ishlarini bajarishga jalb etish va ularga xalqaro amaliyotda qabul qilingan narx va miqdorlarga muvofiq haq belgilash;

— xorijiy tashkilotlar va mutaxassislar bilan ishlaganda har qanday texnik va tijoriy hujjatlar va axborotdan birgalikda foydalanish, bundan davlat sirlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirdan iborat ma’lumotlar mustasno.

«O‘zInjiniring» Respublika loyiha institutining boshqaruv, ishlab chiqarish va texnik xodimlari soni 300 birlikdan iborat yangilangan tuzilmasi ham tasdiqlandi. Institut direktoriga institut shtat jadvalini mustaqil ravishda tasdiqlash va unga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida o‘zgartishlar kiritish hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi rahbari bilan kelishib, zarur hollarda institut xodimlari soni va tuzilmasiga o‘zgartish kiritish huquqi berildi.

Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlari, loyiha institutlari va investitsiyaviy loyihalar buyurtmachilarining buyurtmasiga asosan o‘rnatilgan tartibda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tarkibi va mutaxassislariga, shu jumladan, ular oila a’zolariga kirish vizalarini konsullik yig‘imlarini olmasdan rasmiylashtirish ta’minlanadi (taklif etayotgan tomon to‘laydigan amaliy xarajatlarni qoplashga doir yig‘imlar bundan mustasno).

Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari, loyiha institutlari va investitsiyaviy loyihalar buyurtmachilarining buyurtmalariga asosan yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tarkibi va injiniring kompaniyalari mutaxassislariga, shu jumladan, ular oila a’zolariga davlat bojlarini undirmay o‘rnatilgan tartibda ko‘p martalik vizalar berish va muddatini uzaytirish, shuningdek, vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishni ta’minlaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring